Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida Paxtakor tumanida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari G.Normurodova, Din ishlari boʻyicha qoʻmita viloyat bosh mutaxassisi Ch.Mirzayeva, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi J.Jumayev, markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov, Paxtakor tumani hokimligi masʼullari, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, taʼlim muassasalari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
Muloqot davomida vijdon erkinligi tamoyillari, diniy sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va bu boradagi faoliyatning maʼrifiy asoslari kabi dolzarb mavzular atroflicha muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda global axborot oqimi va yot gʻoyalar tahdidi ortib borayotgan bir paytda, yosh avlod ongida sogʻlom tafakkurni shakllantirish, milliy gʻoya va maʼnaviy qadriyatlarga sadoqat ruhini mustahkamlash, jamiyatda tinchlik, bagʻrikenglik va totuvlikni taʼminlashda taʼlim muassasalari va jamoatchilikning oʻrni beqiyosdir.
Tadbir ishtirokchilari jaholatga qarshi kuch yoki bosim ostida emas, balki maʼrifat, ilm va maʼnaviyat vositasida kurashish zarurligini taʼkidlab, bu borada targʻibot ishlarini izchil va keng qamrovda davom ettirish muhimligini qayd etdi.