Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi va Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hokimligi hamkorligida tumandagi davlat tashkilotlari va korxona rahbarlari, shuningdek, maʼnaviyat sohasi vakillari ishtirokida qator seminarlar tashkil etildi.
Tadbirlar “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash hamda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mavzusiga bagʻishlandi.
Dastlabki uchrashuv Gʻallaorol tumanidagi Madaniyat markazida tuman hokimligi xodimlari ishtirokida oʻtkazildi. Keyingi seminar esa tuman hokimligida korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan tashkil etildi.
Tadbirlarda Markaz xodimi B.Mahmudov ishtirokchilarga Konsepsiyaning mazmun-mohiyati, vijdon erkinligining huquqiy asoslari, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida bagʻrikenglikni mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda har bir fuqaroning diniy eʼtiqodiga hurmat, vijdon erkinligi va eʼtiqodda hurlikni taʼminlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonda jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni shakllantirish, yoshlarni toʻgʻri yoʻnalishga boshlash va diniy radikal gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish kabi maqsadlar alohida ahamiyat kasb etadi.
Ishtirokchilar bu kabi maʼrifiy uchrashuvlar fuqarolarda huquqiy ong va maʼnaviy masʼuliyatni yuksaltirish, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.