Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo, Xoʻjayli va Taxiatosh tumanlarida aholi oʻrtasida diniy-maʼrifiy yoʻnalishda targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi U. Muhammadiyev ham faol ishtirok etdi.
Muhammadiyev mahallalarda faoliyat yuritayotgan mahalla yettiligi aʼzolari, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, davlat tashkilotlari xodimlari bilan muloqotda boʻlib, yoshlar oʻrtasida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish, diniy savodxonlikni oshirish hamda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi maʼrifiy immunitetni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.
Tadbirlar davomida mamlakatimizda sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni taʼminlash, jamiyat aʼzolarini turli buzgʻunchi gʻoyalar, diniy ekstremizm va missionerlik taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan tizimli ishlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Xususan, yoshlarning qalbi va ongiga Vatanparvarlik, bagʻrikenglik, millatlararo totuvlik va milliy qadriyatlarga sadoqat kabi fazilatlarni singdirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, ishtirokchilarga davlatning diniy sohadagi siyosat maqsadlari, dunyoviylik va vijdon erkinligi oʻrtasidagi uygʻunlik, hamda bu jarayonda umumjamiyat manfaatlarini taʼminlashning dolzarb ahamiyati xususida ham tushuntirishlar berildi.
Alohida qayd etildiki, amaldagi qonunchilikka asosan, bolalarni rasmiy taʼlimdan tashqarida va ruxsat etilmagan shaklda diniy taʼlimga jalb qilish holatlari qonunbuzarlik hisoblanadi. Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani bunday faoliyatga jalb etish jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Bu esa nafaqat huquqiy, balki maʼnaviy va ijtimoiy oqibatlarga ham olib keladi.
Maʼrifiy uchrashuvlar aholida huquqiy va maʼnaviy ongni oshirish, jamoatchilikda masʼuliyat tuygʻusini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni ongli ravishda turli tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan targʻibot ishlarini yanada faollashtirish zarurligini yana bir bor koʻrsatib berdi.