Mazhablar garchi muayyan bir imom ismi bilan nomlangan boʻlsa-da, bu “shu mazhabni Falon imom tuzgan, faqat oʻz fikriga suyanib, mustaqil fatvolar bergan” degan maʼnoni anglatmaydi. Toʻrt mazhab imomlari Imom Abu Hanifa, Imom Shofeiy, Imom Molik va Imom Ahmad sahoba va tobeinlardan meros qilib olgan ilmlarini muayyan qoidalarga solib, bir dastur sifatida oddiy insonlar ham tushunsa boʻladigan qilib odamlarga yetkazgan. Mazhablar shakllanishida qoida va manhajlari asosiy dastur boʻlgani uchun ularning nomiga nisbat beriladigan boʻldi.
Doktor Mustafo Xon aytganidek: “Bugungi kunimizdagi muammo – imomlarning oʻzi mazhablarni toʻqib chiqargan, degan gumon. Vaholanki, aslida Abu Hanifa rahimahulloh oʻz imomi Ibn Masʼud roziyallohu anhuga ergashadi. Imom Molik Ibn Umar va Ibn Abbos roziyallohu anhumo yoʻlini tutadi. Imom Shofeiy ham shu sahobalarga ergashadi. Alloh taolo sahobalarni Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam yetkazgan omonat va risolatni oʻz zimmasiga olish va boshqalarga yetkazish uchun tanlab olgan”.
Odamlar asrlar davomida toʻrt mazhabdan biriga amal qilib kelgan, biror kishi buni inkor qilmagan, rad etmagan. Tarixga nazar solsak, mazhabga ergashmagan biror muhaddis, mufassir yo fiqh olimini topa olmaymiz. Bayhaqiy, Xatib Bagʻdodiy, Ibn Hajar Asqaloniy, Ibn Asokir, Ibn Saloh, Suyutiy, Jassos, Bayzoviy, Zarkashiy, Ibn Hojib, Saraxsiy, Pazdaviy, Bagʻaviy, Gʻazzoliy, Subkiy, Sheroziy, Imom Navaviy va boshqa yetuk ulamolarning barchasi, albatta, biror mazhabga mansub va bir mazhabni mahkam tutganini koʻrish mumkin.
Imom Yofeiy aytadi: “Islom tarixiga nazar tashlagan inson, albatta, toʻrt mazhab yuzaga kelgandan keyin, necha-necha zamon oʻtsin, imomlar, sarkarda va sultonlar muayyan bir mazhabni tutganiga guvoh boʻladi”.
Dehlaviy: “Bir mazhabni tutish kerak ekaniga butun ummat ijmo qilgan, xususan, bizning bu nafslar shahvatga moyil boʻlib ketgan kunlarda”, deb taʼkidlaydi.
Ibn Saloh naql qilib aytadi: “Imom Shofeiyning asridan keyin mustaqil mujtahid topilmadi, deyishadi”.
Imom Gʻazzoliydek ulamo bir muayyan mazhabni tutgan va ijtihod daʼvosini qilmagan boʻlsa, uning aytganlarini tushunishga qodir boʻlmagan odamlar qanday qilib ijtihod daʼvosini qilishi mumkin?!
Bir mazhabni lozim tutish boshqasini inkor qilishni bildirmaydi. Bu – manzilga eltadigan, koʻrsatkichlari qoʻyilgan, qayerda qanday yurish kerakligi bayon qilingan bir necha yoʻldan bittasini tanlash, demakdir.
Bemazhablikni targʻib qiladigan, mazhablarga tosh otuvchi kimsalar aslida buzuq gʻoyani boshlab berganlarga, soxta ustozlari yo maslakdoshlariga ergashayotgan boʻladi. Yo hech kimning yoʻlini tutmasdan, goh uning, goh buning, baʼzida yana boshqasining aytganiga tobe boʻlib yuraveradi. Ularning aniq bir dasturi, manhaji va uslubi yoʻq. Bir masalada ikki yo uch xil javobdan havoyi nafsiga yoqqanini, oʻziga qulayini tanlab ketaveradi. Oqibatda beamallikka, zalolatga, tafriqaga oʻtib ketganini bilmay ham qoladi. Islom esa aslida odamlarni birdamlikka, totuvlikka, jamoatga undaydi.
Hadisi shariflar ham musulmonlarni birlashishga, jamoatni lozim tutishga undaydi. Ulardan birida Paygʻambarimiz alayhissalom bunday deganlar: “Alloh ummatimni zalolat ustida toʻplamaydi. Allohning “qoʻli” jamoat ustidadir. Kim ajralsa, doʻzax uchun ajraladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Imom Zahabiy: “Hozirgi kunimizda faqat shu toʻrt mazhabgina qoldi, lekin shuni ham lozim boʻlganidek tushunadigan odamlar sanoqligina, mujtahid boʻlishni-ku qoʻyavering”, deb taʼkidlaydi.
Har bir yurtda bitta mazhabga amal qilinishi musulmonlarning birdamligiga xizmat qilishi tajribadan maʼlum. Birdamlik islom dinining asosiy maqsadlaridan biridir. Alloh taolo: “Albatta, moʻminlar bir-biriga birodardir. Bas, oʻzaro munosabatlaringizni isloh qiling!” (Hujurot surasi, 10-oyat) degan. Moʻminlar bir-biri bilan ittifoq boʻlib yashashi vojib ekan, ularning muayyan bir mazhabda boʻlishi ham vojibdir. Chunki vojibga eltuvchi narsa ham vojib hisoblanadi.