Home / MAQOLA / “AL-VALO” VA “AL-BARO” TUSHUNCHALARIGA TOʻGʻRI VA NOTOʻGʻRI YONDASHUVLAR

“AL-VALO” VA “AL-BARO” TUSHUNCHALARIGA TOʻGʻRI VA NOTOʻGʻRI YONDASHUVLAR

“Valo” soʻzi zohiran va botinan doʻstlashish, yordam berish, yaxshi koʻrish, hurmat-ehtirom koʻrsatish va yaxshi koʻrganlari bilan birga boʻlishni anglatadi.

Alloh taolo bunday deydi:

[اللَّهُ وَلِيُّ الَّذِينَ آمَنُوا يُخْرِجُهُم مِّنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ ۖ وَالَّذِينَ كَفَرُوا أَوْلِيَاؤُهُمُ الطَّاغُوتُ يُخْرِجُونَهُم مِّنَ النُّورِ إِلَى الظُّلُمَاتِ]

“Alloh iymon keltirganlarning doʻstidir. Ularni zulmatdan nurga chiqaradi. Kofirlarning doʻstlari esa togʻut (shaytonlar va butlar)dir. Ularni (kofirlarni) nurdan zulmatga chiqaradilar” (Baqara surasi, 257-oyat). “Doʻsti” deb tarjima qilingan soʻzning asli “valiy” boʻlib, bu oʻrinda “himoyachisi”, “yordamchisi” maʼnolarida kelgan.

“Baro” soʻzi esa keyin inkor qilish, uzoqlashish, qutulish va dushmanlikni bildiradi.

Islom aqidasida (Qurʼon va Sunnatda) bu tushunchalar oʻzining xos oʻrniga ega boʻlsa-da, baʼzilar mazmun-mohiyatini chetga surib qoʻyib, faqat zohiriga ahamiyat qaratish orqali ularni gʻoyat ashaddiy tarzda, muvozanatni buzib talqin qiladi. Ularning nazdida “al-valo” va “al-baro” moʻmin-musulmonlarga mehr-muhabbat, boshqalarga jirkanchu nafratdan boshqa narsa emas. Bundan ogʻib ketganlar goʻyo kufr yoʻliga oʻtadi.

Ahli sunna val jamoa, jumladan, Moturidiy va Ashʼariy maktablari, “al-valo” va “al-baro” tushunchalarini yuqoridagi taʼriflardan kelib chiqib, ixlos va ixlossizlik, eʼtiqod va eʼtiqodsizlik, doʻstlik va dushmanlik, amal va muomalani farqlagan holda tushuntiradi. Dushmanlikni umuman jamiyat aʼzolariga emas, dushmanlik qilgan kimsalarga bogʻlaydi.

Qattiqqoʻllik yoʻlini tutganlar esa Alloh taoloning:

[وَلَوْ كَانُوا يُؤْمِنُونَ بِاللَّهِ وَالنَّبِيِّ وَمَا أُنزِلَ إِلَيْهِ مَا اتَّخَذُوهُمْ أَوْلِيَاءَ وَلَٰكِنَّ كَثِيرًا مِّنْهُمْ فَاسِقُونَ]

“Agar ular Allohga, Paygʻambarga va unga nozil qilingan narsalarga iymon keltirgan boʻlganlarida, oʻshalarni oʻzlariga valiy (homiy) qilib olmagan boʻlur edilar. Lekin ularning koʻpchiligi fosiqlardir” (Moida surasi, 81-oyat), degan soʻzlarini zohiran talqin qiladi. Bu oyat Madina atrofidagi yahudiy qavmning mushriklar bilan doʻst boʻlmasligi haqida aytilgan. Lekin baʼzilar bu gap orqali mehr-muhabbatni faqat iymonlilar bilan bogʻlab, oddiy insonparvarlik munosabatlarini kufr bilan tenglashtiradi.

Bu esa Qurʼoni karimdagi:

[لَّا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُم مِّن دِيَارِكُمْ أَن تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ]

“Din borasida sizlar bilan urushmagan va sizlarni oʻz yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga nisbatan adolatli boʻlishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas” (Mumtahana surasi, 8-oyat) degan koʻrsatmaga ziddir. Bu oyat musulmon kishi uchun gʻayridinga nisbatan munosabatda adolat va yaxshilik qilishga ruxsat borligiga ochiqdan-ochiq dalolat boʻladi.

Dinimizda musulmon boʻlmagan kishi bilan muomala qilishda hech qanday toʻsiq yoʻq, faqat aqida boʻyicha va harom ishlarda qaytariq bor. Baʼzilar nazdida muomala, savdo va hamkorlik kabi dunyoviy munosabatlar kufrga yaqinlashtiradi, hatto murtadlikka olib boradi, deb qarashadi. Ammo ahli sunna doʻstona munosabat (yaxshi muomala) bilan aqidaviy mehr oʻrtasida farq borligini aytadi. Asosiysi shuki, dinga ziyon keltirmaydigan ishlarda hamkorlik qilishning zarari yoʻq. Gʻayridinlar bilan ijtimoiy muomalada boʻlish, uning eʼtiqodini tasdiqlash emas, balki dunyoviy manfaatdir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday toifalar bilan muomala qilar edilar. Qoʻshnilari yahudiy boʻlgan. Unga qoʻshnilik odobini koʻrsatganlar. Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlarida, sovutlari oʻttiz soʼ arpa evaziga bir yahudiyda garovda turgan edi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Sahoba va tobeinlar ham musulmon boʻlmagan kimsa va jamoalar bilan dushmanlik boʻlmasa, yaxshi muomala qilib yashaganini bilamiz. Ali roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning och qolganlarini koʻrib, yegulik topish ilinjida bir yahudiyning bogʻiga boradi. U bilan bir chelak suvga bir dona xurmo olish boʻyicha bitim tuzadi. Oʻn yetti chelak suv chiqarib berib, oʻn yetti dona ajva (eng sara navli xurmo) oladi (Ibn Moja rivoyati). Nabiy sollallohu alayhi vasallam Alining bu ishini inkor qilmaganlar.

Umar roziyallohu anhuning Madinadagi musulmon boʻlmagan qariyalarga nafaqa joriy qilgani yaxshi maʼlum. Quddus fathiga borganida, u yerdagi musulmon boʻlmagan aholini himoya qilishga qaratilgan bitim tuzgani ham mashhur voqea.

Bunday rivoyatlar juda koʻp.

Ahli sunna ulamolari “al-valo” va “al-baro” tushunchalarini haddan oshmaydigan tarzda, Qurʼon va Sunnatga asoslangan holda, odob va hikmat bilan talqin qilgan. Baʼzi bir oqimlarning bu tushunchani inson haqqiga qarshi qurolga aylantirishi, islomiy risolatning ezgulik ruhiga ziddir.

Islom dushmanlik dini emas, balki haq, odob va adolat dinidir. Qurʼon va Sunnat taʼlimotiga binoan, muhabbat ham, adovat ham ixlos va adolat asosida boʻlishi kerak.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

AVLIYOLARGA TOSH OTISH – ALLOH URUSH EʼLON QILGAN KIMSALAR TOMONIGA OʻTISHDIR (1-qism)

Islom taʼlimotida Alloh taologa ixlos bilan ibodat qiladigan, gunohdan saqlanib, dinini, jamoatni va ilmni himoya …