Home / FOTO LAVHALAR / Islom ilmlari va maʼnaviy qadriyatlar – xalqaro tadqiqotchilar nazarida

Islom ilmlari va maʼnaviy qadriyatlar – xalqaro tadqiqotchilar nazarida

Ayni kunlarda Markazda amaliyot oʻtayotgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi sovrindorlari – Malayziya xalqaro islom universiteti professori Shukron ibn Abdurahmon, Indoneziyadagi Raden Intan islom universiteti oʻqituvchisi Damanhuri Armadi ilmiy izlanishlari taqdimotini oʻtkazdi.

Dastlab malayziyalik mehmon Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida mehnat axloqi va maʼnan yetuk ish kuchini shakllantirish negizlariga oid ilmiy izlanishlari haqida maʼlumot berdi. Uning taʼkidlashicha, mehnat axloqini islom nuqtayi nazaridan oʻrganish bugungi zamonaviy ish jarayonlari uchun juda muhim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz hayotlari davomida sidqidillik, adolat, masʼuliyat, kamolotga intilish kabi yuksak insoniy qadriyatlarni amalda koʻrsatganlar. U zotning hadislaridagi koʻrsatmalar va siyratlaridagi ibratlar bugungi kunda ish kuchini maʼnaviy va axloqiy jihatdan tarbiyalash uchun muhim manba boʻlib xizmat qiladi.

Mehnatga islom falsafasi asosida yondashish uning maʼnaviy va ijtimoiy mohiyatini ochishni talab etadi. Professor bu haqda soʻz yuritar ekan, mehnatga nisbatan bunday qarashni quyidagicha ifoda etdi: “Mehnat faqat moddiy manfaat uchun emas, balki maʼnaviy va ijtimoiy masʼuliyat tuygʻusi bilan bajarilsa, u ibodatga aylanadi”.

Tadqiqotning yana bir muhim jihati shundaki, Markazda saqlanayotgan tarixiy qoʻlyozmalar va ilmiy manbalardan foydalangan holda mehnat axloqini nazariy va amaliy jihatdan asoslash maqsad qilingan. Buning natijasida zamonaviy ish muhitida qoʻllash mumkin boʻlgan maxsus konseptual ramka (framework) ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Ushbu tadqiqot davlat xizmatchilari, tadbirkorlar va taʼlim sohasi mutaxassislari uchun maʼnaviy qadriyatlarga asoslangan, maqsadli va samarali ish kuchini shakllantirishga oid amaliy tavsiyalar tayyorlash imkonini yaratishi taʼkidlandi.

Damanhuri Armadi “Islomshunoslikni fikriy qaramlikdan ozod etish va ilmiy mustaqillikni tiklash” mavzusida maʼruza qildi. Uning taʼkidlashicha, bugungi islomshunoslikda Gʻarb taʼlimotlariga haddan ortiq suyanib qolish holatlari uchramoqda. Bu esa islomga xos intellektual merosning toʻliq namoyon boʻlishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Tadqiqotchi bu holatni “epistemik mustamlakachilik” – yaʼni, bilim va tafakkur sohasidagi yashirin qaramlik deb baholab, fikrlarini quyidagi tashbeh orqali ifoda etdi: “Kolonializm yerlarni tortib olgan boʻlsa, zamonaviy ilmiy imperializm bilimlarni, nomoddiy boyliklarni egallab olmoqda”.

Maʼruzada marokashlik mutafakkir Toha Abdurahmon va indoneziyalik olim Muhammad Amin Abdullaning qarashlari tahlil etildi. Ularning fikriga koʻra, islomiy ilm anʼanaviy manbalar yoki Gʻarb nazariyalarigagina bogʻlanib qolmasligi, balki integrativ va muloqotga asoslangan yondashuv orqali rivojlanishi lozim.

Yakunda islomiy ilmiy merosni tiklash, fanlararo aloqalarni mustahkamlash va ilmiy mustaqillikni taʼminlash bugungi kun uchun dolzarb vazifa ekani qayd etildi.

Tadbir qizgʻin savol-javoblar va muhokamalar bilan davom etdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Ilm yoʻlidagi doʻstona qadamlar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Qatar universitetining ISESCO kafedrasi mudiri, taniqli islomshunos olim doktor Azziddin …