Home / XALQARO YANGILIKLAR / MAKKA BILAN TOSHKENT OʻRTASIDA MAʼRIFIY MULOQOT

MAKKA BILAN TOSHKENT OʻRTASIDA MAʼRIFIY MULOQOT

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita vakillari Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan “Ilm” kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn muloqot oʻtkazdi.

Yigʻilishda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduholiqov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, qoʻmita mutasaddilari va “Ilm” kompaniyasining mijozlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Usoma Xattobiy ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy eʼtibori ziyoratchilar oqimini samarali tashkil etish, yuqori standartlar asosida mehmonlarga xizmat koʻrsatish va markazlarda ziyorat yoʻnalishlarini toʻgʻri shakllantirish masalalariga qaratildi. Shu maqsadda Saudiya Arabistonida Haj va Umra kabi yirik ziyorat tadbirlarini tashkil etishda boy tajribaga ega boʻlgan “Ilm” kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Kompaniya vakili Usoma Xattobiy muloqotdan mamnunligini quyidagicha izhor etdi:

“Aslida biz sizlardan ilm oʻrganishimiz kerak. Chunki buyuk mutafakkirlar – Imom Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy va boshqalar aynan sizning yurtingizda yetishib chiqqan. Biz ularni tan olamiz va ularning ilmiy merosi sizning tamadduningizda yuksalgan. Bugungi uchrashuvda bildirilgan fikrlar men uchun juda muhim ahamiyatga ega boʻldi.”

Uchrashuvda “Ilm” kompaniyasi mutaxassislarining Oʻzbekistonga tashrifi, ular tomonidan markazlar xodimlari uchun maxsus oʻquv-treninglar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ushbu hamkorlik Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasi merosini xalqaro miqyosda keng targʻib etish, ziyorat turizmini rivojlantirish va islomiy ilm-maʼrifatni yuqori darajada taqdim etish maqsadlariga xizmat qilishi kutilmoqda.

Manba:cisc.uz

Check Also

BOSH MAQSAD — MILLIY OʻZLIGIMIZNI ANGLASH VA TARGʻIB ETISH

Oʻtgan har bir soniya — tarix. Bu tarixning qanday yozilishi esa jamiyat, insonlar hamda davlat …