“Human Assistance & Development International (HADI)” xayriya tashkilotining Islamicity.org saytida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov va Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukron ibn Abdurahmonning “Imom Buxoriy va hadis ilmining avlodlarga uzatilishi: Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining ahamiyati” nomli maqolasi e’lon qilindi.
Unda buyuk muhaddis Imom Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning hayoti va boy ilmiy merosi keng qamrovda yoritilgan. Jumladan, bolalikdan ilmga ishtiyoqi, hadis va fiqh ilmlariga bag‘ishlagan hayoti, ilmiy safarlari, mashhur ulamolardan ta’lim olishi va hadis rivoyatida qo‘llagan noyob uslublari xususida batafsil ma’lumot beriladi.
Mualliflar ta’kidlaganidek, Imom Buxoriy yaratgan ilmiy mezonlar, xususan, hadislarni baholashdagi aniqlik va talabchanlik hadisshunoslik sohasini yuksak darajaga ko‘targan.

Maqolada alohida e’tibor qaratiladigan jihat “Sahihul Buxoriy” asarining islomiy ilmlar tarixidagi beqiyos ahamiyatidir. Unga kiritilgan hadislar va ularni ishonchlilik mezonlari asosida saralab jamlash jarayoni islomiy ilmning chuqur ilmiy va ma’naviy asoslarga ega ekanini yaqqol namoyon qiladi. Imom Buxoriy o‘z amaliyotida ilmga faqat nazariy bilim sifatida emas, balki axloq va taqvo bilan uyg‘un tarzda yondashish zarurligini ko‘rsatib bergan.
Mualliflar Imom Buxoriyning merosi bugungi zamon uchun juda muhim ekanini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, hadislarning haqqoniy va ilmiy asoslangan talqini yosh avlod tarbiyasida sog‘lom diniy dunyoqarashni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Ilm, ma’naviyat va axloq uyg‘unligi jamiyatni ezgu maqsadlar sari yetaklaydi.
Maqolada Samarqandda faoliyat yuritayotgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining vazifalari va xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi o‘rniga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan Markaz hadis ilmi va islomiy merosni o‘rganish, yoshlarda ma’naviy immunitetni shakllantirish hamda jahon miqyosida ilmiy muassasalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
Markaz tomonidan hozirga qadar ko‘plab ilmiy nashrlar chop qilinib, xalqaro konferensiyalar va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilgan. Shuningdek, noyob qo‘lyozmalarni asrab-avaylash va raqamlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Maqolada jamoaning yoshlarni ma’rifiy tarbiyalash, ekstremizm va yot g‘oyalarga qarshi ilm asosida kurashish yo‘nalishidagi tashabbuslari ham yuqori baholangan.
Mualliflar ta’kidlaganidek, Imom Buxoriyning ilmiy merosi global ilmiy va ma’naviy taraqqiyot uchun muhim nazariy va axloqiy asos vazifasini o‘tab, insonni ilm orqali yaxshilikka, ma’naviyat va aql-idrok uyg‘unligiga chorlaydi.
Shu ma’noda maqola nafaqat islomshunos olimlar, balki keng jamoatchilik uchun ham qiziqarli va foydali manba hisoblanadi. Unda islomiy ilm merosining insoniyat ma’naviy dunyosini boyitishga qo‘shgan ulkan hissasi, shuningdek, bu yo‘nalishda O‘zbekiston ilgari surayotgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan tobora keng e’tirof etilayotgani yaqqol ko‘rsatilgan.
IslamiCity.org 1995 yilda AQSHda tashkil etilgan mustaqil notijoriy islomiy platforma bo‘lib, dunyo bo‘ylab keng auditoriyaga islom dini, ma’rifati va madaniyati haqida xolis va ishonchli ma’lumot yetkazishni maqsad qilgan. Saytda maqolalar, tahlillar, videolavhalar va interaktiv kontentlar orqali islom sivilizatsiyasi keng yoritiladi. Yiliga 225 dan ortiq mamlakat va hududlardan millionlab odamlar sayt bilan tanishadi.