Islom taʼlimotida Alloh taologa ixlos bilan ibodat qiladigan, gunohdan saqlanib, dinini, jamoatni va ilmni himoya qiladigan solih bandalariga “avliyo” deb ataladi. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kimsalar avliyolar haqida asossiz gaplar tarqatmoqda. Jumladan, Sodiq Samarqandiy: “U (Ahmad Yassaviy) gʻorga kirib ketdi deganini biz maqtov deb tushunar edik. “Besh yoshimdan belim bogʻlab toat qildim, tavallo deb roʻza tutmoq odat qildim, shu sababdan 63 da yerga kirdim”. Yerga kirib ketib, yana 63-yil yer tagida yashagan ekan, deyiladi. Rasululloh shunday qilganmilar? Bu degani Allohga isyon emasmi: “Ey Robbi, meni oʻldirishing kerak edi. Meni nimaga tirik qoʻyibsan! Men ketdim yer tagiga. Qabrda yashayman!”. Alloh nega umr berdi unga?! Bu yerda juma qani, jamoat qani?!” kabi soʻzlar bilan Xoja Ahmad Yassaviy hazratlarini tanqid qilib, shaʼniga noloyiq soʻzlar aytgan. Bunday masalalar islom nuqtayi nazaridan qanday talqin etilgan? Bu haqda oyat va hadislarda nima deyilgan? Voqelik va haqiqat ular aytgandekmi yoki boshqachami? Bu haqda batafsil toʻxtalsak. Albatta, ular bunday chiqishlar orqali maʼlum maqsadni koʻzlagan. Jamoat ichida fitna chiqarish, odamlar ishonchini soʻndirish, diniy qadriyatlarni oyoq osti qilish – shunday gʻarazli maqsadlar sirasiga kiradi.
“Avliyayoulloh – Allohning doʻstlari”, yaʼni avliyolar kimligi xususida turli taʼriflar mavjud. Jumladan, ular toat-ibodat bilan Allohga yaqin boʻlgan, Alloh esa, fazlu karomati bilan ularga yaqin boʻlgan kishilardir. Koʻpchilik ulamolar fikriga koʻra, valiylar Alloh yoʻlida doʻstlashgan kishilar boʻlib, ularni bogʻlab turuvchi narsa boylik ham, qarindoshlik ham emas, balki Allohning rizoligidir. Bunga dalil qilib, ushbu hadisni keltiradilar:
أن عمر بن الخطاب رضي الله عنه قال: قال النبي صلى الله عليه وآله وسلم: إن من عباد الله لأناساً ما هم بأنبياء ولا شهداء يغبطهم الأنبياء والشهداء يوم القيامة؛ بمكانهم من الله تعالى، قالوا: يا رسول الله! تخبرنا من هم؟ قال: هم قوم تحابوا بروح الله على غير أرحام بينهم، ولا أموال يتعاطونها، فوالله إن وجوههم لنور، وإنهم على نور، لا يخافون إذا خاف الناس، ولا يحزنون إذا حزن الناس، وقرأ هذه الآية: ﴿ أَلا إِنَّ أَوْلِيَاءَ اللَّهِ لا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلا هُمْ يَحْزَنُونَ ﴾] يونس: ٦۲.[
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu dedi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohning shunday bandalari ham bor, ular paygʻambarlar ham emas, shahidlar ham emas. Qiyomat kuni ularning Allohga yaqinligini koʻrib hatto paygʻambarlaru shahidlar ham ularning maqom va martabalarini havas qiladilar,” dedilar. Sahobalar: Ey Rasululloh! Bizga ularning kimligi haqida aytib bering! dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ular oʻzaro qarindosh ham emaslar, bir-birlari bilan boylik jihatdan ham oldi-berdilari boʻlmagan, lekin ular Allohning yoʻlida doʻstlashgan kishilardir. Ularning yuzlari nuroniy, oʻzlari ham nuri rabboniy uzra barq urib tururlar. Odamlar (qiyomat vahimasidan) qoʻrqqanda ular qoʻrqmaslar, odamlar (gunohlaridan) tashvish chekkanda ular tashvish chekmaslar”, deb quyidagi:
﴿أَلَا إِنَّ أَوْلِيَاءَ اللَّهِ لَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ﴾
“Ogoh boʻlingizki, albatta, Allohning valiylari (doʻstlari)ga xavf yoʻqdir va ular tashvish ham chekmaslar”[1] oyatini oʻqib bergan ekanlar”.[2]
Valiylar yoki avliyolar taʼrifi tasavvufda oʻziga xos tarzda aks ettirilgan.
Tasavvufdagi taʼrifga koʻra “Valiy – Avliyo” tushunchasi Qurʼon va hadisga asoslangan boʻlib, “doʻst” yaʼni “Allohning doʻsti” maʼnosini bildiradi.
﴿وَاللَّهُ وَلِيُّ الْمُتَّقِينَ﴾
“Alloh esa taqvodor zotlarning doʻstidir”[3].
Bu maʼno zamirida Qurʼoni karimda zikr etilgan Maryam onamiz – Binti Imron, Osiyo onamiz, Muso alayhissalomga ilm bergan solih odam – Xizr alayhissalom, Sulaymon alayhissalomga taxtni keltirib bergan “Kitobdan ilmi bor” kishi kabilarning aniq, ravshan tarzda valiy inson boʻlganliklariga ishora qilingan.
Yuqorida aytilgan “valiy – avliyo” soʻzining taʼriflari oʻrtasida umumiy oʻxshashliklar mavjud.
Tarixda hikmat sohiblari boʻlgan aziz avliyolar ishlarini tushunmasdan ularni ayblaydigan kimsalar ham boʻlgan. Bunga Mansur Xallojning “Anal haq” degani uchun osib oʻldirilishi va Muhyiddin ibn Arabiyning kofirga chiqarilishini misol keltirish mumkin.
Ammo islom shariatining aziz avliyolar va ularga qarshi boʻlganlarga munosabati qanday? Avliyolarni hurmat qilish – bu dinga hurmat, ularning shaʼniga asossiz soʻzlarni aytish – Allohning diniga behurmatlikdir.
Eng ogʻir gunohlardan biri – musulmon kishi gʻaflatda qolib, oʻzi bilib-bilmay, eʼtibor ham qilmay gapirib yuborishidir. Bu haqda Nabiy sollalllohu alayhi vasallam hadislarida bunday deyilgan:
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال : قال رسول الله – صلى الله عليه وسلم – : إن الله قال : من عادى لي وليا فقد آذنته بالحرب ، وما تقرب إلي عبدي بشيء أحب إلي مما افترضت عليه ، وما يزال عبدي يتقرب إلي بالنوافل حتى أحبه ، فإذا أحببته كنت سمعه الذي يسمع به ، وبصره الذي يبصر به ، ويده التي يبطش بها ، ورجله التي يمشي بها ، وإن سألني لأعطينه ، ولئن استعاذني لأعيذنه.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Alloh taolo bunday deydi: “Kim Mening valiyimga dushmanlik qilsa, Men unga urush eʼlon qilaman. Bandam unga farz qilgan narsalarimdan koʻra suyukliroq narsa bilan Menga yaqinlashmaydi. Bandam Menga nafllar bilan yaqinlashaveradi va nihoyat Men uni yaxshi koʻrib qolaman. Qachon Men uni yaxshi koʻrsam, uning eshitadigan qulogʻi, koʻradigan koʻzi, ushlaydigan qoʻli, yuradigan oyogʻi boʻlaman. Mendan soʻrasa, unga albatta beraman. Mendan panoh tilasa, uni albatta panohimga olaman. Qiladigan hech bir ishim xususida moʻminning joni(ni olish) haqida ikkilanganimdek ikkilanmadim. U oʻlimni istamaydi, Men esa unga aziyat istamayman”[4].
Ushbu hadisi qudsiyga koʻra, avliyolarni yaxshi koʻrish vojib, ularga qarshi gapirish haromdir. Ushbu hadisga koʻra, moʻmin-musulmon kishilar bilib-bilmay aziz-avliyolar shaʼniga nojoiz soʻzni aytib, Alloh urush eʼlon qilgan tomonga oʻtib qolishdan saqlanishi zarur. Allohning valiylariga soʻz bilan yoki biror xatti harakat bilan haddidan oshib, ozor bergan har qanday kimsa, bilib olsinki, unga qarshi Alloh subhanahu taolo urush ochadi. Dunyoda Alloh bilan urush qilmoqdan koʻra hasrati ogʻirroq ish yoʻqdir.
Yana bir hadisda:
عن النبيّ ﷺ قَالَ: إنَّ الرجلَ لَيتكلَّمُ بالكلمةِ لا يرى بها بأسًا يهوي بها سبعين خريفًا
“Kishi hech zarari yoʻq deb bir soʻzni aytib qoʻyadi-yu, lekin shu soʻzi sababli Allohning rahmatidan yetmish yillik masofaga uzoqlashib ketadi”[5].
Banda shunchaki arzimagan soʻz aytayapman degan oʻy bilan gapirib yuboradi. Ammo aytgan soʻzlari Allohning gʻazabini keltiradi. Alaloqibat doʻzaxga ravona boʻladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
عن النبيّ ﷺ قَالَ: إنَّ الْعَبْدَ لَيَتَكَلَّمُ بِالكَلِمةِ مِنْ رِضْوَانِ اللَّهِ تَعَالى مَا يُلقِي لهَا بَالًا يَرْفَعُهُ اللَّه بهَا دَرَجاتٍ، وَإنَّ الْعبْدَ لَيَتَكلَّمُ بالْكَلِمَةِ مِنْ سَخَطِ اللَّهِ تَعالى لا يُلْقي لهَا بَالًا يهِوي بهَا في جَهَنَّم
“Banda ahamiyat bermagan holda Alloh taolo rozi boʻladigan bir soʻzni gapirib qoʻyadi-da, ana shu soʻzi sababli Parvardigor uning darajasini koʻtaradi. Yana bir banda parvo qilmagan holda Alloh taolo gʻazabini keltiradigan soʻzni aytib qoʻyib, shu sababli jahannamga qulaydi”[6].
Ijtimoiy tarmoqdagi ushbu kimsa ham shunchaki arzimas narsa haqida gapiryapman degan xayol bilan qilayotgan ishini yengil sanab, tasavvuf peshvosi boʻlgan Sultonul orifin Xoja Ahmad Yassaviydek zot shaʼniga notoʻgʻri va nojoiz fikrlarni bildirgan. Uning aytganlari hech narsaga arzimaydigan shunchaki soʻzlar emas. Aksincha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam yuqoridagi hadislariga koʻra, Alloh urush eʼlon qilgan kimsalar tomoniga oʻtishdir.