Jamiyatda bagʻrikenglik, totuvlik va vijdon erkinligini mustahkamlash, shuningdek, aholi orasida diniy sohaga oid davlat siyosatini chuqur anglashga qaratilgan navbatdagi maʼrifiy tadbir Jizzax shahrida boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, shahar hokimligi va Din ishlari boʻyicha qoʻmita boshqarmasi hamkorligida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori asosida oʻtkazilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari, taʼlim muassasalari rahbarlari, “mahalla yettiligi” aʼzolari, mahallalardagi faol fuqarolar va turli soha vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maʼruzachisi – Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi B.Mahmudov “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilab berilgan asosiy tamoyillar – diniy bagʻrikenglik, vijdon erkinligi va jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhitni qaror toptirishga qaratilgan saʼy-harakatlar haqida soʻz yuritdi. Mazkur hujjat mamlakatda diniy masalalarga yangi qarashlarning, tizimli yondashuv va inson qadrini ustuvor qiladigan siyosatning amaldagi ifodasi ekanini alohida qayd etdi.
Tadbir ishtirokchilari diniy sohada olib borilayotgan oqilona siyosat, jamiyatda millatlararo totuvlikni saqlash, yoshlar ongida sogʻlom eʼtiqodni mustahkamlash va jaholatga qarshi bilim vositasida kurashishning bugungi kundagi dolzarb ahamiyati haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, bu kabi tadbirlar mahallalarda maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlikni keng targʻib qilishda muhim platforma vazifasini oʻtamoqda.