Imom Mahdiy haqida gap-soʻzlar doim goh urchib, goh pasayib turgan. Hozirgi kunda yana koʻpaya boshladi. Shu bois ular orasidan toʻgʻrisini ajratib olish va toʻgʻri tasavvur hosil qilish zarur. Mahdiy oʻzi kim, u haqida dinimizda nimalar deyilganini bilib olish kerak.
“Mahdiy” soʻzi taxallus boʻlib, “hidoyat qilingan” degan maʼnoni bildiradi. Qiyomatga yaqin chiqishi kutilayotgan Imom Mahdiy Qurʼonda zikr qilinmagan. Ammo u haqda sahih hadislar vorid boʻlgan.
Koʻpchilik olimlar: “Ulugʻ muhaddislar Mahdiy haqidagi hadisi shariflarni eng nufuzli sahobalardan rivoyat qilgan. Ular sirasida Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Tabaroniy, Abu Yaʼlo, Bazzoz, Ahmad ibn Hanbal, Hokim va boshqalar bor”, degan.
Ahli sunna val jamoa aqidasida Imom Mahdiyning chiqishi qiyomatning alomatlaridan biridir.
Ummu Salama roziyallohu anho aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Mahdiy yaqin qarindoshlarimdan, Fotimaning farzandlaridan chiqadi”, deganlarini eshitganman” (Abu Dovud rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir xalifa vafot etganda, ixtilof paydo boʻladi. Ahli Madinadan bir kishi Makkaga qochib chiqadi. Bas, uning oldiga ahli Makkadan odamlar kelib, oʻzi istamasa ham, uni chiqarib, Rukn va Maqom orasida unga bayʼat qiladi. Unga qarshi Shomdan askar yuboriladi. Ularni Makka va Madina orasidagi sayhonlikda yer yutadi. Odamlar oʻsha (hodisa)ni koʻrganidan keyin, uning oldiga Shomning abdollari – avliyolari va ahli Iroqning yaxshilari keladi va bayʼat qiladi. Soʻng Qurayshdan togʻalari Banu Kalbdan boʻlgan bir kishi chiqadi. Shunda u (Mahdiy) ularga qarshi askar yuboradi va gʻolib boʻladi. Ana oʻsha Kalbning askaridir. Kalbning oʻljasi (taqsimoti)ga hozir boʻlmagan noumiddir. Keyin u (Mahdiy) molni taqsim qiladi va odamlar orasida Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga amal qiladi. Yer yuzida islom qaror topadi. U (yana) yetti yil yashaydi. Soʻng vafot etadi va musulmonlar unga janoza oʻqiydi”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati).
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Dunyodan bir kungina qolgan boʻlsa ham, Alloh oʻsha kunni uzaytirib, mendan yo ahli baytimdan boʻlgan bir kishini yuboradi. Uning ismi ismimga, otasining ismi otamning ismiga mos keladi. U jabr-zulmga toʻlgan Yer yuziga adolat va insof keltiradi” (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).
Mahdiy haqida qirqdan ziyod hadis kelgan. Baʼzilarida Imom Mahdiyning nomi ochiq-oydin tilga olingan boʻlsa, boshqalarida ishora qilingan, xolos. Hadislarning baʼzilari sahih, ayrimlari hasan, boshqalari zaif boʻlsa ham, ularning jamlanishi natijasida ulamolar Mahdiyning kelishi qatʼiy eʼtiqodga oid ekanini taʼkidlagan.
Xulosa qilib aytganda, Imom Mahdiyning chiqishi nabaviy bashoratdir. Bunga iymon keltirish vojib. Lekin aynan qachon chiqishi nomaʼlum. Demak, musulmon kishi Mahdiyga suyanishga umid qilib qolmay, oʻz hayotini isloh qilib borishi talab etiladi.