Home / FOTO LAVHALAR / Shajarashunoslikdan yuksak ilm sari: Maxdumi Aʼzam avlodlari izidan

Shajarashunoslikdan yuksak ilm sari: Maxdumi Aʼzam avlodlari izidan

Yaponiyaning Tokio universiteti dotsenti, tarixshunos olim Yayoi Kavahara Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Maxdumi Aʼzam Dahbediy va uning avlodlari: shajara va silsila” mavzusida qoʻshma ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Izlanishlar doirasida olima Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududidagi Maxdumi Aʼzam Dahbediy va uning avlodlari bilan bogʻliq muqaddas ziyoratgohlar, maqbara va madaniy meros obyektlari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur maskanlarda saqlanib kelayotgan epigrafik yodgorliklar – qabr toshlardagi qadimiy bitiklar tahlil etilib, ularda aks etgan maʼlumotlar islom tarixi, ilm-fan va maʼnaviyat taraqqiyotining yuksak namunasi sifatida baholandi.

Ushbu bitiklar nafaqat oʻzbekistonliklar, balki jahon ilm-fan jamoatchiligi uchun ham muhim manba hisoblanadi. Ularda avlodlarning hayot tartibi, maʼnaviy meros silsilasi hamda mahalliy tarixning boy jihatlari oʻz aksini topgan.

Yayoi Kavaharaning taʼkidlashicha, mazkur tadqiqotlar Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy meros ilmiy asosda, oʻta ehtiyotkorlik bilan saqlanayotganini namoyon qiladi. Shu bilan birga, yetuk tarixiy shaxslar va ularning avlodlari hayotini oʻrganish, ilmiy-maʼnaviy merosini xalqaro miqyosda targʻib qilishga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida kelgusida xalqaro ilmiy loyiha doirasida keng qamrovli tadqiqot ishlarini amalga oshirish, xususan, shajaralar, sulola silsilalari, tarixiy bitiklar va arxeologik obyektlarni chuqur oʻrganish boʻyicha hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Mazkur tashabbus Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining jahon ilm-fani namoyandalari bilan hamkorlikda maʼnaviy merosni oʻrganish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlidagi saʼy-harakatlarining yana bir amaliy namunasidir.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

MAKKA BILAN TOSHKENT OʻRTASIDA MAʼRIFIY MULOQOT

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakillari …