Inson sabablar dunyosida yaratilgan. Shuning uchun rizqini haloldan topishi, maishiy ehtiyojlarini qondirishi uchun mehnat qilishi zarur. Bu inkor qilib boʻlmas haqiqat. Islomda ishlash faqat pul topish va oilasini boqish degani emas. Balki u ibodat darajasidagi amaldir. Islomda ibodat tushunchasi keng boʻlib, u barcha farz amallarni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, oilasi va oʻzining manfaati uchun xizmat qilish va unga intilish ham shunga kiradi.
Mehnatning ahamiyati roʻzgʻor tebratish koʻrinishida namoyon boʻladi. Bunga quyidagilar dalolat beradi: Alloh taolo rizq topishga harakat qilishni buyurib marhamat qiladi: “Bas, (shunday ekan) sizlar rizqni Alloh dargohidan istangiz va Ungagina ibodat qilingiz va Unga shukr qilingiz!”[1]. Oyatda rizq ibodatga bogʻlanmoqda, chunki rizq beruvchi ibodat qilinadigan zotdir.
Alloh taolo deydi: “Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni koʻp yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz”[2]. Bu oyat ish va savdoni ibodat bilan birga yuritish kerakligini koʻrsatadi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonning oʻz mehnati orqali topgan taomini bu dunyodagi eng yaxshi taom deb taʼriflaganlar: “Miqdom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hech kim qoʻl mehnati bilan topib yeganidan yaxshi taom yegan emas”, dedilar”[3].
Hatto paygʻambarlar Alloh taolo huzuridagi yuksak darajaga ega boʻlishiga qaramay, rizqini kasbi vositasida topgan. Alloh taolo Yusuf alayhissalom haqida: “(Yusuf) dedi: “Meni shu yerning xazinaboni qilib qoʻy! Zero, men (omonatni) saqlovchi va (oʻz ishini puxta) biluvchidirman” [4], dedi. Dovud alayhissalom haqida boʻlsa: “Unga (Dovudga) sizlarga ziyon yetishdan saqlaydigan sovut yasash sanʼatini taʼlim berdik”[5], dedi. Bu hunar qiyin, lekin u paygʻambar boʻlsa ham shu hunarda ishlagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror nabiy yoʻq-ki, qoʻy boqmagan boʻlsa”, dedilar[6]. Imom Muslim oʻzining “Sahih”ida Zakariyo alayhissalomning duradgorlik qilganlarini keltirgan. Sahobalar rizq topish uchun mehnat qilish muhimligini tushundi. Shuning uchun Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Sizlardan hech kim rizq izlashni tark etib, “Ey Alloh, meni rizqlantirgin”, demasin. U biladiki, osmondan na oltin, na kumush yogʻadi. Alloh taolo odamlarni bir-biri sababli rizqlantiradi”.
Bu soʻzlar orqali Umar ibn Xattob faol mehnat qilish, harakat qilish va rizq izlash zarurligini taʼkidlamoqda. U: “Faqat duo bilan cheklanib, harakat qilmaslik notoʻgʻri. Alloh rizqni odamlarga vositalar orqali beradi – yaʼni bir odam boshqasiga sabab boʻladi (ish beruvchi, mijoz, xaridor va h.k.). Osmondan tayyor boylik yogʻmaydi, mehnat qilish kerak” demoqda.
Ishlash oilalar va xonadonlarning ehtiyojini qondirish vositasi, bu esa jamiyatdagi ayrim salbiy holatlar, masalan, oʻgʻirlik yoki tilanchilikning yoʻqolishiga olib keladi.
Islom ishga undaydi, u qanchalik oddiy boʻlmasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Birovingizning arqon olib, yelkasida bir bogʻlam oʻtin olib kelib sotgani va bu bilan Alloh uning shaʼnini saqlagani berishsa-berishmasa, odamlardan tilanganidan yaxshiroqdir”, dedilar”[7].
Bu hadisdagi maʼno shuki, oddiy ish – masalan, oʻtin terish – odamlar oldida tilanishdan koʻra afzalroqdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning bergan sovgʻasidan koʻra oʻz mehnati bilan topilgan ozgina rizqni afzal koʻrganlar.
Jamiyat har qanday halol rizqni qadrlaydi, ish sodda boʻlsa ham, uni yaxshi koʻradi. Insonni jamiyatda baholash vositalaridan biri – uning mehnati. Alloh taolo ish bilan band boʻlgan, ammo ibodatini unutmagan kishilarni madh etib bunday degan: “Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalgʻita olmas”[8].
Agar odam majburan yoki tahdid ostida ishlayotgan boʻlsa, ish haqi juda kam boʻlsa yoki umuman berilmasa, dam olish huquqidan, sogʻliqni saqlashdan, xavfsizlikdan mahrum boʻlib, hujjatlari olib qoʻyilgan boʻlsa, erkin harakatlana olmasa – bu qullikka kiradi. Lekin, inson oʻzi tanlagan kasbda ishlayotgan boʻlsa, sharoiti ogʻir boʻlsa ham maqsadli boʻlsa, huquqlari kafolatlangan, ixtiyoriy ishlayotgan boʻlsa – bu mehnatni “qullik” deb boʻlmaydi. Demak, baʼzilar daʼvo qilayotgandek kun boʻyi ishlash, birovning qoʻlida ishlash hech qanaqasiga “zamonaviy qullik” emas. Aksincha, oilani moddiy taʼminlash, silai rahmni mustahkamlash, yaxshilik ulashish uchun vositadir.