Bugungi globallashuv davrida ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy ziddiyatlarning kuchayishi jahonda tinchlik va barqarorlikka jiddiy xavf solmoqda. “Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambagʻallik, ekologiya muammolar tobora oʻtkir tus olib bormoqda” [1]. Shunday ekan, insoniyat duch kelayotgan global muammolarning konstruktiv yechimlarini topishga qodir boʻlgan barkamol avlodni tarbiyalash oʻta dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Buni amalga oshirishda boy milliy-maʼnaviy merosimizni, xususan, Qurʼon va hadisi sharif kabi islom dinining muqaddas manbalari, ulugʻ alloma va mutafakkirlarning bebaho asarlarini zamonaviy ilmiy metodologiyalar asosida chuqur tadqiq etish muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Maqolada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 29-sentyabrda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining toʻqqizinchi yillik yigʻilishidagi nutqidan, “Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi”dan, Imom Buxoriyning “Birrul volidayn” (“Ota-onaga yaxshilik qilish”), “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobidan, Alisher Navoiyning “Xamsatul mutahayyirin” va “Arbaʼin” asarlaridan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Al-adab al-mufrad” va shuningdek, Najmiddin Komilovning “Tasavvuf: Komil inson” asaridan foydalanildi.
Tadqiqotda ilmiy bilishning tarixiylik va mantiqiylik, analiz va sintez, taqqoslash, umumlashtirish, sinergetik tahlil kabi usullaridan foydalanilgan.
Islom dini tom maʼnoda ezgulik va tinchlik dini boʻlib, uning mazmun-mohiyati yaxshilik, insoniylik, bagʻrikenglik va hamjihatlik kabi qadriyatlar targʻibotidan iborat. Alloh taolo Qurʼoni karimda “Afvni ixtiyor eting, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz oʻgiring” [7], deb marhamat qiladi.
Darhaqiqat, kechirimlilik, yaxshilikka buyurish va ilm olish fazilati jamiyatdagi ziddiyatlarni bartaraf etish va barqarorlikni taʼminlashning muhim omillari hisoblanadi. Falsafaning “Murakkablikdagi oddiylik” tamoyiliga koʻra, beqarorlik holati turli omillar taʼsirida roʻy beradigan murakkab jarayon boʻlib, milliy qadriyatlar beqarorlikni bartaraf etishning sodda yoʻli sifatida ilm olishni tavsiya etadi. Chunki barcha ziddiyat va muammolar asosan ilmsizlik oqibatida sodir boʻladi.
Islomda husni xulq masalasiga katta eʼtibor qaratilgan. Xususan, Alloh taolo Qurʼoni karimning Qalam surasi, 4-oyatida “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz” [7], deb marhamat qiladi.
Valid ibn Numayr ibn Avsdan rivoyat qilinadi: “U otasining: “Ular: “Solihlik Allohdan, odob otalardan”, deyishar edi”, deganini eshitgan ekan”. Bu rivoyatdan bolaning kim boʻlib yetishishi shubhasiz Alloh taoloning qadari ila boʻlsa ham, uning odobli boʻlishida ota-onaning oʻrni katta ekani maʼlum boʻladi. “Solihlik kishidagi axloqiy sifatlardan boʻlib, uning yaratilishidagi asl xilqatdir. Ulamolar inson yaratilishidagi oʻsha asl xususiyat xamirturush oʻrnida boʻladi, u yaxshilik ila davom ettirilsa, haqiqiy sifatga aylanadi”, deganlar [6:220].
“Odob” – adab soʻzining asl maʼnosi “chaqirish”dir. Keyinchalik bu soʻz taʼlim-tarbiya sohasiga nisbatan ishlatilgan. Kishi farzandiga oʻzini qanday tutish haqida taʼlim bersa, “bolasiga adab berdi” deyilgan.
Istilohda eshituvchi va oʻquvchida kuchli taʼsir qoldiradigan va undagi narsani qayta qilishga urinish ruhini qoldiradigan chiroyli kalomga ham “adab” deyiladi. Bizda buning koʻplik shaklida, yaʼni “adabiyot” shaklida ishlatish odatga aylangan. Adabiyot bilan shugʻullanuvchi shaxsni “adib” deyilishi esa, uning odamlarni oʻz ijodi ila odobga chaqirishi, yaxshilikka undab, yomonlikdan qaytarishi tufaylidir.
Odobdan maqsad, insonning fazilatlardan bir fazilatga erishish uchun qiladigan maqtovga sazovor urinishidir. U – karamli axloqlarga amal qilish, maqtalgan soʻz va ishlarni amalga oshirishni anglatadi. Odob – keyin oʻrganiladigan, urinish ila amalga oshadigan xislat boʻlib, u egasini oʻziga ayb keltiradigan narsalardan saqlaydi [6:221].
Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, men solih axloqlarni batamom qilish uchun yuborilganman, deganlar” [6:442].
Demak, bundan U zotga yuklangan sharafli vazifalardan, risolat berilishining asosiy sabablaridan biri – yaxshi axloqni barkamol qilish va takomilga yetkazish ekani maʼlum boʻladi. Ushbu jarayon oʻz-oʻzini tashkillashtirish falsafiy tamoyilini aks ettirib, ochiq ijtimoiy tizim hisoblangan insonni ilm, taʼlim va tarbiya vositasida kamolga yoʻnaltirish mumkinligini koʻrsatadi.
Abu Dardodan rivoyat qilingan hadisda: “Tarozida husni xulqdan koʻra ogʻirroq narsa yoʻq” [6:439-440] ekani taʼkidlanadi. Ushbu hadis orqali oxiratda amallar taroziga qoʻyilganda husni xulq (chiroyli xulq)dan, insonning muhim sifatiga aylanib qolgan xislatdan qimmatroq narsa yoʻq, deyilmoqda. Husni xulq, yaʼni goʻzal xulq – oʻzaro munosabatda oʻylab, chiroyli muomala qilish qoidalarini oʻzida mujassam etadi. Chunki muayyan sifatlarga ega boʻlgan inson oʻzini oʻsha darajaga muvofiq tutadi, doim chiroyli axloq bilan harakat qilishga odatlanadi, ziddiyat va kelishmovchiliklarga oʻrin qoldirmaydi.
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz (s.a.v): “Ichingizda eng yaxshingiz xulqi yaxshilaringizdir, deganlar” [6:440].
Demak, moʻmin-musulmonlarning orasida kim yaxshi, deb soʻralsa, ushbu hadis bilan husni xulqli boʻlganlaridir, deb javob beriladi.
Jubayr ibn Nufayrdan rivoyat qilinadi: “Navvos ibn Samʼon Ansoriy Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamdan yaxshilik va gunoh haqida soʻradi. Shunda u zot: “Yaxshilik – bu husni xulqdir, gunoh esa koʻngling tortgan, lekin odamlar bilib qolishini istamagan narsangdir”, deb javob berdilar” [4:90].
Yuqorida keltirilgan hadislar mazmunidan maʼlum boʻladi-ki, ijtimoiy munosabatlarda husni xulq muhim oʻrin tutar ekan. Shunday ekan, farzandlarimizni ilk davrlardan boshlab goʻzal xulqli qilib tarbiyalash, ular ongi va qalbiga islom dini, boy milliy qadriyatlar asosida muomala madaniyatini chuqur singdirish lozimdir.
Abdulloh ibn Amrdan rivoyat qilingan hadisda Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Toʻrt xislat bor. Agar shu xislatlar senga berilsa, dunyoda qolgan har narsadan bebahra qolsang ham senga zarari tegmaydi. Husni xulq. Luqmaning iffatli boʻlishi. Rostgoʻylik. Omonatni muhofaza qilish, deganlar” [6:461].
Ushbu sifatlarni sinergetik tartib parametrlari deyish mumkin. Chunki ular bosqichma-bosqich ravishda insonni kamolga olib chiquvchi yaxlit bir jarayonni tashkil etadi.
Luqmaning pok va iffatli boʻlishi ham katta xayr-barakadir. Bunda odam ishtahani oʻrtacha tutib, shubhali taomdan, tamadan saqlanadi va boriga qanoat qilib, hurmat topadi.
Rostgoʻylik muhim axloqiy tamoyildir. Bunday sifat egasi koʻnglidagini tili ila roʻy-rost ifoda etadi.
Omonatdorlik ham ulugʻ fazilatdir. Odamlar uning sohibidan joni va moli omonda boʻlishiga komil ishonch bildiradi.
Husni xulq, komil insonni tarbiyalash masalalari barcha zamonlarda oʻta dolzarb boʻlib, ulugʻ alloma va mutafakkirlar maʼnaviy merosining mazmun-mohiyatini tashkil etgan.
Jumladan, tasavvuf – inson kamoloti, axloqiy poklanish haqidagi ilmlardan boʻlib, ushbu tushuncha komil inson konsepsiyasida aniq koʻzga tashlanadi. Inson uchun qaygʻurish, uning maʼnaviy kamolotini taʼminlash tasavvufning doimiy oʻzak masalasi boʻlib kelgan. Ayniqsa, insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh va jism orasidagi kurash soʻfiylarni koʻp qiziqtirgan. Ular insonda azaliy ikki qarama-qarshi kuch-rahmoniy va shaytoniy quvvatlar borligini, inson Allohning bandasi sifatida shayton qutqusini yengib, rahmoniy fazilatlarga ega boʻlishi lozimligini taʼkidlaganlar. Insonning hayotdagi oʻrni, jamiyat boʻlib yashash tartiblariga ham shu mavqedan turib qaralgan, chunonchi, ijtimoiy nizolar, urush-janjallar, mulkiy tengsizlikning tub mohiyati, bosh sababini ham tasavvuf inson tabiati va siyratidan qidiradi. Insonning axloqini tuzatishni uning tabiatidagi salbiy, hayvoniy kuchlarni mavh etishdan boshlash kerak, deb tushuntiradi. Tasavvuf namoyandalari inson tabiatidagi salbiy kuchlarni umumiy nom bilan “nafs” yoki “nafsi ammora” deb atadilar va unga qarshi kurash eʼlon qildilar. Mol-dunyo toʻplash, nafsga tobelik, hirsu havas qatʼiy qoralandi. Insonni noqisligu falokatlardan qutqarishning birdan-bir toʻgʻri yoʻli – nafsni oʻldirib, qanoat bilan halol yashash, ruh – irodani chiniqtira borib, insonda insoniylikni, yaʼni ilohiylikni tantana ettirish zarur, deb targʻib qilindi. “Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi Mutlaq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, surati saranjom, qalbi ezgu tuygʻularga limmo-lim pokiza zotdir”, deb taʼriflandi [9].
Buyuk shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy asarlarida komil insonni tarbiyalashga oid ezgu gʻoyalar Qurʼoni karim oyatlari va hadislar mazmuniga hamohang ravishda diniy va dunyoviy ilmlar uygʻunligida ilgari surilgan.
Mutafakkir insonni mukarram zot sifatida ulugʻlash asnosida zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklab, uni taraqqiyotga, takomilga yoʻnaltiradi. Xususan, “Xamsatul mutahayyirin” asarida katta olam deb atalmish inson qalbi boʻlmagan jahonning jahon emasligi, bunday jahon boʻlganda ham u maqsadsiz va qusurli ekani taʼkidlanadi:
Tasavvuf ahli olami sugʻro – “kichik olam” deb bu dunyoni, olami kubro – “katta olam” deb esa inson qalbini, uning oʻzini atagan [8].
Alisher Navoiyning “Arbaʼin” asarida islom dinining ezgu mohiyatini aks ettiruvchi qirq hadis sheʼriy uslubda bayon etilgan.
Jumladan, mazmunida muhim ijtimoiy qoida mujassam boʻlgan “Birortangiz oʻzi uchun yaxshi koʻrgan narsani birodariga ham ravo koʻrmagunicha moʻmin boʻla olmaydi” [5:118] hadisi quyidagicha ifoda etilgan:
Ushbu hadisga amal qilinsa, odamlar oʻrtasida yuzaga keladigan turli tushunmovchiliklar oldi olinadi. Chunki ziddiyatlar paydo boʻlishining asosiy sababi har bir inson oʻzi uchun bir oʻlchov, boshqalar uchun boʻlak oʻlchov qilinishidir. Yaʼni oʻzi yoqtirgan narsani oʻzgalarga ravo koʻrmaydi va oʻzi yoqtirmaydigan narsani boshqalarga ham yoqtirmaydigan holda boʻlmaydi. Mazkur hadisga amal qilinsa, oʻz-oʻzidan jamiyat isloh boʻladi.
“Musulmon – musulmonlar uning tili va qoʻlidan omonda boʻlgan kishidir” [5:98], degan hadis Navoiy talqinida quyidagicha koʻrinish kasb etgan:
Musulmonlikka daʼvo qilgan kishi hatto oʻzgalar uchun jon fido qilgan taqdirda ham toki tili va qoʻlidan musulmonlar omonlikda emas ekan, uni chin musulmon deb boʻlmasligi aytilmoqda.
“Ikki xislat moʻmin kishida jam boʻlmaydi. Birinchisi baxillik, ikkinchisi badxulqlik, degan” [6:450] hadis moʻminda “baxillik” va “badxulqlik” kabi yomon sifatlar ayro holda ham, birgalikda ham jam boʻlishi mutlaqo mumkin emasligini anglatib, kishini kamolga yoʻnaltiradi.
Xulosa qilib aytganda, islom dinining muqaddas manbalarida, ulugʻ alloma va mutafakkirlar maʼnaviy merosida komil insonga xos boʻlgan husni xulq, yuksak axloqiy fazilatlar keng tarannum etilgan. Insonning oʻzligini, maʼnaviy dunyosi sarhadlarini belgilovchi mazkur ezgu tamoyillar barkamol avlod tarbiyasida muhim rol oʻynab, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashga xizmat qiladi.
-
Sh. Mirziyoyevning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining 9- yillik yigʻilishdagi nutqi// https://president.uz/uz/lists/view/7570.
-
Alisher Navoiy. Arbaʼin. MAT. 20 jildlik. 16-jild. – T.: Fan, 2000.
-
Alisher Navoiy. Xamsatul mutahayyirin. Mukammal asarlar toʻplami (MAT). 15 t. – T.: Fan, 1999.
-
Imom Buxoriy. Birrul volidayn. (Ota-onaga yaxshilik qilish). Tarjima va izohlar muallifi: Alouddin Hofiy / – T.: Bio-faktor press, 2024.
-
Sahihi Buxoriy sharhi. 2-jild. –T.: Hilol-Nashr, 2022.
-
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Al-adab al-mufrad. 1-juz. – T.: Sharq, 2011.
-
Qurʼoni karim maʼnolari tarjimasi. Tarjimon va izohlar muallifi Abdulaziz Mansur.