Home / MAQOLA / QURILISHLARDA ISHTIROK ETISHNING HUKMI

QURILISHLARDA ISHTIROK ETISHNING HUKMI

Odamlarning mehnat faoliyati islom qaytargan ishlar jumlasidan boʻlmasa, halolligiga shubha yoʻq. Quruvchilar kasbi taqozosi bilan bino qurishda ishtirok etishi ham sharʼan joiz. U binodan nima maqsadda foydalanilishining ahamiyati yoʻq. Bino qurilishiga hissa qoʻshish zulm emas, balki halol mehnat bilan kun kechirishdir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kishi yegan taomining eng haloli ikki qoʻli bilan mehnat qilib topganidir”, deganlar.

Huquqni muhofaza qilish organlarining mavjudligi dinimiz buyurgan ishlardan hisoblanadi. Ularning xodimlari Vatan, xalq va jamoatchilik himoyasiga kamarbasta boʻlgan fidoiy insonlardir. El-yurt tinchligini, shu orqali farovonligini taʼminlashda ularning hissasi juda katta. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh yoʻlida bir kun qoʻriqchilik qilish, undan boshqa manzillarda ming yil turishdan yaxshiroqdir”, deganlar. Aholisining katta qismi musulmon boʻlgan yurtni himoya qilish, unda tartib saqlash Alloh yoʻlida qoʻriqchilik qilishdan boshqa narsa emas.

Imom Buxoriy oʻz “Sahih”ida bunday keltirgan: “Anasdan rivoyat qilinadi: “Qays ibn Saʼd Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida amirning huzuridagi mirshabboshidek edi”. Demak, bunday vazifani bajaruvchilar Paygʻambarimiz alayhissalom davrlarida ham boʻlgan.

Soqchilik tizimini birinchi boʻlib Umar ibn Xattob roziyallohu anhu joriy qilgan. U shaharni tunda sayr qilib, shubhali odamlarni fosh qilar edi.

Ali ibn Abu Tolib birinchi hibsxonani qurdirgan shaxs sifatida islom tarixiga muhrlagan.

Har bir jamiyatda jinoyatchilar bor ekan, hibsxona ham boʻlishi tabiiy. Chunki jinoyatchiga jazo tayinlangunga qadar uni qayerdadir saqlab turish kerak boʻladi. Ammo baʼzilar: “Militsiyaxonada aksar hollarda yaxshiga ham, yomonga ham zulm qilinadi. Adolat bilan hukm qilinmaydi. Buni xodimlarning oʻzlari ham yaxshi biladi. Shu sababli militsiyaxona binosi qurilishida qatnashish zulmga yordam berish boʻlib qoladi”, deydi. Bu juda katta johillik boʻlib, mavhum ijtimoiy fikrlar paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Bu gap “svetoforning nima keragi bor, u shariatda yoʻq” deganga oʻxshaydi. Holbuki, insoniyatning foydasiga xizmat qiladigan har qanday yangilik shariat nuqtayi nazaridan xayrli hisoblanadi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

MISRDAGI IKKINCHI TURKIY SULOLA – IXSHIDIYLAR HAQIDA

Bir necha asr davom etgan xalifalik tuzumiga oid maʼlumotlar ichida  turkiy sulolalar haqida qator maʼlumotlar …