Home / FOTO LAVHALAR / Soʻgʻd sivilizatsiyasida mardlik, jasorat va sharaf timsoli

Soʻgʻd sivilizatsiyasida mardlik, jasorat va sharaf timsoli

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi madaniy boyliklari” turkumida navbatdagi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Unda Markaz xodimlari, yurtimiz va xorijdagi ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va AQSH kabi davlatlardan olimlar ishtirok etdi.

Seminarda Nyu-York universiteti huzuridagi Qadimgi dunyo tadqiqotlari instituti doktoranti Emili Evevrest-Fillips “Kech antik davrdan ilk islom davrigacha boʻlgan Markaziy Osiyo (Soʻgʻdiyona)da Baqtriya tuyalarining tasavvurdagi ifodalari” mavzusida maʼruza qildi.

Tadqiqotchi Soʻgʻd sivilizatsiyasida Baqtriya tuyasi qanday tasavvur qilingani, odamlar hayotida qanday oʻrin tutgani haqida soʻz yuritdi. Uning taʼkidlashicha, bu jonivorni faqat Buyuk Ipak yoʻli orqali yuk tashigan vosita deb tasavvur qilish notoʻgʻri. Aslida soʻgʻdliklar uchun tuya – kuch-quvvat, himoya, hatto xudolik va siyosiy hokimiyat ramzi ham boʻlgan. Masalan, miloddan avvalgi II asrdan boshlab, turli metall kamarlar va suyak boʻlaklarida tuyalar jangi tasvirlangani ularning jasorat ramzi sifatida koʻrilganidan dalolat beradi. Haykalcha va tasvirlarda tuyalar oddiy yuk tashuvchi emas, balki juvonmardlik, sharaf va mardlik belgisi oʻlaroq namoyon boʻlgan.

Buxoro hududidan topilgan III asrga oid terrakota tuya haykalchasi ikki yoniga idishlar ilingan, boshi baland koʻtarilgan holda tasvirlangan. Bu tuyalarning oddiy savdo hayvoni emas, balki kundalik hayotda ham ahamiyatli jonzot boʻlganini koʻrsatadi. Eng qiziqarlisi shundaki, VI-VIII asrlarga oid devor rasmlarida tuya ustida oʻtirgan holda tasvirlangan ilohiy juftliklar “Tuya xudolari” sifatida talqin qilinadi. Baʼzi tadqiqotchilar bu obrazni Zardushtiylikdagi Vahram bilan bogʻlasa-da, maʼruzachi uning soʻgʻdlarga xos alohida mahalliy ramz boʻlganini qayd etdi.

Shuningdek, VII-VIII asrlarga taalluqli Buxoroxudotlar tangalarining bir yuzida tuya, ikkinchi yuzida qurbonlik olovi tasvirlangan. Bu esa hokimiyatning ilohiylik bilan bogʻlanishini ifoda etadi. Arablarga qarshi kurashgan Devastich muhrlarida ham tuya surati uchraydi – demak, u siyosiy ramz sifatida ham qadrlangan.

Emili Everest-Fillips xonim oʻz maʼruzasida shuni taʼkidladiki, tarixiy manbalarda Baqtriya tuyasi faqat sayohat yo savdo vositasi sifatida emas, balki mardlik, himoya, ilohiylik va hokimiyat ramzi sifatida keng tasvirlangan. Tadqiqotchi “zamonaviy turistik qarashlardan farqli oʻlaroq, tarixiy tasvir va haykallar tuyaning haqiqiy maʼnaviy va madaniy qimmatini anglashda muhim ahamiyatga ega” deb xulosa qildi.

Maʼruza soʻgʻdliklar dunyoqarashi, madaniyati va badiiy merosiga yangi, teran nigoh bilan qarashga imkon berib, qadimiy sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni boyitdi. Bu kabi tadqiqotlar xalqimizning madaniy merosiga hurmat va qiziqishni yanada oshirib, ildizlarimizni unutmaslikka undaydi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Oʻzbekiston tajribasi – mintaqaga namuna

Turkiyadagi Islom tafakkuri institutida tashkil qilingan “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” doirasida 9 mamlakatdan kelgan olim …