Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Muoz ibn Jabal Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz oʻqir edi. Soʻng qaytib kelib, qavmiga imom oʻtib berardi”.
Baʼzilar “imom kichikroq namozxonada jamoat namozini oʻqib tugatsa, keyin ikkinchi jamoatga yana namoz oʻqib bersa boʻladimi?” degan savolga: “Boʻladi”, deb javob bergan va ushbu hadisni dalil qilib keltirgan. Shunday boʻlsa-da, kishi koʻnglida baribir turli savollar tugʻiladi. Shu sababli ushbu hadisning sharhlarini koʻrib chiqsak.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga Masjidun nabaviyda namoz oʻqir edi. Soʻng oʻz qavmi Banu Salimaga qaytib kelib, oʻsha namozni oʻqib berardi. Bu yerda xufton namozi haqida gap ketmoqda.
Ulamolar Muoz ibn Jabal xufton namozini ikki marta oʻqigani haqida ixtilof qilgan. Chunki, farz ikki marta ado qilinmaydi. Buning dalili Abu Dovudning Sulaymon ibn Yasordan rivoyat qilgan quyidagi hadisidir: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kunda bir namozni ikki marta oʻqimang”, deganlar”. Ehtimol, Muoz ibn Jabalning qilgan ishi islomning ilk davrida avvalida boʻlgandir. Oʻsha kezlari qorilar kam boʻlib, balki qavm orasida Muozning oʻrniga imom oʻtib beradigan odam boʻlmagandir.
Imom Tahoviy “Sharhu maonil osor”da bunday rivoyat qiladi: “Muoz ibn Jabal Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz oʻqir edi. Soʻng oʻz qavmi oldiga qaytib kelib, ularga imom oʻtib berardi”. Ehtimol, oʻsha paytda farzni ikki marta oʻqish muboh boʻlgandir. Islomning ilk davrida shunday qilingan. Bu Nabiy sollallohu alayhi vasallam qaytargunlaricha davom etgan.
Endi “Sahihul Buxoriy”ning mashhur sharhi “Umdatul Qoriy”da ushbu hadisni qanday sharhlanganini oʻrganamiz. Unda bu holatga bir necha xil javob berilgan.
Birinchisi: bu hadisni hujjat qilib keltirish Nabiy sollallohu alayhi vasallam inkor qilmaganlari uchundir. Buning sharti – voqeani toʻliq bilish kerak. Bilmasa ham dalil uchun mumkin.
Ikkinchisi: niyat – faqat niyat qiluvchining darak berishi bilan xabardor boʻlinadigan botiniy ish. Muoz ibn Jabal Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan qiroatning sunnati va namozning hukmlarini oʻrganish uchun naflni niyat qilib namoz oʻqigan boʻlishi mumkin. Soʻng oʻz qavmi oldiga qaytib borib, ularga farz namozini oʻqib bergan boʻlishi mumkin.
“Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ortlarida turib farzning fazilatini tark etishi, keyin qavmi bilan birga oʻqishi mumkin emas. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Namozga takbir aytilgandan soʻng faqat farz namozi oʻqiladi” degan soʻzlarini eshitgandan keyin qanaqasiga bunday qilishi mumkin?! Axir, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga oʻqilgan bitta namoz umr davomida oʻqilgan barcha namozlardan yaxshi emasmi?! Xususan, u zotning masjidida oʻqilgan bitta namoz boshqa masjidlarda oʻqilgan mingta namozdan yaxshiroqdir”, deb aytsangiz, quyidagicha javob beramiz: “Unday boʻlsa, Madinadagi masjidlarning barcha imomlaridan Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga farzni ado qilganlik fazilati oʻtib ketmaydimi? Qavmi bilan birga farzni ado qilish uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ortlarida oʻqilgan nafl namozining fazilati shu holatdagi farz namozini ado qilishning oʻrnida boʻladi. Oʻz qavmiga imom boʻlishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga buysunish chin itoatdir”.
Uchinchisi: Muhallab: “Ehtimol, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning amali qorilar boʻlmagan yo qavm orasida uning oʻrniga imom boʻladigan odam topilmagan paytda sodir boʻlgandir. Oddiy holatlar zarurat holatiga qiyos qilinmaydi”, degan.
Toʻrtinchisi: Ehtimol, Muoz ibn Jabal Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga kunduzning va qavmi bilan kechaning namozini oʻqigandir. Chunki ular ishchilar boʻlib, kunduzgi namozlarda manzilida boʻlmas edi. Roviy Muoz ibn Jabalning ikki vaqtdagi holati haqida xabar bergan, bitta vaqtdagi emas.
Beshinchisi: Albatta, bu hadis mansux (hukmi bekor) boʻlgan.
Hanafiy mazhabi hukmiga koʻra, farz namozini oʻqigan odam xuddi shu namozni oʻqiyotgan qavmga imom boʻla olmaydi. Chunki, ikkinchi marta oʻqilganda farz naflga aylanadi. Nafl oʻqiyotgan farz oʻqiyotganga imom boʻla olmaydi. Bu hadisdagi holat faqat Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oʻzigagina xos. Undan hamma uchun umumiy hukm olib boʻlmaydi. Hadislarning maʼnolarini hammadan koʻra mujtahid imomlar yaxshi bilgan. Shuning uchun hukm olishni ularga topshirish kerak. Yaʼni, bir mazhabni mahkam ushlaymiz va unga ergashamiz.