Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Jizzax viloyati Baxmal tuman hokimligi hamkorligida tumanda “Jaholatga qarshi – maʼrifat” mavzusida navbatdagi targʻibot tadbiri oʻtkazildi. Unda mahalla faollari, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, “mahalla yettiligi” aʼzolari, taʼlim va maʼnaviyat sohasi xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Markaz ilmiy xodimi U.Muhammadiyev sogʻlom diniy bilim, tanqidiy fikrlash qobiliyati va umuminsoniy qadriyatlar orqali jamiyatda barqarorlikni taʼminlash zaruratiga toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda jamiyatda diniy savodxonlikning oshishi, aholi – ayniqsa, yoshlar orasida sogʻlom fikrning qaror topishi ekstremizm va mutaassiblik kabi tahdidlarga qarshi kuchli profilaktika vositasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, tadbirda vijdon erkinligi, diniy bagʻrikenglik, islom dinining asl qadriyatlari va ularning davlat siyosatidagi ifodasi haqida fikrlar bildirildi. Diniy bilimni asossiz tushunchalardan farqlash, muqaddas dinimizni notoʻgʻri talqin qilish oqibatlari haqida tushunchalar berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda jaholatga qarshi kurashda mafkuraviy barqarorlik, ilmli va maʼrifatli jamiyatni shakllantirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Bu yoʻlda erishilgan har bir yutuq – tinchlik, taraqqiyot va inson kamoloti sari qoʻyilgan muhim qadam! Maʼrifatni keng targʻib etish va uni hayot tarziga aylantirish esa butun bir jamiyatning umumiy masʼuliyatidir. Faqat shu yoʻl bilangina biz mustahkam, maʼnaviy barkamol va taraqqiy etgan kelajak sari intilishimiz mumkin!