Home / MAQOLA / ALLOH ARSHNING USTIDAMI? (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

ALLOH ARSHNING USTIDAMI? (“Al-Eʼtimod fil eʼtiqod” asari asosida)

Ayrim adashgan toifalar Qurʼoni karimdagi mutashobih oyatlarni notoʻgʻri taʼvil qilib, Alloh taologa makon nisbat beradi. Ammo Yaratuvchi makonda boʻlishi joiz emas.

Mushabbiha, mujassima va karromiya toifalari Alloh taoloni Arshning ustida, deb daʼvo qilgan. Hozirgi kunda ularning izdoshlari ushbu daʼvoni qoʻllab-quvvatlayotgani koʻzga tashlanadi. Ular

﴿الرَّحْمَنُ عَلَى الْعَرْشِ اسْتَوَى﴾

“Rahmon Arshga istivo qildi”[1], oyatini dalil qiladi.

Ahli sunna val jamoa eʼtiqodiga koʻra, Alloh taolo makondan oliy va behojat Zotdir.

Adashgan toifalar dalil sifatida keltirayotgan oyatdagi “istivo” soʻzi muhtamal yaʼni, har xil ehtimol va maʼnolarga ega.

Birinchidan, “istivo” soʻzi mukammallik maʼnosida ishlatiladi. Bunga Alloh taoloning Muso alayhissalom haqida:

﴿وَلَمَّا بَلَغَ أَشُدَّهُ وَاسْتَوَى﴾

“Qachonki u voyaga yetib, mukammal boʻlganda”[2], degani misol boʻladi. Yaʼni bu oʻrinda “istivo” – “mukammal boʻlish, kamolga yetish” maʼnosida kelgan.

Ikkinchidan, “istivo” – “qaror topish, joylashish” maʼnosida keladi. Bunga Alloh taoloning Nuh alayhissalomning kemasi haqida:

﴿وَاسْتَوَتْ عَلَى الْجُودِيِّ﴾

“U (kema) Judiy (togʻi)ga joylashdi”[3], degan soʻzi dalil boʻladi.

Uchinchidan, “istivo” – “ega boʻlish” maʼnosida qoʻllanadi.

Ahli sunna olimlari mazkur maʼnolardan Alloh taoloning Zotiga eng munosib boʻlganini tanlagan.

Birinchi va ikkinchi maʼnoni Alloh taologa nisbatan qoʻllash Uning Zotiga loyiq emas. Chunki, Alloh taolo jism emaski, Uni biror makonda deyilsa. Oʻzi mukammal Zotga kamolga yetishni nisbat berish ham nooʻrindir.

Demak, “ega boʻlish” maʼnosini qoʻllash toʻgʻri. Alloh taolo oyatda Oʻzini madh etganiga koʻra, “Rahmon Arshga istivo qildi” jumlasini “Rahmon Arshning egasi boʻldi” deb tafsir qilish lozim. Oyatda Arshni xoslab keltirilganining sababi – u maxluqotlarning eng kattasi boʻlgani uchundir. Bundan Alloh taolo barcha maxluqotning egasi ekani maʼlum boʻladi. Chunki maxluqotlarning eng kattasining egasi boʻlish butun olamning egasi boʻlishni taqozo etadi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Alloh taolo Oʻzi yaratgan maxluqotlardan behojatdir. U Zot Qurʼoni karimda:

﴿إِنَّ اللَّهَ لَغَنِيٌّ عَنِ الْعَالَمِينَ﴾

“Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir”[4], degan. Arsh, yer va osmonlar – barchasi Alloh yaratgan maxluqotlar boʻlib, olam jumlasiga kiradi. Alloh taolo esa olamlardan behojat, yaʼni ularga hojati tushmaydigan Zotdir.

Har bir musulmon eʼtiqodda tanzih (Alloh taolodan noloyiq sifatlarni inkor etish) yoʻlini tutishi lozim. Alloh taolo: “Alloh ular sifatlayotgan narsalardan pokdir”[5] deb, kofirlar nisbat berayotgan narsalarni inkor etgan.

Ayrim toifalarning mutashobih oyatlarni notoʻgʻri talqin qilib, odamlarning sogʻlom eʼtiqodini buzishga urinishlaridan ogoh boʻlish kerak.

[1] Shoʻro surasi, 11-oyat.
[2] Qasos surasi, 14-oyat.
[3] Hud surasi, 44-oyat.
[4] Ankabut surasi, 6-oyat.
[5] Moʻminun surasi, 91-oyat.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

RAQAMLI JAMIYATDA AXLOQ VA QADRIYATLAR

Raqamli jamiyat inson hayotining barcha jabhasida, axloq va qadriyatlar tizimida tub oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Texnologiyalarning …