XX asrga kelib islom sanʼatiga oid tadqiqotlar jadal rivojlanganiga qaramasdan, muhrlar borasida izlanishlar juda ozdir. Ehtimol, yozma manbalar muhrlarga qaraganda koʻproq maʼlumot bergani bunga asosiy sababdir. Bunday sabablardan yana biri – bu muhrlarning bugungi kungacha yetib kelmagani va uning egalari haqidagi maʼlumotlarning kamligidir. Shu oʻrinda muhrga ega boʻlish hamma vaqt ham bemalol boʻlavermaganini aytib oʻtish lozim. Birinchidan, muhr egasi maʼlum bir amaldor yoki mansab egasi boʻlgan. Ikkinchidan, mansabdan tushgandan keyin ular bunday muhrdan foydalanishi mumkin boʻlmagan.
Markaziy Osiyo hududida yozilgan manbalarda – qoʻlyozma asarlar, qozi hujjatlari, yorliq, shajara va boshqa manbalarda kitob egalari tomonidan yoki hujjatni tasdiqlash uchun bosilgan muhrlarni uchratish mumkin.
Qoʻlyozma kitoblarga bosilgan muhr yordamida shaxsiy, vaqf kutubxonalari va kitob savdosi hamda qoʻlyozmalarning koʻchib yurishi haqidagi tarixiy faktlarni aniqlash mumkin. Bu esa, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo tarixi, sfragistika va turli fan sohalari bilan shugʻullanuvchilar uchun koʻpgina maʼlumotlar berishi tabiiydir.
Muhrkanlik katta hunar va sanʼat hisoblangan. Ayrim xattotlar muhrkanlik ishini ham bajargan. Bu hunar egalari tarixda xattot yoki muhrkan nomi bilan mashhur boʻlgan. Muhrkanlarning oʻyib yozgan xatlari, yaʼni muhrdagi yozuv maʼno ifodalashdan tashqari, kishilarga goʻzal ehtiros, estetik zavq beradi. Muhrkan qalamida tayyorlangan har bir muhr sanʼat moʻjizasi kabi oʻlmas asar hisoblanadi.
Shuni aytib oʻtish kerakki, Markaziy Osiyoda yozuvning juda koʻp – kufiy,nasʼh, suls, nastaʼliq, riqo, rayhoniy kabi turlari mavjud boʻlgan. Oʻzini muhrkan deb atagan kishi xattotlik qoidalaridan xabardor boʻlishi va qoidaga muvofiq yoza olishi shart edi. Bu esa, anchagina ilm, qobiliyat va diqqatni talab qiladi. Shuningdek, muhrlar turli shaklda boʻlgan, masalan: qozi va muftiylarniki dumaloq boʻlsa, mudarris va jismoniy shaxslarning muhri toʻgʻri toʻrt burchak yoki boshqa shaklda yasalgan.
Muhrkanlar Markaziy Osiyoda keng tarqalgan nasx, nastaʼliq va suls xat turlarini mukammal bilishi shart hisoblangan.
Arab yozuvining bezaklash imkoniyati har bir harfning turli shakllarda yozilishi bilan izohlanadi. Harfning soʻz boshi, oʻrtasi, oxiri yoki alohida turganda har xil yozilishi ham bezakdorlik uchun hisobga olingan.
Muhr yasashda badiiy-arabiy xat chizmakashlik (grafik) sanʼatidan foydalanilgan. Markaziy Osiyo hududida qator muhrkanlar faoliyat olib borgan, ular nafaqat muhr yasash, balki xattotlik ishlarini ham bajargan.
Markaziy Osiyoda faoliyat olib borgan muhrkanlar (muhrsozlar) haqida maʼlumotlar juda kam. Tarqoq holdagi maʼlumotlar ayrim manbalarda uchraydi. Abulgʻoziy oʻzining “Shajarayi turk” asarida shaharlarda ayrim shaxslar uchun muhrlar tayyorlab beruvchi hunarmandlar – muhrkanlar ham faoliyat yuritgani haqida maʼlumot bergan. Shuningdek, u Xiva xoni Abulgʻozixon XVI asrning birinchi yarmida Avaneshxonning oʻgʻli Dinmuhammad sulton “bozordin bir muhrkanni kelturib, otasining otina muhr qazdurdi”, deb xabar bergan [1:131]. Bunday ustalardan birining nomini XVII asr muallifi Mutribiy ham eslab oʻtadi [2:176].
Yana bir maʼlumot XIX asrning maʼrifatparvar muarrixlaridan boʻlgan Muhammad Solihxoʻjaning “Tarixi jadidayi Toshkand” (“Yangi Toshkent tarixi”) asarida [6:157-158] uchratish mumkin. Muallifning yozishicha, Eshon Abdulvahhob xoja muhrkan Abdusamiʼ xoja xatib oʻgʻli ham mohir xattot boʻlib, keyinchalik Buxoroga koʻchib ketgan. Muallifning ustozi domulla Mir Inoyatulloh esa, asar yozish bilan birga, xattotlikda ham mohir boʻlgan. U Abdurahmon Jomiyning “Sharhi mualla” (Ibn Hojibning “Al-kofiya” asari sharhi) asarini yoshligida husnixat bilan koʻchirgan ekan. A.Murodov ham oʻzining xattotlik tarixiga bagʻishlangan tadqiqotida mazkur shaxslarni Toshkentdagi koʻzga koʻringan xattotlar sifatida sanab oʻtgan. Uning yozishicha, Mir Inoyatullo Jomiyning “Favoyidi ziyoiya” (Jomiyning oʻgʻli Ziyouddin uchun yozgan asari) asarini ham husnixatda koʻchirgan [4:142-143].
Muhrkanlarning yana biri Mulla Mir Ahmadxon boʻlib, Toshkentda ulamolar oilasida tugʻilgan va “Mir” taxallusi bilan ijod qilgan. Mulla Mir Ahmadxon xushxat muhrkan boʻlib, bundan tashqari, qozixonalarda muftiy va aʼlamlik vazifasini bajargan. Murod xoja Solih xojaning yozishicha, u “Fiqhi akbar” (“Katta fiqh”) asarini arabchadan oʻzbek tiliga nazmda tarjima qilgan.
Shoir, adib Sirojiddin Maxdum Sidqiy Xondayliqiy [5] (1884-1934) ham muhrkanlik kasbiga ega boʻlgan. Bu sanʼatdan yaxshigina xabardor boʻlgan. Sidqiy Xondayliqiy XX asr boshlarida toshkentlik qozi, muftiy va mudarrislarga muhr yasab bergan. Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida №7633 raqami ostida saqlanayotgan yigʻma jildda Mirza Hoshim Xoʻjandiy (vaf.1924) va uning shogirdi Sirojiddin Mahdum Sidqiy Xondayliqiyning sanʼatkorona ishlangan bir necha shakldagi oʻyma 471 dona muhr nusxasi mavjud.
Muhrlarni bir necha toifaga boʻlish mumkin: qozikalon, qozi, muftiy, mudarris, aʼlam va ularning farzandlari nomi aks etgan muhrlar [3]. Shuningdek, amaldor boʻlmagan kiborlar avlodlardan boʻlgan sayyid, xoja, toʻra va mirlarning ham muhrlari uchraydi. Mavjud muhrlar Toshkent shahri va uning atrofidagi shahar va qishloq qozilariga tegishli boʻlgan. Bu davrda va undan oldin rasmiy va shaxsiy muhrlarni yasash har kimga ham ishonib topshirilmagan. Bunday masʼuliyatli ishning Sidqiy Hondayliqiyga topshirilgani uning katta mavqega ega boʻlganini koʻrsatadi. Muhrlardagi sanalar taxminan 1326/1908-1336/1918-yillarni koʻrsatadi. Bunday muhrlarning koʻpligi kishini ajablantiradi. Ular keyinchalik shaxsiy muhrlarga aylangan boʻlsa kerak, chunki XIX asr oxirlariga kelib, ruscha muhrlar joriy etila boshladi, masalan: “Narodnыy sudya Sebzarskoy chasti goroda Tashkenta Sыrdarinskoy oblasti” yoki “Narodnыy sudya Kukchinskiy chasti goroda Tashkenta Sыrdarinskoy oblasti”.
Xudoybergan Muhrkan Xivaqiy Muhammad Fano oʻgʻli (1817-yil) Xivaning Bobokarvonboshi mahallasida dunyoga kelgan. Nafaqat xattotlik bilan shugʻullangan, balki muhr oʻyish sanʼatiga ham qiziqqan [7].
Bu muhr egalarining aksariyati hozir bizga nomaʼlum. Bir qismigina Toshkent va uning atrofidagi shaxslarga tegishli ekanini aniqlashga muvaffaq boʻldik. Bu boradagi ishlar hali davom etmoqda.
Ushbu masalalar yechimini topish katta ahamiyatga ega. Bu, oʻz navbatida, birinchidan, Markaziy Osiyo hududida yashab oʻtgan mansabdor shaxslar va ziyolilar faoliyatini tadqiq etishga, ikkinchidan, bu yerda yashab oʻtgan yuksak intellektual qobiliyatga ega boʻlgan shaxslar hayoti borasida toʻliq va obyektiv tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi.
Xondayliqiy tayyorlagan mazkur muhrlarning bir qismi XIX asr oxiri – XX boshlarida faoliyat olib borgan Toshkent qozilariga tegishlidir. Ulardan biri Toshkentda katta mavqega ega boʻlgan Sebzor qozisi Muhiddin xojaniki. Uning muhrlari asosan Markaziy arxivda saqlanayotgan qozilik hujjatlarida uchraydi. Qozi Sebzor qozixonasida yuritilgan turli xil hujjatlarga oʻz muhrini bosgan. Muhrda “Qozi Muhammad Muhiddin xoja ibn Muhammad Hakim xoja Eshon Alaviy, 1304/1887-yil” degan maʼlumot berilgan. Shuningdek, arxivdagi ayrim qozi hujjatlarida bir yoʻla XIX asr oxirida Toshkentning toʻrt hududida qozilik qilgan qozilar muhrini ham uchratish mumkin.
Ularda: Sebzor qozisi Aziz Xoja Eshon ibn Eshon Oy Xoja Hoji shayxulislom (1300/1883-84); Koʻkcha qozisi Mulla Boy Mirza qozi ibn Mirza Ogʻaliq (1300/1883-84); Beshyogʻoch qozisi Odil Xoja Eshon ibn Oftob Xoja Alavi (1300/1883-84); Shayx Xovand Tahur qozisi Muhammad Sharif Xoja Sadr neshin ibn Podshoh Xoja Umariy (1288/1872).
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston oʻlkasida qozilik sudi ishlarini yuritishda yuridik hujjatlarni qayd qilish tartib-qoidalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Chor hukumati amaldorlaridan soʻng xalqni boshqarib, uning ijtimoiy-siyosiy ahvolini tartibga solishda mahalliy qozilarning oʻrni katta boʻlgan. Qozilar aksariyat hollarda mulkiy va oilaviy munosabatlarga oid boʻlgan masalalarni hal etgan. Masalan, mulkiy munosabatlarga: vasiyat, meros, shirkat, kafolat, mulk daʼvosi, yetkazilgan zararni qoplash, oldi-sotdi, ijara, qarz, muzoraba, qarz, omonat, vaqf kabilar kirsa, oilaviy munosabatlarda, asosan, nikoh, mahr va boshqa mulkiy majburiyatlar, hurmati gʻaliza, muayyan sabablarga koʻra nikohni bekor qilish, nasabni belgilash, qarindoshlikni isbotlash, oʻlimni tasdiqlash kabi ishlar boʻyicha daʼvolar koʻrilgan.
Mulohazalardan yana biri shundaki, Turkiston oʻlkasida ham qozilik sudi ishlari shariat ahkomlariga koʻra olib borilgan va unga hanafiy mazhabi qonunlari asos qilib olingan. Bunda shariat ahkomlarini bilish va ulardan foydalanish uchun qozilarga fiqhiy asarlar manba boʻlib xizmat qilgan. Bu esa, oʻz-oʻzidan har bir qozikalon, qozi, muftiy yoki mudarris shu sohaga oid kitobga ega boʻlishini taqozo etgan. Bularni biz deyarli qoʻlyozmalarga bosilgan muhrlar yordamida ulardan har biri kichik boʻlsa ham kutubxonaga ega boʻlganini aniqladik.
Ulardan biri – yuqorida zikr etilgan Sebzor qozisi Muhiddinxoja oʻz shaxsiy kutubxonasiga noyob qoʻlyozma kitoblarni yiqqani ham maʼlum. Masalan, uning kutubxonasida Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Zafarnoma” asarining XVII asrda Samarqandda koʻchirilgan va nafis musavvaralar bilan bezatilgan bir nusxasi saqlangan [8:9-20]. Keyinchalik ushbu nusxa asarning 1972-yilda Toshkentda amalga oshirilgan faksimile nashriga asos boʻldi. OʻzR FA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida № 4457 raqam ostida saqlanayotgan qoʻlyozmada ham qozi Muhiddinxoja muhri bosilgan.
Muhrlar matni tarixini oʻrganish Oʻrta Osiyo tarixi bilan shugʻullanayotgan tadqiqotchilar uchun muhim ahamiyatga egadir.
-
Abulgʻoziy. Shajarayi turk /Nashrga tayyorlovchilar Q.Munirov, Q.Mahmudov. – T.: Choʻlpon, 1992.
-
Ахмедов Б.А. Историко-географическая литература Средней Азии XV-XVIII в. – Т.: Фан, 1985.
-
Зиёдов Ш. “Материалы по среднеазиатской сфрагистике (Ташкент. XIX-начало XX вв.)” Монография. – Самарканд: МИЦАИ, 2020.
-
Murodov A. Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan. – T.: Fan, 1971.
-
Sidqiy Xondayliqiy. Tanlangan asarlari / Tahrir hayʼati: O.Sharafiddinov, N.Aminov, B.Qosimov va boshqalar. Toʻplovchi, soʻz boshi, izohlar Qosimov B., Javharova R. – T.: Maʼnaviyat, 1998.
-
Sultonov Oʻ.A. Muhammad Solihxoʻja va uning “Tarixi jadidayi Toshkand” asari. – T: Oʻzbekiston, 2009.
-
OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondi, inv. № 1135, 1154, 9319, 9578.
-
Oʻrinboyev A. Sharafiddin Ali Yazdiy va uning “Zafarnoma” asari qoʻlyozmasi // Sharafiddin Ali Yazdiy. Zafarnoma. Nashrga tayyorlash, soʻz boshi, izoh va koʻrsatkichlar A.Oʻrinboyevniki. – T.: Fan, 1972.