Xabar berganimizdek, Turkiyadagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” izchil davom etmoqda. Dastur doirasida uning ishtirokchilari uchun qadimiy Bursa shahriga safar tashkil etildi.
Professor doktor Bunyamin Eroʻl va dotsent Ferhat Goʻkche rahbarligida uyushtirilgan ushbu ilmiy-maʼnaviy safar davomida tinglovchilar shaharning diniy va tarixiy maskanlarini ziyorat qilib, ularning tarixi va ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlarga ega boʻldi.
Shuningdek, safar doirasida Uludagʻ universiteti Ilohiyat fakultetining taniqli olimlari – professorlar Mustafo Kara, Xalis Aydemir, Jelalettin Divleqchi, Jaʼfer Karatash, Hasan Basriy Oʻjalan, Ismoil Guler va Muhammad Tarakchi bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Bu suhbatlarda Usmoniylar davlatining tarixan shakllanishi, uni yetti asr davomida bardavom tutib turgan maʼnaviy va ilmiy asoslar, Bursaning tarixiy merosi hamda Movarounnahr bilan Onadoli oʻrtasidagi ilmiy-madaniy hamkorlik keng muhokama qilindi. Xususan, Buxoro, Bursa va Bosniya oʻrtasidagi tasavvufiy va qalbiy bogʻliqliklar, tarixiy aloqalar va umumiy maʼnaviy geografiya haqida foydali fikr almashuvlari boʻlib oʻtdi.
Ilmiy muloqotlar davomida islom sivilizatsiyasida ilm va maʼrifatning tutgan oʻrni, bugungi kunning dolzarb masalalari va Movarounnahrning boy ilmiy merosini keng qamrovda tadqiq etish zarurati xususida ham mulohazalar bildirildi.
Safar “Movarounnahr yozgi seminarlari”ning maʼrifat va tadqiqotlar uygʻunligiga asoslangan anʼanaviy tamoyillarini yanada boyitdi.