Home / MAQOLALAR / FOTIHA SURASINING NOMLARI

FOTIHA SURASINING NOMLARI

Suralarning fazilati va ahamiyati haqida koʻplab hadislar bor. Ular shu suralarning ulugʻligi, sharafi va oʻqigan kishiga koʻplab ajrlar byerilishiga ishora oʻlaroq kelgan. Qurʼonning “ochuvchi”si boʻlgan Fotiha suralarning eng ulugʻidir. U Makkada nozil boʻlgan va yetti oyatdan iborat.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alloh Tavrotda ham, Injilda ham Ummul Qurʼon (Fotiha) kabi sura nozil qilmagan. (Alloh taolo aytadi:) U Oʻzim bilan bandam oʻrtasida taqsimlangandir. Bandamga soʻragani (beriladi), dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Qurʼondagi suralar ular oʻz ichiga olgan mazmun-mohiyat, voqea-hodisalar yo soʻzlardan kelib chiqib nomlangan. Shunga binoan Fotiha surasining bir nechta nomi mavjud:

  1. Fotiha. Musʼhafda birinchi kelishi va namozlar ham u bilan boshlangani uchun shunday nomlangan.
  2. Namoz. Hadisi qudsiyda Abu Hurayra roziyallohu anhudan bunday rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: Alloh taolo aytdi: Namozni Oʻzim bilan bandam oʻrtasida ikkiga boʻlganman, yarmi menga, yarmi esa bandamga. Bandamga soʻraganini beraman. Agar banda Alhamdu lillahi robbil ʼalamiyn desa, Alloh azza va jalla Bandam menga hamd aytdi deydi. Agar u ar-Rohmanir Rohiym» desa, Alloh Bandam menga sano aytdi deydi. Agar banda Maliki yavmiddiyn desa, Alloh Bandam meni ulugʻladi deydi. Agar banda Iyyaka naʼbudu va iyyaka nastaʼiyn desa, Alloh Bu men bilan bandam oʻrtasidagi narsa, bandamga soʻraganini beraman deydi. Agar banda Ihdinas sirotol mustaqiym, sirotollaziyna anʼamta alayhim gʻoyril magʻzuvbi alayhim valazzolliyn, desa Alloh Bu bandam uchun, bandamga soʻraganini beraman, deydi”, deganlarini eshitganman” (Imom Muslim va Imom Nasoiy rivoyati).
  3. Hamd. Surada hamd aytilgani va dastlabki soʻz hamd boʻlgani uchun ham shu nom berilgan.
  4. Ummul Kitob.
  5. Ummul Qurʼon. Abu Hurayradan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Alhamdu lillahi Ummul Qurʼondir, Ummul Kitobdir va Sabʼul masoniydir, deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Musʼhafdagi birinchi sura, namozda birinchi qiroat qilinadigan sura boʻlganidan ham shunday nomlangan.
  6. Sabʼul masoniy. Sabʼ – yetti, masoniy – ikki, takror, sano, istisno maʼnolarida boʻlishi mumkin. Bu haqda Alloh taolo: Va batahqiq, sizga yetti takrorlanuvchini berdik, degan (Hijr surasi, 87-oyat). Uning bunday nomlanishiga bir qancha sabablar bor: u namozning har rakatida takrorlanadi, avvalgi ummatlarga buning kabi biror sura berilmagan, faqat ushbu ummatga istisno tariqasida maxsusdir, yetti oyatdan iborat va ikki marta nozil boʻlgan maʼnosida.
  7. Qurʼoni Azim. Sura Qurʼonning barcha ilmlarini oʻzida jamlagani uchun shunday nomlangan. Zero, surada Alloh taologa hamd, ibodatlarga buyruq va ulardagi ixlos, Alloh taoloning inoyatisiz biror ishni qilishdan ojizlikni eʼtirof etish, hidoyat yoʻlini soʻrash va buzgʻunchilar yoʻlidan panoh tilash bor.
  8. Shifo. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fotiha surasida har qanday dardga shifo bor”, deganlar (Imom Dorimiy rivoyati).
  9. Ruqya – shifo. Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir guruhi arab qabilalaridan birining huzuriga kelgan edi, ularni mehmon qilishmadi. Shu asnoda birdan oʻshalarning boshligʻini chayon chaqib oldi. Ular: “Sizda biror dori-darmon yoki dam soluvchi bormi?” deyishdi. Shunda bular: “Sizlar bizni mehmon qilmadingiz, endi to bizga biror haq belgilamaguningizcha hech narsa qilmaymiz!” deyishdi. Ularga bir poda qoʻy belgilashdi. (Dam soluvchi) “Ummul Qurʼon”ni oʻqiy boshladi va suf-suflay ketdi. (Boshliq) tuzalib qoldi. Ular aytilgan qoʻylarni keltirishdi. Shunda (sahobalar): “To Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan soʻramagunimizcha olmaymiz”, deyishdi. Keyin u zotdan soʻrashgan edi, u zot kuldilar va: Uning (Fotihaning) ruqya ekanini qayerdan bilding? Ularni olaveringlar va menga ham ulush ajratinglar, dedilar”[1].
  10. Asos. Bunday nomlanishiga quyidagilar sabab boʻlgan: Qurʼondagi birinchi sura boʻlgani uchun asos kabi boʻladi. Imondan keyingi ulugʻ ibodatlardan biri bu namozdir. Imonning zaruriy jihatlari ushbu surada jam va namoz ham usiz toʻliq boʻlmaydi.
  11. Vofiya – toʻliq, mukammal. Imom Saʼlabiy Abduljabbor ibn Alodan rivoyat qiladi: “Sufyon ibn Uyayna Fotihani Vofiya deb nomlar edi”.
  12. Kofiya – yetarli, kifoya qiladigan. Imom Saʼlabiy Afif ibn Solimdan rivoyat qiladi: “Abdulloh ibn Yahyo ibn Abu Kasirdan imom orqasida Fotihani qiroat qilish haqida soʻradim. U: “Kofiya haqida soʻrayapsanmi?”, dedi. Men: “Kofiya nima?”, dedim. U: “Fotiha”, dedi”[2].

Imom Abu Bakr Qurtubiyning “Al-Jomiʼ li ahkomil-Qurʼon” [3] va Imom Faxriddin Roziyning “At-Tafsirul kabir va mafotihul gʻayb” [4] nomli tafsirlarida yuqoridagilarga qoʻshimcha tarzda “Soʻrash”, “Shukr” va “Duo” nomlari ham keltirilgan.

[1] Oltin silsila” turkumi Sahihul Buxoriy kitobidan.
[2] Jaloliddin Suyutiy. Tafsir ad-durrul mansur fit tafsiril maʼsur. Bayrut, 2011-y. 12-b. 
[3] Imom Abu Bakr Qurtubiy. Al-Jomiʼ li ahkomil-Qurʼon. Bayrut, 2006 y.  177-b
[4] Imom Faxriddin Roziy. At-tafsirul kabir va mafotihul gʻayb. Bayrut, 1981-y. 182-b
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

HIJRAT HIKMATI

Aqidada adashgan, islomning asl mohiyatini tushunmaydigan, ilmdan uzoq kimsalar musulmonlar qalbiga fitna solish, fikrini chalgʻitish …