Vatan – muqaddas makon. Uni yomon koʻzlardan asrash, tinchligi va farovonligi yoʻlida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Muqaddas dinimiz taʼlimotida Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yoʻlida jon bergan kishilarga shahidlik maqomi berilishi aytilgan. Said ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yoʻlida halok boʻlgan kishi shahid maqomidadir”, deganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, bunday kishiga shahidlik martabasi berilishi bejiz emas. Chunki u inson uchun eng aziz boʻlgan narsani himoya qilishga bel bogʻlagan. Aks holda, uning shaʼni va gʻururi toptalar edi. Hadisda sanab oʻtilgan mol, jon, din va oila inson hayotining mazmuni – uning Vatanini ifoda etadi.
Musulmon mutafakkiri, tarixchi olim, oʻz davrida Qohira shahrida shariat oliy qozisi lavozimida ishlagan Ibn Xaldun: “Vatan – bu insonning tugʻilib oʻsgan yeri, uning goʻdaklik chogʻidanoq mehr qoʻygan oʻchogʻidir”, deb taʼriflagan.
Vatan himoyachisi boʻlish eng sharafli burchdir. Kindik qoni toʻkilgan, yoshligi kechgan begʻubor damlarni oʻz ichiga olgan muqaddas Vatanni, shu mustaqil yurtning bir qarich tuprogʻini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash inson uchun goʻyo oʻz oilasi, shaʼni, or-nomusi va imon-eʼtiqodini himoya qilish kabidir. Bu yoʻlda fidoyi inson yuksak maqomga yetishi, ulkan savobga ega boʻlishi haqida koʻplab hadislar mavjud.
Yuqorida aytilganidek, muqaddas dinimizda Vatanni himoya qilish oʻta sharafli burch boʻlib, buning uchun juda katta mukofotlar vaʼda qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechalari Allohdan qoʻrqib yosh toʻkkan koʻzni va Alloh yoʻlida tunlari posbonlik qilib, mijja qoqmagan koʻzni doʻzax otashi kuydirmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Yana bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir kun murobata (Vatanni himoya) qilish dunyo va undagi narsalardan yaxshiroqdir”, deganlar.
Alloh taolo insonni yaratib, uning fitratiga yer, zamin va ona tuproqqa muhabbatni qorishtirdi. Imom Muhammad Gʻazzoliy rahimahulloh aytadi: “Inson oʻz yeriga, garchi u giyoh unmas sahro boʻlsa ham qattiq bogʻlanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat Vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq boʻlganda sogʻinch, hujum boʻlganda himoya va kamsitilganda gʻazab hislarini paydo qiladi”.
Vatanning tuprogʻi yoki obroʻsiga qilingan har qanday fikriy yoki harbiy hujumga qarshi turish muqaddas burch sanaladi. Vatanni sevish va vatanparvarlik ibodat darajasiga koʻtarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega boʻlish moʻminning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Muqaddas islom dini Vatan himoyasiga kamarbasta boʻlgan mard oʻgʻlonlarni alohida qadrlaydi. Ularning beqiyos xizmati evaziga ulkan ajr-savoblarni vaʼda qiladi. Hanafiy mazhabining yirik olimi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh qalamiga mansub “As-Siyar ul-kabir” asarida bunday deyilgan: “Makhul rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Salmon Forsiy roziyallohu anhu Fors yeridagi qalʼada chegarachilik qilib turgan Shurahbil ibn Simat bilan uchrashganda unga: “Senga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadisni aytib beraymi? U seni yanada ruhlantiradi deb umid qilaman”, dedi. Shurahbil: “Mayli, aytib bera qoling”, dedi. U bunday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Bir kun chegarada poyloqchilik qilish bir oy kunduzi (nafl) roʻza tutib, kechasi (nafl) namoz oʻqib chiqqandan yaxshiroqdir. Kimki chegarachilik jarayonida halok boʻlsa, qabr azobidan omon boʻladi. Uning amali (evaziga beriladigan savob) to qiyomatga qadar koʻpayib turadi”, deganlarini eshitganman”.
Yana Makhul rahmatullohi alayhdan rivoyat qilinadi: “Chegarachilardan bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Men togʻda bir gʻorni koʻrdim. Unga kirib tinimsiz ibodat bilan mashgʻul boʻlsam, to oʻlgunimcha namoz oʻqisam deyman. Ey Rasululloh! Shunga nima deysiz?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh yoʻlida bir kun poyloqchilik qilish oʻz ahli orasida oltmish yil (nafl) namoz oʻqiganidan yaxshiroqdir!” dedilar”[1].
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bir kecha-kunduz “ribot” (yaʼni dushman qarshisida turib, chegarani himoya qilish) bir oy (nafl) roʻza tutgan va bir oy kechalari turib (nafl) ibodat qilgandan yaxshiroqdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Hanafiy mazhabining muhaddis olimi Badriddin Ayniy “Umdatul qoriy” asarida ushbu hadisni quyidagicha sharhlaydi. Hadisdagi “ribot” soʻzining maʼnosi bu dushman tarafga qarab turish, chegarani himoya qilish va yovni yurtiga bostirib kirishdan muhofaza qilishdir.
Bunday maʼnodagi hadislarni koʻplab keltirish mumkin. Barcha muhaddislar “ribot” soʻzini “chegarani himoya qilish” deb sharhlaydi. Bu yurtimiz chegaralarida xizmat qilayotgan har bir Vatan himoyachisiga tegishlidir.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Laylatul qadrdan ham afzal bir kecha borligini xabar berayinmi?! U shunday bir kechaki xavf-xatarli yerda oʻzining ahlini, Vatanini himoyalash uchun qoʻriqlaydigan qoʻriqbonning kechasidir”, deganlar.
Demak, ushbu hadislardan maʼlum boʻladiki, Vatanni qoʻriqlash juda qiyin va masʼuliyatli vazifa boʻlishi bilan bir qatorda, oʻziga yarasha katta ajr-savobli hamdir.
Islom taʼlimotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkorga bu dunyoda qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq oʻrnatib qoʻyiladi”, deganlarini eshitganman” (Imom Buxoriy rivoyati).
Islom tarixida “Handaq jangi” nomi bilan mashhur boʻlgan jang vaqtida Madina shahriga bostirib kelgan makkaliklar boshchiligidagi ittifoqchi qoʻshinga Madina shahrida yashab, yashirincha xayrixohlik koʻrsatgan va zimdan yordam bergan qabilalarga nisbatan Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam qattiq jazo berganlar. Demak, Vatanga xoinlikni hech qanday diniy va dunyoviy qonun yoki taʼlimot oqlamaydi. Vatan hech qachon sotilmaydi va unga xiyonat qilinmaydi.
Xalqning boshiga ogʻir kun kelganda jonini saqlash uchun uni tashlab qochish insoniylikka toʻgʻri kelmasligi barchaga maʼlum. Xalqimizda “Oʻzga yurtda shoh boʻlguncha, oʻz yurtingda gado boʻl” degan hikmatli soʻz ham bor. Oʻz huzur-halovatini oʻylab, oʻzgalarni unutgan kishi hech qachon Vataniga, xalqiga nisbatan sadoqatli boʻla olmaydi.
Hakimlar: “Kishining vafodorligi uning oʻz Vatani uchun qaygʻurishidan, birodarlarini sogʻinishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga oʻkinib yashashidan bilinadi”, degan. Insonning oʻz xalqiga boʻlgan sadoqati va fidoyiligi Vatanni himoya qilishga qoʻshgan hissasi bilan oʻlchanadi.