Home / XALQARO YANGILIKLAR / O‘zbekistonda ma’naviy tiklanish — global ilhom manbai sifatida

O‘zbekistonda ma’naviy tiklanish — global ilhom manbai sifatida

Misr Arab Respublikasida chop etiladigan yuksak nufuzga ega diniy-ma’rifiy nashrlardan biri — “Savtul Azhar” (“Al-Azhar ovozi”) gazetasida shu yilning 23-iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyevning “O‘zbekistonda ma’naviy islohotlarning yangi bosqichi boshlandi” nomli maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar samarasi, vijdon erkinligini ta’minlash, bag‘rikenglik muhitini shakllantirish va islomning insonparvar mohiyatini keng targ‘ib qilish masalalariga qaratilayotgan e’tibor tahlil qilingan.

Muallif O‘zbekistonda davlat va din munosabatlarining mutanosiblik asosida qayta shakllantirilayotgani, vijdon erkinligini ta’minlash, tarixiy-ma’naviy merosni tiklash, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirish hamda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida urg‘u bergan.

Ta’kidlanganidek “O‘zbekistonda diniy sohadagi siyosatning asosiy maqsadi o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatish, jaholat o‘rniga ma’rifatni, nizo o‘rniga bag‘rikenglikni qaror toptirish, yoshlarni dinimizning asl mohiyati asosida tarbiyalashdan iborat”. Shu ma’noda, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa tegishli muassasalar nafaqat ilmiy faoliyat olib borish, balki islom dinining insonparvar, ilmparvar va tinchliksevar mohiyatini jahon jamoatchiligiga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.

Maqolaning g‘oyaviy xulosasi sifatida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy islohotlar o‘zining tub mohiyati bilan xalqning qalbiga yo‘l topib, faqatgina diniy sohani qamrab olmasdan, davlat boshqaruvi, ta’lim, madaniyat va jamiyatning barcha jabhalaridagi jarayonlarning poydevoriga aylanayotgani qayd etilgan.

O‘zbekistondagi ma’naviy jarayonlarning mazkur mufassal tavsifi arab tilli ilmiy doira va keng o‘quvchilar ommasi uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Bu maqolaning Al-Azhardek yirik ilmiy muassasaga tegishli nashrda chop etilishi esa O‘zbekistondagi diniy-ma’rifiy islohotlar tajribasiga qiziqish xalqaro miqyosda oshib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.

Manba: O‘zA

Check Also

Ong qudrati va maʼrifat masʼuliyati

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimligida “Jaholatga qarshi maʼrifat” …