Home / MAQOLALAR / ALISHER NAVOIY – SHARQ RENESSANSINING ULKAN NAMOYANDASI

ALISHER NAVOIY – SHARQ RENESSANSINING ULKAN NAMOYANDASI

Oʻzbek xalqining ulugʻ shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandalaridan biridir. Uning nomi va merosi Gomer va Dante, Roʻdakiy va Firdavsiy, Nizomiy va Shota Rustaveli, Saʼdiy va Jomiy, Shekspir va Balzak, Pushkin va Tolstoy, Rabindranat Tagor va Lu Sin kabi ulkan soʻz sanʼatkorlarining nomi va merosidek oʻlmasdir.

Adabiyotshunos, shuningdek, navoiyshunos olim Natan Mallayev Navoiyning yaxshi niyat va orzulari asrlar osha bashariyatga xizmat qilayotganini qayd etgan, yaʼni Navoiy: “Umidim uldurki va xayolimgʻa andoq kelurki, soʻzim martabasi avjdan quyi enmagay va bu yozgan asarlarimning tantanasi aʼlo darajadan oʻzga yerni yoqtirmagay” degan edi. Navoiy yanglishmadi. Uning orzulari ayniqsa, bizning zamonda roʻyobga chiqdi [14:400].

Alisher Navoiy – Sharq Renessansining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida, ayniqsa, turkiyzabon xalqlar madaniy va maʼnaviy hayotining rivojida alohida oʻrin tutadi. U oʻz asarlarida maʼnaviy poklik, xalqsevarlik va maʼrifatparvarlikni kuylab, avlodlarga katta adabiy-falsafiy va ilmiy meros qoldirdi. Navoiyning jamiyat taraqqiyoti, shaxs kamoloti bilan bogʻliq fikr va mulohazalari qadimgi dunyo faylasuflari gʻoyalari bilan hamohangdir. Navoiy ijodining bosh xususiyatlaridan biri, soʻzsiz, kishilar oʻrtasidagi mehr-muhabbat, oʻzaro hurmat, bagʻrikenglik va ezgulikning markaziy oʻringa qoʻyilishidir. Navoiy butun ongli hayotini turkiy xalqlarning nufuzini, milliy gʻurur va milliy oʻziga xosligini qayta tiklashga sarflagan buyuk vatanparvardir. Navoiy tufayli dunyo xalqlari turkona madaniyat va maʼnaviyatga alohida ehtirom koʻrsata boshlagan. Hazrat Navoiy oʻz hayotini xalqimiz ilm-fani va sanʼatini rivojlantirishga, mamlakat ravnaqi, xalq va millatning tinch-totuv yashashi hamda davlat qudratini mustahkamlashga bagʻishladi. Sulton Husayn Boyqaro ul zotni “mamlakat ustuni, davlat tayanchi” deb bejiz atamagan [3:499]. Navoiydagi bagʻrikenglik, adolatlilik, donolik, siyosatdonlik va fuqarolarga gʻamxoʻrlik fazilatlari sultonga davlatni adolatli boshqarishda yaqindan yordam bergan. Shuning uchun ham sulton Navoiyni doʻst sifatida benihoya ulugʻladi va qadrladi. Har qanday sharoitda ham uni yonidan uzoqlashtirmaslikka harakat qildi. Ularning birga boʻlishi davlatni mustahkamlash, adolat oʻrnatish, har sohada, jumladan, til, madaniyat, sanʼat, ilm-fan sohalarini rivojlantirish bilan birga, davlatning mudofaa qudrati, xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirishga xizmat qildi. Hazrat Navoiy garchi hayotining mazmunini ijod qilishda deb bilsa ham, davlat va xalq manfaatini oʻylab, xalq osudaligi yoʻlida sulton yonida turib muhim davlat ishlarini bajardi. Navoiy Amiri kabir – bosh vazir sifatida uzoq yillar davlat boshqaruvining eng muhim va nozik boʻgʻinlarida, sud – adliya, ichki ishlar, soliq tizimi, tashqi diplomatik aloqalar, ichki nizolar, chegara muammolari, umumxalq yigʻinlari va tadbirlarida davlat va xalq manfaatlarini uygʻunlashtirdi va himoya qildi. Navoiy davlat xizmatini mansab va obroʻ emas, balki millat qadriyatlarini tiklash va butun dunyoga tan oldirishdek ulkan vazifani amalga oshirish uchun bir imkoniyat va vosita deb bildi [17:3-4].

“Boburnoma”dan: “Fargʻona viloyati beshinchi iqlimdindur… Yetti pora qasabasi bor. Besh Sayhun suyining janubi tarafida, ikki shimol jonibida, Janubiy tarafidagi qasabalar: bir – Andijondurkim, vasatta voqeʼ boʻlibdur, Fargʻona viloyatining poytaxtidur… eli turkdur. Shahar va bozorida turkiy bilmas kishi yoʻqtur. Elining lafzi qalam bila rostdur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannofoti, bovujudikim Hirotda nashʼu namo topibdur, bu til biladur” . “Alisherbek naziri yoʻq kishi edi. Turkiy til bila to sheʼr aytibdurlar, hech kim oncha koʻp va xoʻb aytqon emas” [10:214].

Xuroson va Movarounnahr tarixida “Temur va temuriylar davri” deb ataladigan davr  Navoiyning tahsin va gʻururini uygʻotar edi, chunki bu davr “turk ulusi” zodagonlarining hokimiyat boshiga kelishi va milliy madaniyat hamda adabiyotining taraqqiyoti davri ham boʻldi. Zotan, Xuroson va Movarounnahrning bu davr tarixi genial shoirning bunyodga kelishiga zamin hozirlagan edi.

Navoiy tugʻilgan yili Temurning olamdan oʻtganiga 35-yil toʻlgan edi. Bu yillar ichida (1369-1405-yillar orasida) esa “Temur davlati” deb atalmish katta imperiya ham vujudga kelib, ham parchalanib ketgan edi [11:20].

XV asr jahon maʼnaviyatining buyuk siymosi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hijriy 844-yil ramazon oyining 17-kuni (1441-yil 9-fevral)da Hirotda tugʻilgan. Hirot shahri XV asr birinchi yarmida Sohibqiron Amir Temur asos solgan ulugʻ saltanatning ikkinchi poytaxti, Temurning kenja oʻgʻli Shohrux Mirzoning qoʻl ostidagi obod manzillaridan biri edi.

Alisher tugʻilgan xonadon temuriylar saroyiga azaldan yaqin va yurtda muayyan nufuz sohibi edi. Boʻlgʻusi shoirning otasi Gʻiyosiddin Muhammad oʻgʻlining tarbiyasiga jiddiy eʼtibor bergan.  Alisherning sheʼriyatdagi ilk ustozi togʻasi Mir Sayyid Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiylardir. Navoiy “Majolisun nafois” asarida Kobuliy haqida: “Yaxshi tabʼi bor erdi, turkchada mayli koʻproq erdi…” – desa, Gʻaribiy haqida: “Xush muxovara (xushsuhbat) va xushxulq va dardmand yigit erdi. Koʻproq sozlarni yaxshi chalar erdi. Uni ovozi  va usuli xoʻb erdi. Musiqiy ilmidin ham xabardor erdi…” – deydi.

1447-yilda Shohrux vafot etgach, temuriy shahzodalar oʻrtasida toj-taxt dardi xuruj qilib, yurtda talotoʻp boshlandi va Gʻiyosiddin Muhammad xonadoni ham koʻp qatori vatanni tark etdi. Yosh Alisher uchun taqdir sinovlari boshlandi. Shohruxning nabirasi Abulqosim Bobur 1452-yilda Hirot taxtiga oʻtirgach, Alisherning otasini Sabzavorga hokim etib tayinladi. Lekin oradan koʻp oʻtmay Gʻiyosiddin kichkina dunyodan koʻz yumdi. Bu paytda Alisher endigina 12 yoshga qadam qoʻygan edi. Abulqosim Bobur Alisher va uning maktabdosh doʻsti  Husaynni oʻz tarbiyasiga oldi, 1456-yili esa oʻzi bilan Mashhadga olib ketdi. Keyinchalik Husayn Boyqaro sipohiylik yoʻlini tanladi, Alisher esa zamonaning “malikul kalom”i mavlono Lutfiy tahsini va hayratiga sazovor boʻlgan isteʼdod egasi boʻlib yetishdi. “Faqirning nazmlari Xurosonda shuhrat tutib erdi”, deb yozadi Navoiy 1455-1458-yillar haqida [15:208].

Alisher Navoiyning oʻzi urugʻ-aymogʻi borasida deyarli maʼlumot qoldirmagan. Faqat togʻalari Mir Said Kobuliy va Mu­hammad Ali Gʻaribiy, ukasi Darvishali xaqida “Majolis”da bir oz toʻxtaladi, u ham boʻlsa, tazkira talabi nuqtayi nazardan juda qisqa [6:66-67]. Otasi toʻgʻrisida esa mavzu talab qilganda bir oz gapirishga majbur boʻlgan joylari mavjud. Masalan, “Majolis”da Mir Shohiy nomli shoir jasadi Astroboddan vatani Sabzavorga olib kelingan paytda otasi bu yerda hukumat ishlarini boshqarib turganini aytib oʻtadi [6:28]. Uning qancha payt hokimlik qilgani va Alisherlar oilasining Sabzavordagi hayotiga doir boshqa maʼlumot keltirmagan. “Badoye ul-bidoya”da “otam bu oston xokbezi, onam ham bu saroy boʻston kanizi”, – deb ularning temuriylar xonadoni xizmatida boʻlganini kamtarona tarzda taʼkidlab oʻtgan [4:17]. “Vaqfiya” asarida “bu hoksorning ota-bobosi ul xazratning bobo va ajdodi xizmatlaridakim xar biri saltanat konining gavhari va shujoat beshasining gʻazanfari erdilar – ulugʻ marotibxa sazovor va biyik manosix komgor boʻlgʻon erdilar”, deb [5:246] oʻzining nasl-nasabiga ishora qilgan. Ammo negadir biron bir asarida ota-onasi haqida aniq maʼlumot qoldirmagan.

Faxriy Hirotiyning “Latoifnoma”sida yoziladi: “Mirning tarjimayi holidan xabardor moʻysafid tarixchilar va toʻgʻri soʻzli dunyo koʻrganlar oʻz asarlarida shunday keltiradilarkim, Mirga amirlik mansabi merosiydur. Uning otasi Amir Kichki­na sulton Abusaidning xizmatida edi. Garchi muhru mansabi boʻlmasa xam, katta hurmatga ega edi. Ona tomondan bobosi Amir shayx Abusaid Chang Mirzo Boyqaro xonadonida amirul umaro edi. Mir oʻn yoshligidan Bobur mirzo xizmatida boʻlib, (sul­ton) uni farzandidek koʻrardi. Mir zamon sultoni (Husayn Boy­qaro) bilan maktabda hamsuhbat va hamsaboq edi. Ular qachon boshlariga baxt qushi qoʻnsa, bir-birini unutmaslikka ahdu paymon bogʻlashgan ekan” [20:133]. Faxriyning tazkirasi Navoiy vafotidan soʻng – 1521-1522-yili yaratilgan.

Manbalarda keltirilishicha, Navoiy yoshlik davrining bir muddatini Abulqosim Bobur saroyida oʻtkazgan. Abulqosim Bobur 1456-yili qishlash uchun Mashhadga koʻchganda Alisher va Husayn Boyqaro ham u bilan ketadi. Oʻsha qish (1457) Abulqosim Bo­bur vafot etadi. Xondamir “Habibus siyar”da aniq koʻrsatishicha, Alisher Navoiy Abulqosim Bobur bilan birga Mashhadda boʻlgan va sulton vafotidan keyin shaharda qolib, ilm takomili bilan shugʻullangan [21:217].

Alisher Navoiy “Holoti Pahlavon Muhammad” asaridagi Pahlavon bilan uchrashuvi zikrida oʻzini Mashhadga “ayni iflosu falokat va sarnavishu ranjurish” yetaklab kelgani  va bu zamonda Xuroson Abusaid Mirzo qoʻlida boʻlib, Hirot ahli Samarqand ahliga asir va mute boʻlganini koʻrsatadi [7]. Diqqat qilsangiz, Navoiy aytmoqchi, uni Mashhadga tortgan sabablar, bu ifloslik, yaʼni oʻrta asrlarda bu kalima chorasizlik maʼnosida ishlatilgan; ikkinchisi – falokat, uchinchisi esa sarnavisht, yaʼni taqdir, peshona hamda toʻrtinchisi – ranjurish. Mazkur oxirgi kalima ham forsiy boʻlib, xafachilik maʼnosini bildiradi. Demak, Alisher chorasizlik, falokat, taqdir va xafagarchilik oqibatida Mashhadga kelgan. Bu alamzada ohangni biz bilgan Abulqosim Bobur davriga bogʻlab boʻlmaydi. Alisher Abulqosim Boburga farzand oʻrnida hisoblanardi (Davlatshoh  Samarqandiy) va uni Mashhadga Bobur keltirgan edi. Koʻrinib turibdiki, voqea Abusaid zamonasida roʻy bergan. Maʼlumki, Abusaid Abulqosim Bo­bur vafot etgan yildayoq Xurosonni egallaydi.

Bobur aslida “Abusaid Navoiyni Samarqandga nega sur­gun qildi?” deb emas, balki “Bilmayman, qaysi gunohi uchun Hirotdan chiqarib yubordi?” degan mazmunda gapirgan. Mana shu farqni tushunishning oʻziyoq shoir tarjimayi holidagi baʼzi toʻqimalarni bekor qiladi. Bobur Navoiyning saroydan ketishi Abusaid bilan bogʻliqligini bilib, shohning xatti-harakatini qoralagan. Chunki shoirlar va ilm ahliga homiylik qilish shohlik rasmi boʻlgan. Shoirlar va ilm ahli siyosatda betaraf boʻlgan. Ular bir podshohdan qanchalik muruvvat koʻrsa, uning vafotidan keyin unga muxolif (hatto qotili) boʻlgan keyingi podshohlardan ham shunchalik muruvvat koʻrgan.

Xurosondan Samarqandga ketib, Xoja Jaloliddin Fazlulloh (Abulays) xonaqosida yashadi. Bu hayot shungacha davom etdiki, Sulton Ahmad – Husayn Mirzoga qarshi Amudan kechib, Xurosonga yurish qilganda Amir Alisher ham uning oʻrdusida edi. Abusaid Mirzo oʻlimi voqeasi va Husayn Boyqaroning Hirotni istilo etgani haqidagi xabar aniqlangandan soʻng Ahmad Hojibekdan ruxsat olib, Hirotga yuzlandi.

Bu esa Abusaid Navoiydan mutlaqo xavfsiramaganini bildiradi. Agar sulton Navoiyning Husayn Boyqaroga yaqin aloqasi borligi uchun dushmanona kayfiyatda boʻlganda edi, unda Abulqosim Boburning amirlarini oʻz xizmatiga olganini qanday izohlash mumkin? Ularning koʻpchiligi Husaynning ustozi va yaqinlari boʻlgan. Xuddi shunday: sulton Husayn Boyqaro ham Abusaidning amirlarini oʻz xizmatiga olgan. Temuriy sultonlar nazdida koʻkaldoshlar va amirlar qaysi bir temuriy sultonga xizmat qilganiga qarab emas, balki, umuman, temuriylar sulolasi sultonlariga sodiqligiga qarab qadrlangan. Shuning uchun ham sultonlar oʻzgaraversa-da, koʻpchilik amirlar izzat-hurmatda qolavergan. Koʻkaldoshlar temuriylarga yaqin kishilar sifatida shu davlat hududida xos eʼtiborga ega boʻlgan. Temur tuzuklariga binoan, gʻanim tarafidan kimki oʻz davlatidan umidini uzib, boshqa bir podshoh qoshiga kelib, xizmatiga kirsa, bu podshoh uni aziz tutishi, uning muxolif podshoga vafodorligini unutib, martabasini ulugʻ qilishi lozim boʻlgan. Bu jihatdan ham tadqiqotlarda aytilgan Abusaidning Navoiyga Husayn bilan birga oʻsgani uchun yomon munosabatda boʻlishi haqiqatga toʻgʻri kelmaydi[1].

Xullas, Navoiyning Abusaid Mirzoga salbiy munosabati uning oʻzigagina maʼlum sir boʻlib qoldi. Masalaning ikkinchi tomoni muhimroq. Navoiy Hirotdan chiqib, Mashhadga borgan ekan, nega muayyan vaqt oʻtib, Samarqandga ketish istagi tugʻildi ekan? Axir, Samarqand shu paytlari ham Abusaidning jiddiy nazorati ostida edi-ku.

Shu oʻrinda quyidagilarga eʼtibor qaratish lozim. Hijriy 869 (1464 – 1465) yili Hirot dorus saltanasining hokimi – Vafoiy taxallusi bilan ajoyib sheʼrlar yozgan Ahmad Hojibek Abusaid Mirzoning farmoni bilan shahzoda sulton Ahmad Mirzoning eshik ogʻasi sifatida uning nomidan hukumatni boshqarish uchun Samarqandga yuboriladi [16:290]. Agar Alisher Hirotda yashab yurganida Abusaid tarixini yozayotgan Mavlono Abusamad Badaxshiy [13:44] va sultonning xos mulozimi Shayxim Suhayliy bilan yaqindan oshnoligi hisobga olinsa, Ahmad Hojibek bilan ham yaqin munosabatda boʻlgani aniqlashadi. Chunonchi, “Majolisun nafois”da u yozadi: «…Vafoiy taxallus qilur. Surati xush va siyrati dilkash, axloqi hamida va atvori pisandida yigitdur. Xurosonda tarbiyat topti. Hirot dorus saltanatida oʻn yilga yaqin hukumat qildi. Samarqand mahfuzasida ham muddate hokim erdi…» [13:151].

Mashhadda tushkun kayfiyat bilan yurgan Alisher iloji boricha uzoqroqqa ketishni istagan va buning isbotini “Ilk devon” gʻazallarida koʻrish mumkin [9:168]. Ahmad Hojibek Sa­marqandda Navoiyga qulay sharoit yaratib berishi mumkin edi. Yuqorida “Ravzatus safo”dan keltirilgan iqtibosda Navoiyning Ahmad Hojibek bilan suhbatdosh boʻlgani haqidagi maʼlumot shunday xulosaga olib keladi.

Ehtimol, Alisher shoirtabiat va fozil hukmdorni qora tortib, Samarqandga borishni ixtiyor etgan boʻlsa, ajab emas.

Navoiygacha Navoiy boʻlmagan, Navoiy davrida Navoiy Navoiyning oʻzi, Navoiydan soʻng Navoiyday boʻladimi, yoʻqmi – bu dargumon – degan hikmatomuz taʼbir Samarqandda paydo boʻlgan. Darvoqe, Sharq adabiyotida Bobosulton Na­voiy, Mullo Shamsiddin Muhammad Navoiy, Mir Muhammad Sharif Navoiy, Baqoiy Navoiy kabi Navoiylar oʻtgan. Biroq har qaysisi oʻzicha Navoiy boʻlgan va birortasi ham Alisher Navoiy boʻla olmagan. Shu sababdan ham Samarqandga Alisher Navoiyning poyqadami 1465-yili tushgandan boshlab qadimiy va hamisha navqiron shahrimizning ahli donishlari Alisher Navoiy haqida gap boshlagan va yillar, oʻn yillar, yuz yillardirki uni oʻz shahrining barhayot fuqarosi sifatida ardoqlab, qayerda sheʼr va shuaro, maʼrifat va madaniyat, aql va odob, maʼnidonlik va hozirjavoblik toʻgʻrisida gap ketsa, unga murojaat etgan, uning bitmas va tuganmas merosidan bahramand boʻlgan, undan javob axtarib topgan [2:79].

“Hayratul abror”ning 11 maqolatidagi:

Tongla qilib sayr madoris aro,
Madrasalar ichra majolis aro…

misralaridan ravshanki, Alisher Navoiy oʻz maktabdoshlari Yusuf Andijoniy, Yusuf Safoiy, Mirzo Xoja Soʻgʻdiy va Harimiy Qalandar bilan birga oʻsha vaqtdagi Samarqand fozillarining “aʼlamul ulamosi” Fazlullo Abulays madrasasida oʻqib, oʻsha yerdagina sokin boʻlib qolmadi, bal­ki Samarqand qayerida madrasa, mudarris, “majolis” – ilmiy majlislar boʻlsa, oʻsha yerda  hozir boʻlishga urindi. Alisher Navoiyga xos boʻlgan dilkashu dilrabo harakat va gʻayrat Samarqandning oʻsha kezlardagi madaniy muhitidan bahramand boʻlishga muxlis boʻlgan xorazmlik, hirotlik, andijonlik, toshkentlik, qarshilik, badaxshonlik, marvlik tolibi ilmlarni ham qiziqtirmay qoʻymas edi.

Alisher Navoiy Mirzo Ulugʻbekni “…kamoloti bagʻoyat koʻp erdi” deb taʼriflagan ekan, bu taʼrif zaminida barkamollikda Ulugʻbek darajasiga koʻtarilish lozim degan maqsadni koʻzda tutgan edi. “Hayʼat va riyoziyni koʻp bilur erdi. Andoqkim zich bitdi va rasad  bogʻladi va holo aning zichi aroda shoeʼdur» deganida, uning «Yulduzshunoslik jadvali” ni biz oʻrganar edik, hisobdonlik, yulduzshunoslikda Ulugʻbekdan ibrat olish lozim, degan muhim gʻoyani ilgari surdi. Uning XV asr ilmiy sheʼriyatida muhim oʻrinni ishgʻol etib, mangulikka oʻlmas fazilat kasb etgan Ulugʻbek, rasadxona, undagi ilmiy kashfiyotlar taʼrifotiga doir mana bu misralari samarqandliklarning ham  dili, ham tilida mangulik kasb etgan edi:

Temurxon naslidin sulton Ulugʻbek,
Ki olam koʻrmadi sulton aningdek.
Rasadkim bogʻlamish zebi jahondur,
Jahon ichra yana bir osmondur.
Valek ul ilm sori topdi chun dast,
Koʻzi oldida boʻldi osmon past.  
Bilib bu navʼ ilmi osmoniy,
Ki andin yozdi Zichi Koʻragoniy.
Qiyomatga degancha ahli ayyom,
Yozarlar oning ahkomidin ahkom [8:74].

Oradan yigirma yil vaqt oʻtadi. Bu yillarda Alisher Navoiy juda katta hayotiy va ijodiy tajriba orttiradi. Navoiy Samarqandda yashagan yillarida Turkiston tomonlarda ham boʻlgan, deb taxmin qilish mumkin. Chunki “Nasoyimul muhabbat”da Ahmad Yassaviyning maʼnaviy vorislari boʻlgan Hakim ota, Ismoil ota, Zangi ota, Xoja Boyazid kabi tarixiy shaxslarning alohida ehtirom bilan qalamga olinishi, ularning hayotiga oid tafsilotlar va sheʼrlaridan namunalar keltirilishi Navoiy­ning Ahmad Yassaviy va uning vorislari yashagan muhit bilan yaqindan tanish boʻlganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, Navoiy Balx, Marv, Astrobodda yashaydi. Xorazmga safar qiladi. Husayn Boyqaroning yaqin musohibi sifatida boshqa safarlarda ham uning yoʻldoshi boʻlgan [12:134].

Sulton Husayn Boyqaroning taxtga oʻtirishi munosabati bilan keltirilgan tafsilotlarda, “Taqdir jafokorligi” iborasi Xondamir Navoiyning poytaxtdan uzoqligini nazarda tutgan. U, ehtimol, ixroj sabablaridan toʻla boʻlmasa-da, qisman xabardor boʻlishi ham mumkin. Chunki Navoiy vafotidan soʻng yaratgan “Habibus siyar” asarida xuddi shu voqealar bayoniga aniqlik kiritib: “Sulton Abusaid zamonida Hirot dorus saltanatiga qaytib, bir muddat ul iqbol oshiyonlik ostona xizmatida boʻldi. Ammo oʻz holiga yarasha daraja va rioyat topmagach, Xurosondan Samarqandga ketdi” tarzida Abusaid nomini ochiq-oydin koʻrsatib oʻtgan [21:217].

“Sulton sohibqiron (Husayn Boyqaro) mazkur amirni (Alisherni) talab qilib sulton Ahmad Mirzoga xat yozgan, (uni olib kelish uchun) kishi yuborgan. (Sulton Ahmad Mirzo) uni munosib anjomlar bilan sulton sohibqiron huzuriga joʻnatdi. Amir Hirotga qarab yoʻl oldi va xizmat qilish davlatiga muyassar boʻldi” [20:134]. Shu faktning oʻzi ham uning Samarqandda chor-nochor va kimsasiz yashamaganiga dalolatdir. Garchi u muayyan lavozimda boʻlmagan esa-da, hokimga yaqin inson maqomida boʻlgan koʻrinadi, aks xolda, uni Hirotga keltirish uchun Samarqand hokimiga maxsus noma yuborilmas edi.

Samarqand Alisher Navoiy hayotida alohida oʻrin tutadi. XV asrning ikkinchi yarmida Samarqand ilm-fan markazi sifatida oʻz ahamiyatini yoʻqotgani borasidagi rus olimlarining taʼkidlarini bahs doirasiga tortishning hojati yoʻq. Chunki bunday qarashlar ancha yillar oldin akademik Vohid Abdul­layev tomonidan ancha jiddiy qoralangan va yetarlicha dalillar asosida uning aksi isbotlab berilgan edi [1:14].

Shoirning Samarqanddagi hayotini oydinlashtiruvchi ayrim maʼlumotlar mavjud. “Ravzatus safo”da quyidagicha yoziladi: (… Xurosondan Samarqandga ketib, Xoja Jaloliddin Fazlulloh (Abulays) xonaqosida yashadi. Asosiy vaqtini mutolaa bilan oʻtkazdi. Gohida Movarounnahr davlati ishlarining sohib ixtiyori Amir Darvesh Muhammad Tarxon va Amir Ahmad Hojibek bilan suhbat qurardi. Bu hayot shunchaga davom etdiki, Mirzo Sulton Ahmad – Husayn Mirzoga qarshi Amudan kechib, Xurosonga yurish qilganda, Amir Alisher ham uning oʻrdusida edi. Abusaid Mirzo oʻlimi voqeasi va Husayn Boyqaroning Hirotni istilo etgani haqidagi xabar aniqlangandan soʻng Ahmad Hojibekdan ruxsat olib Hirotga yuzlandi [18:121].

1469-yil Husayn Boyqaro Abusaid Mirzoning shahid boʻlganidan foydalanib, Hirot taxtini oʻz tasarrufiga kiritadi. Sulton Husayn Xuroson taxtini egallagandan soʻng ilgari oʻziga yordamlashgan, sodiq odamlariga saltanat lavozim va mansablarini ulashadi. Zero, Amir Temur oʻz “Tuzuklar”ida yozadi: “… mol-dunyoga hirs qoʻygan ochkoʻz va tamagirlarga mol-dunyo vaʼda qildim, mansab-martabaga va mamlakatlarni boshqarishga koʻz tikkan amalparastlarni qoʻlim ostidagi mamlakat va viloyatlardan biriga (hokimlik) qilishga nomzod qilib koʻrsatdim… qilgan bir xizmatini oʻn barobar qilib taqdirlab, dillarini xushnud qildim” [19:31].

Alisher Navoiydek obroʻli va tadbirli kishilarga muhtoj boʻlgan Husayn Boyqaro Navoiyning Hirotga qaytishidan mamnun boʻlib, uni saroyga chaqirdi va muhrdorlik vazifasini topshirdi. Bu mansab eng katta mansablardan biri boʻlib, davlatning har qanday hujjati muhrdor orqali rasmiylashtirilar, muhrdor muhr  bosar va imzo chekar edi [18:114]. Navoiy Husayn Boyqaro davlatini mustahkamlashda va mamlakatni mayda qismlarga boʻlib yuborishga intilayotgan shahzoda va amir-amaldorlarga qarshi kurashda katta ish koʻrsatdi. Yodgor Muhammadning fitnasini fosh qilib, mamlakat va xalqning osoyishtaligiga butun kuchini sarf qildi. Soliqlarni xalqdan orttirib olayotgan baʼzi bir amaldorlar Navoiyning talabi bilan ishdan chetlashtirildi. Bu esa, Navoiyning xalq orasidagi obroʻsini yanada oshirib yubordi. 

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdullayev V. Navoiy Samarqandda. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1968.
  2. Abdullayev V. Navoiy va Samarqand shoirlari. Navoiy va adabiy taʼsir masalalari. – T.: Fan, 1969.
  3. Abdurraxman Djami. Xiradnomai Iskandari. Kriticheskiy tekst i predisloviye G.Tarbiyata. – Moskva: GRVL, 1984.
  4. Alisher Navoiy. Badoyeul bidoya // Mukammal asarlar toʻplami. – T.: Fan, 1987. I.
  5. Alisher Navoiy. Vaqfiya // Mukammal asarlar toʻplami. – T.: Fan, 1998. XIV.
  6. Alisher Navoiy. Majolisun nafois. II Mukammal asarlar toʻplami / Nashrga tayyorlovchi Gʻaniyeva S. – T.: Fan, 1997. XIII.
  7. Alisher Navoiy. Holoti Pahlavon Muhammad // Mukammal asarlar.
  8. Alisher Navoiy. Hayratul abror. – T.: Yangi asr avlodi, 2014.
  9. Navoiyning ilk lirikasi. – T.: Fan, 1965.
  10. Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. – T.: Kamalak, 1991.
  11. Izzat Sulton. Navoiyning qalb daftari. – T.: Gʻafur Gʻulom nomidagi badiiy adabiyot nashriyoti, 1969.
  12. Qodirov Pirimqul. Til va el. – T.: Maʼnaviyat, 2010.
  13. Majolisun-nafois.
  14. Mallayev Natan. Oʻzbek adabiyoti tarixi. Birinchi kitob. – T.: Oʻqituvchi, 1965.
  15. Maʼnaviyat yulduzlari. Nashrga tayyorlovchi va masʼul muharrir M.Xayrullayev. – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1999.
  16. Ravzatus safo… – B.:290.
  17. Sirojiddinov Shuhrat. Alisher Navoiy dahosi. Oltin bitiklar. 2018/1.
  18. Sirojiddinov Shuhrat. Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik tekstologik tahlili. – T.: Akademnashr, 2011.
  19. Temur tuzuklari / Forschadan A.Sogʻuniy va X.Karomatov tarjimasi. – T.: Oʻzbekiston, 1991.
  20. Faxriy Hirotiy. Latoifnoma. Tarjumayi “Majolisun nafois”i Alisher Navoyi / Ba saʼy va extimomi Ali Asgʻar Hikmat. – Tehron, 1323 h.
  21. Habibus siyar. Qoʻlyozma. IV jild.
 [1] Shu yerda taʼkidlash joizki, xozirgi yangi tafakkur davrida temu­riy sulton Abusaid Koʻragon shaxsiga xam xolis yondashish vakti keldi. Baʼzi tadkikotlarda Hirotning gʻorat etilishi va baʼzi konli vokealar mazkur sultonga nisbat beriladi (karang: Abdullayev V. Navoiy Samarqandda. – Toshkent, 1968. – B.39.). Oʻsha davr tarixi yozilgan manbalar qayta koʻrib chiqilganida shoʻrolar davri tadqikotlarida Abusaid Sulton Amir shayx Abu Saʼd nomli lashkarboshi bilan adashtirib yuborilgani aniklandi (karang: Xondamir. Habib us-siyar. OʻzRFA SHI, inv. №2153. 568a-varaq). Albatta, sulton Abusaid mirzoning qonli yurishlaridan koʻz yumib boʻlmaydi. Bu barcha sultonlarga xosdir. Biroq uning Hirot taxtini egallashi, baʼzilar aytganidek, gʻopat kilinib emas, balki tinch yoʻl bilan boʻlgani va xalqka xech kanaka ranju sitam yetkazmagani manbalar­da koʻrsatilgan. Qolaversa, uning ilm-fan ahli va shoirlarga nisbatan yaxshi munosabatlarda boʻlgani, davlat obodligi uchun jon kuydirgani, temuriy shahzodalarga nisbatan, avvalo, tinchlik va omonlik tilagani , boshka bir kancha olijanob xislatlari Abdurazzoq Samarkandiyning “Matlai saʼdayn…”, Xondamirning tarixiy asarlarida keltirilgan ashyoviy dalillar xamda Abusaid tomonidan ragʻbatlantirilgan shoir va ilm ahli roʻyxati, Movarounnaxr, Xurosonda qurilgan inshootlar tavsifidan koʻrinib turadi.
MOʻMIN HOSHIMXONOV,
falsafa fanlari doktori, professor v.b

Check Also

BIR MAZHABNI TUTISH MUTAASSIBLIKMI!?

Mazhablar garchi muayyan bir imom ismi bilan nomlangan boʻlsa-da, bu “shu mazhabni Falon imom tuzgan, …