Qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, ajdodlarimizning jahon madaniyati rivojiga qoʻshgan hissasi hozirgi kunda ham turmushimizning barcha jabhalariga sezilarli taʼsir oʻtkazmoqda. Oʻzbek xalqi Markaziy Osiyoning boshqa xalqlari singari juda boy madaniy merosga egadir. Oʻzbek xalqi boy maʼnaviy merosining ajralmas tarkibiy qismi albatta islom taʼlimoti bilan bevosita bogʻliq.
Bugun iftixor bilan ayta olamizki, yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar Imom Buxoriy, Burhoniddin Margʻinoniy, Iso va Hakim Termiziylar, Mahmud Zamaxshariy, Muhammad Qaffol Shoshiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va boshqa koʻplab daholar nomi nafaqat islom, ayni vaqtda jahon sivilizatsiyasi tarixida haqli ravishda oltin harflar bilan bitilgan. Shu nuqtayi nazardan, buyuk ajdodlarimiz boʻlgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur oʻrganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. Bu masala yoshlarda ilm-fanga va taʼlim olishga intilish tuygʻusini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini toʻgʻri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga Islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir”[1].
Azaldan mintaqamizda maʼnaviy qadriyatlarning muhim jihatlaridan biri boʻlgan muqaddas qadamjo va va ziyoratgohlarning insonlar tafakkuri shakllanishiga taʼsiri oʻziga xos oʻrin tutadi. Shu nuqtayi nazardan, mozorlar hamda ziyoratgohlar bilan bogʻliq manbalarni tadqiq qilish orqali yozma manbalarni izohlash mintaqadagi diniy qarashlar, xalqning ijtimoiy tarixi va uning rivojlanish dinamikasini oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumki, yurtimizning viloyatlarida, jumladan, Fargʻona vodiysida ham juda koʻplab tarixiy shaxslar nomi bilan bogʻliq mozor hamda ziyoratgohlar, xususan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning mashhur asʼhoblari, tobeinlar, tabaa tobeinlar nomi bilan bogʻliq qadamjolar mavjuddir. Bu yerlar mahalliy xalq tomonidan ziyoratgohlarga aylantirilgan.
Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida Hazrat Alining Imom Hasan va Imom Husan hamda Muhammad Hanafiya singari farzandlarining avlodlari bilan bogʻliq ziyoratgohlar mavjud boʻlib, mahalliy aholi hozirga qadar ularga mansub xonadon ahlini “toʻra”, “toʻraxon”, “taqsir”, qiz-juvonlarini “poshsha”, “poshshaxon” deb atab keladi. Ushbu xonadon vakillari oʻzini Gʻavsul Aʼzam va Maxdumi Aʼzam avlodlaridan ekanini aytadi. Margʻilon shahrida ana shunday, Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamxonadoniga mansub boʻlgan Gʻavsul Aʼzam va Mahdumi Aʼzam avlodlari oʻrni katta boʻlganini tarixiy maʼlumotlar ham tasdiqlaydi. Ushbu oilalar oʻzini Hasaniy sayyidlar va Husayniy sayyidlar deb atab kelgan. Bu avlod vakillariga hurmat ehtirom ramzi sifatida oʻz davrida hukmdorlar tomonidan maxsus vasiqalar berilgan [8:5].
Arab musulmonlar Fargʻona ostonasiga ilk bor VII asr oʻrtalarida keladi [7:730]. 29-hijriy (milodiy 649) yilda xalifa Usmon (roziyallohu anhu) Xurosonga Umayr ibn Usmon ibn Saʼdni voliy qilib tayinlaydi. Umayr Fargʻonagacha yetib keladi [3:919]. Fargʻona aholisining harbiy tayyorgarligi yuksak darajada boʻlgani uchun arablarga qattiq qarshilik koʻrsatadi. Yoqut Hamaviy ularning shijoatini shunday taʼriflaydi: “Movarounnahrliklar yuqori harbiy tayyorgarlikka ega. Oʻlkada uch yuz ming qishloq mavjud boʻlib, har birida koʻplab otliq va piyoda askarlar jangga shay boʻlib turadi. Fargʻona va Shosh aholisining harbiy tayyorgarligi va salohiyati boshqa shaharlarnikidan kuchliroq boʻlgan. Hatto oddiy bir kishida yuz yoki ikki yuzta ulov boʻlgan. Lekin shunga qaramay, aholi boshliqlarga chin dildan xizmat qiladi. Hatto xalifalar ham harbiy mansablarga tayinlashda Movarounnahrdan odam chaqirtirar edi. Turklar qoʻshini jasurlik, shijoat, jurʼat borasida boshqa askarlardan ustun boʻlgan. Movarounnahrliklar xalifaning tansoqchisi va ishonchli qoʻmondonlari sifatida faoliyat yuritgan. Fargʻonaliklar “Xalifalik saroyi qoʻriqchilari” deb ataladi” [6:47].
Movarounnahrga islom dinining kirib kelishi Qutayba ibn Muslim nomi bilan chambarchas bogʻliq. 94-96/ 712-715-yillarda Qutayba Fargʻonani egallash orqali Movarounnahr va Xorazm oʻlkalarini oʻziga boʻysundirdi. Hatto Xitoyning Qashgʻar shahrini ham fath etib, u yerga islom dinini olib kiradi. Qutayba islom olamining sharqqa choʻzilgan chegarasini nihoyalab berdi [5:131]. Shuningdek, Qutayba Movarounnahr shaharlarida, hatto Shosh va Fargʻona hududlarida ham arablashtirish siyosatini olib borgan [4:420]. Keyinchalik Qutaybaning ukasi Solih Fargʻonaning Koson va Oʻsh shaharlarini soʻnggi marta fath etadi [4:409]. Shu tariqa, Fargʻona vodiysida, xususan, Margʻilonda arab musulmonlar bilan bir qatorda sayyidlar ham qoʻnim topadi.
Tarixiy manbalarda koʻrsatilishicha, Margʻilon shahri X asrdayoq Fargʻona vodiysining savdo va madaniyat markazlaridan boʻlgan. Bu shahar Sohibqiron Amir Temur va Qoʻqon xonlari davrida ham oʻz nufuzini saqlab qolgan. Ayniqsa, mazkur hududdan yetishib chiqqan allomalar va ularning asarlari hozirga qadar ahamiyatini yoʻqotmay, muhim tarixiy manba sifatida ardoqlab kelinadi. Binobarin, Ulugʻ Mozor, Pur Siddiq, Xoʻja Maʼoz, Xoʻja Egiz, Koʻkmozor, Xoʻja Langolang, Xoʻja Porso, Ulugʻ Hazrat Bobo, Savdo Kushoyish mozori va Soqolli eshon singari ziyoratgohlar bilan bogʻliq rivoyatlar zamirida Margʻilonning uzoq va yaqin oʻtmishidan darak beruvchi tarixiy maʼlumotlar oʻz ifodasini topgan [2:10,12,13,27-28].
Margʻilon shahrining Yormadoʻz mahallasida joylashgan “Pur Siddiq” ziyoratgohi yonidagi qabristonda xalq orasida “Shoh Mansur, Shoh Nosir” nomi bilan ataluvchi ikki maqbara ham mana shunday ulugʻ qadamjolardan. Manbalarda maqbaralardan biri Shoh Mansur, ikkinchisi Shoh Nosirga tegishliligi hamda ulardan biri, yaʼni Shoh Mansur Hazrat Ali roziyallohu anhuning oʻgʻli Muhammad ibn Hanafiyaning farzandi ekani haqidagi maʼlumotlar keltirilgan [8:6].
Margʻilon shahridagi “Shoh Mansur va Shoh Nosir” mozoriga yaqin joylashgan yana bir ziyoratgoh “Pur Siddiq” mozori ham aynan Yormadoʻz mahallasida joylashgan. “Pur” soʻzining maʼnosi fors tilida “oʻgʻil” va “toʻla”, “koʻp” maʼnosini anglatadi. Ushbu mozorga xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning avlodlari dafn etilgan degan rivoyatlar kelgan. Shu sababdan mozor “Pur Siddiq” yaʼni, “Siddiq avlodlari” deb atalgan. Rivoyatlarga koʻra, mazkur mozorga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning yettinchi avlodi, ilm sohibi boʻlgan Siddiqiy ulamolardan biri dafn etilgan. Keyinchalik uning bu sifatlarini qadrlab kelgan Margʻilon ahli mozorni “Aqli toʻla donishmand Siddiqiy avlodi” koʻmilgan degan maʼnoda “Puri Siddiq” deb atagan. Bundan tashqari, mozor nomining kelib chiqishi yuzasidan quyidagi taxminlar ham mavjud:
Pur Siddiq, yaʼni Abu Bakr Siddiqning koʻp avlodlari dafn etilgan maʼnosida;
Pir Siddiq, yaʼni Siddiqiylardan boʻlgan ulugʻ pir, yaʼni avliyo dafn etilgan maʼnosida.
Buyuk alloma, “Al-Hidoya” asari muallifi Burhoniddin Margʻinoniyning Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu avlodlaridan boʻlgani haqidagi maʼlumotlar mavjud. Shu sababdan ham Burhoniddin Margʻinoniy Puri Siddiq mozoriga, yaʼni ajdodlari dafn etilgan mozorga ziyoratga kelib turgan. U shu yerda chillaxonada muttasil roʻza tutib, shoh asari “Al-Hidoya”ni yozgan [8:6-7].
Shu oʻrinda “Shoh Mansur” mozori haqida baʼzi maʼlumotlarni berib oʻtish lozim. “Shoh Mansur”, “Pur Siddiq” mozorlari Margʻilon shahridagi qadimiy qabristonlardan boʻlib, “Shahid mozor” nomli ikki ziyoratgohni oʻz ichiga olgan. Bu yerga musulmon sarkarda Qutayba ibn Muslim bilan birga kelgan arab jangchilari dafn etilgan. Rivoyatlarga koʻra, Margʻilon atrofidagi arab musulmonlar va mahalliy aholi oʻrtasidagi janglarda halok boʻlgan musulmonlarning barchasi bir qabrga dafn etilgan. Shuning uchun ularning qabri “Shahid mozor” nomini olgan. Mazkur ikki ziyoratgohning asl nomi yaqin kunlargacha nomaʼlum edi. Keyinchalik tarixchi olimlarning olib borgan tadqiqotlari tufayli ziyoratgohlarning nomi aniqlangan. Ulardan biri Shoh Mansur, ikkinchisi esa Shoh Nosirga tegishli. Shoh Mansur buyuk sahoba Ali roziyallohu anhuning farzandi Muhammad Hanafiya roziyallohu anhu ning oʻgʻli hisoblanadi. Shoh Nosir esa Shoh Mansurning yaqin kishilaridan boʻlgan, degan taxmin mavjud [2:91,97]. Mirsayyid Muhammad Ali Xoʻja va uning oʻgʻli Mirsayyid Mahmud Xoʻjalarning shajarasi ham Shoh Mansurga tutashgan.
Xulosa qilib aytganda, xalqimiz azaldan vaqti-vaqti bilan mozor va qadamjolarni ziyorat qilishga odatlangan edi. Bu odamlarni yomon yoʻldan uzoq yurishga, insofli-diyonatli boʻlishga, oʻzidan faqat yaxshilik qoldirishga yordam bergan. Shuningdek, xalqimizda mavjud boʻlgan odob-axloq, doʻstona munosabatlar, qarindosh, ota-ona va farzandlar haq-huquqiga rioya etish, mehr-oqibat, halollik, adolat singari qarashlar ham oʻziga xos ijobiy xarakterga ega boʻlgan.
-
Mirziyoyev Sh.M. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutq. 18.10.2017. http://uza.uz/oz/politics/zbekiston-respublikasi-prezidenti-vazifasini-bazharuvchi-sha-18-10-2016.
-
Abdulahatov N., Eshonboboyev Oʻ. Koʻhna Margʻilon ziyoratgohlari. – Fargʻona: Fargʻona nashriyoti, 2007.
-
Abdurahmon ibn Muhammad ibn Xaldun. Tarix Ibn Xaldun. J.1. – Bayrut: Dar Ibn Hazm, 2003.
-
Abul Hasan Balozuriy. Futuh al-Buldon. – Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1991.
-
Ahmad Roif. Atlas tarix al-islam. – Qohira: Dar az-zahro li al-iʼlam al-arabiy, 1987.
-
Yoqut al-Hamaviy. Muʼjam al-Buldon. 5. – Bayrut: Dar Bayrut, 1984.
-
Ibn Jarir at-Tabariy. Tarix at-Tabariy. – Ar-Riyod: Bayt al-afkar ad-davliya, 2005.
-
Yusupova N., A.Abdumajid oʻgʻli. Margʻilon sayyidlari tarixidan. – Toshkent: Toshkent islom universiteti nashriyot-matbaa birlashmasi, 2018.