Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashabbusi bilan Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimligida “Jaholatga qarshi maʼrifat” mavzusida targʻibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda mahalla faollari, tumandagi tashkilot va muassasa rahbarlari, “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Markaz ilmiy xodimi B.Mahmudov yigʻilganlarga radikal gʻoyalarning ijtimoiy oqibatlari, jamiyatda maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashda maʼrifatning oʻrni, ayniqsa yoshlar ongida sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish zarurati haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Shu bilan birga, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash hamda diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati haqida ham tushunchalar berildi. Unga koʻra, diniy sohadagi davlat siyosati vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bagʻrikenglikni taʼminlash va turli eʼtiqod egalari oʻrtasida tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan qator huquqiy va maʼrifiy mexanizmlar asosida tashkil etilgani taʼkidlandi.
Tadbir soʻngida ishtirokchilar bu kabi maʼrifiy uchrashuvlar orqali jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, yosh avlodni maʼnaviy tahdidlardan asrash imkoniyati yuksalishini taʼkidladi.