Soʻnggi yillarda yurtimizda turizmga davlat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri sifatida eʼtibor berilmoqda. Iqtisodiyotning noishlab chiqarish sohasi boʻlmish turizmdan tushgan mablagʻ jahondagi ayrim davlatlar daromadining salmoqli qismini tashkil etadi. Oʻzbekistonda turizmning barcha yoʻnalishlari qatori ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Natijada, mamlakatimizga kelayot-gan sayyohlar soni sezilarli darajada oshishiga erishildi. Ayniqsa, oxirgi uch yil mobaynida yurtimizda musulmon mamlakatlari va arab sayyohlari oqimi yuqori darajada oshdi. Bu oʻrinda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi tabarruk qadamjolar ahamiyatini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻzbekistonda turizm va uning ijtimoiy xususiyatlari mamlakatimiz olimlaridan M.Poʻlatov, I.Tuxliyev, M.Pardayev S.Abduxamidov, N.Tuxliyev, M.Alimova, B.Sh.Safarov, B.Navruzzoda, D.Norqulova, Z.Raximov, R.Amridinova, R.Xayitboyev, X.Mamatqulov va Sh.Sayfutdinov ilmiy ishlarida oʻrganilgan.
Mazkur maqolani yozishda analiz va sintez, induksiya va deduksiya, tizimli mantiqiy yondashuv, iqtisodiy va statistik tahlil usullaridan foydalanilgan.
“Turizm qadim zamonlardan boshlab sayyoramiz xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qilgan. Odamlar yangi oʻlkalarni kashf etish, dunyoni koʻrish va bilish savdo-sotiqni rivojlantirish, madaniy va diplomatik aloqalarni oʻrnatish maqsadida sayohatga chiqqanlar. Savdo karvonlari yoʻllari kesishgan, madaniyatlar va sivilizatsiyalar tutashgan chorrahada joylashgani uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bu jarayonda muhim oʻrin tutgan [1:46].
Bu, ayniqsa, jahon turistik bozoriga xos boʻlgan dam olish va davolanish maskanlariga, dunyo miqyosidagi turli xil turistik obyektlarga ega Oʻzbekiston uchun betakror ahamiyat kasb etadi. Maydoni salkam yarim million kvadrat kilometrni tashkil etuvchi, okean va dengizlardan ancha yiroqda, materik ichkarisida joylashgan Oʻzbekistonda sayyohlik obyektlari qatorida dastavval rekreatsiya resurslari hamda qadimgi tarixiy obidalarga boy Fargʻona va Zarafshon vodiylari, Xorazm vohasi alohida oʻrin egallaydi. Ushbu davolanish va dam olish maskanlari hamda ommaviy sayilgohlar joylashgan voha va vodiylarda yiliga bir necha oʻn-yuz minglab mahalliy aholi hamda yaqin va uzoq xorijdan kelgan insonlar dam oladi, davolanadi, har xil sayyohlik turlari bilan shugʻullanadi.
Qadimiy madaniyatlar beshigi boʻlgan, YUNESKO ning butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, qadimgi davlatchilikning shakllanish va rivojlanish markazlari boʻlib kelgan Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz shaharlari mintaqada ziyorat turizmi rivojlanishini taʼminlab kelmoqda. Aynan ziyorat turizmi bugungi kunda dunyoda tobora katta qiziqish uygʻotmoqda va butun sayyohlik sohasining eng muhim qadriyatlaridan biriga aylanmoqda. Dam olish, davolanish, har xil sayyohlik turlari, shu jumladan, maʼrifiy turizm bilan shugʻullanish maqsadida Oʻzbekistonga rasmiy tarzda kelayotganlar sayyohlar soni keyingi bir-ikki yil ichida jadal koʻpayib bormoqda. “Mamlakatimizga 2022-yil yanvar-may oylarida dunyoning 70 dan ortiq davlatidan 668.6 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi.
Oʻzbekistonning tarixi va madaniyati nihoyatda boy va turizm tarmogʻining rivojlanishi uchun yuqori salohiyatga ega. Hudud “Buyuk Ipak yoʻli”da joylashgani bois, tarixda savdo va madaniy aloqalar markazi sifatida dunyo mamlakatlari ichida shuhrat qozongan. Respublika hududida 4000 ga yaqin arxitektura yodgorliklari boʻlib, ularning baʼzilari 2500-yillik tarixga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlardagi tarixiy obidalar dunyo tarixchilari va sayyohlarining doimo diqqat markazida boʻlib kelgan. Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston turizm industriyasida sezilarli oʻzgarishlar yuz berdi. Mamlakatda turizmning rivojlanishi bilan bogʻliq siyosiy qarash oʻzgardi. Turizmni rivojlantirish maqsadida 80 ga yaqin meʼyoriy hujjatlar ishlab chiqildi va qabul qilindi. Turizmning barcha turlarini rivojlantirishning huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslari ishlab chiqildi va hozirda takomillashtirilmoqda.
Prezident Sh.Mirziyoyevning 2021-yil 9-fevralda “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi [10] Farmoni eʼlon qilindi. Unda turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini yanada oshirish, maqbul va qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratish, transport yoʻnalishlarini kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish, turizm mahsulotlarini keng targʻib qilish, shuningdek, mamlakatimizning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlashga yoʻnaltirilgan vazifalar belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-fevraldagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi [9] Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun xarajatlarning bir qismini qaytarish tartibi joriy qilindi.
Shu bilan bir qatorda, tashkiliy, iqtisodiy-ijtimoiy masalalar yuzasidan sohani qoʻllab-quvvatlashda Moliya vazirligi, bank moliya tizimi, transport logistikasi hamda soliq tizimlariga tegishli koʻrsatmalar berildi. Bu, oʻz navbatida, ichki turizmning jadal rivojlanishi hamda fuqarolarimizning hordiq chiqarishlariga qulay imkon yaratadi. Eʼtiborli jihatlaridan yana biri – bu buyuk alloma Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini ziyorat markaziga aylantirish hamda atrofidagi 8 nafar buyuk ulamolar qabrini tiklash va obodonlashtirish ishlari konsepsiyasi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishidir.
Farmonning yana bir muhim jihati sifatida Imom Buxoriyning bebaho merosini keng koʻlamda ommalashtirish va targʻib qilish maqsadida xorijiy tillarda “Imom Buxoriy” ziyorat turizmi yoʻldosh telekanalini, xorijiy mamlakatlarda uning muxbirlari faoliyat olib borishini nazarda tutgan holda tashkil etish va uni rivojlantirish konsepsiyasining yaratilishi hisoblanadi.
Oʻzbekiston turizm industriyasida ziyorat turizmi subyektlarining faoliyati, talab va taklif qonunining ustuvorligi, tashkiliy-iqtisodiy jarayonlarni muvofiqlashtirishning maʼmuriy mexanizmlarini yaratish holati kabi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar jamiyatdagi turli ixtisoslashgan institutlar va ularning faoliyat yuritish tartibiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻladi.
Shunday ekan, Oʻzbekistonda turizm industriyasining bugungi holatini oʻrganish bilan bir qatorda, bozor mexanizmlaridan ham ustun turuvchi jamiyatning madaniy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, diniy, huquqiy mexanizmlari majmuasi sifatida namoyon boʻluvchi mavjud institutlarning jarayonlarga taʼsir darajasini oʻrganish muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning mazkur Farmonlari yuqorida qayd etilgan jihatlarni toʻliq qamrab olgani bilan diqqatga sazovordir. Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlar natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston “Jahon musulmon sayyohlari indeksi” reytingida 10 pogʻona (32-oʻrindan 22-oʻringa) koʻtarilib, Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasida musulmon sayyohlarni jalb qilayotgan “Eng jozibador” hamda “Xavfsizlik va bagʻrikenglik darajasi yuqori” boʻlgan 10 mamlakat qatoridan oʻrin egalladi [3].
Jahon sayyohlik tashkilotining maʼlum qilishicha, dunyo yalpi ichki mahsuloti hajmining 10 foizi, investitsiyalarning 11 foizdan ortigʻi, xalqaro eksportning 7 foizi aynan turizm hissasiga toʻgʻri keladi. Xalqaro turizm keltiradigan daromad 1995-yilda 373 milliard AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich yiliga 1 trillion AQSH dollaridan oshib ketdi [5].
Ayni paytda mazkur sohada 250 milliondan ortiq kishi mehnat qilayotgani esa uning ahamiyatini yanada oshirmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, respublikamizda xalqaro turizm bozorini rivojlantirish, uni jahon andozalari talabi asosida shakllantirish va shu orqali iqtisodiyotni yanada yuksaltirish imkoniyati juda koʻp. Xalqaro turizm bozorida, kuchli raqobat kurashi sharoitida koʻzlangan maqsadga erishish uchun, eng avvalo, aniq yoʻnalish, doimiy ravishda izlanish, faoliyatni jahon andozalari darajasida tashkil etish talab qilinmoqda. Bu borada Respublikamizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ichida eng ahamiyatlisi Prezidentimizning 2019-yil 5-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5611-sonli Farmoni asosida Turizmni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi va u 2019-2025-yillar uchun qilinishi kerak boʻlgan ishlarni oʻz ichiga oladi [6].
Oʻzbekistonda sayyohlik tizimini jahon andozalari darajasida rivojlantirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi [7] PF 4861-sonli Farmoni turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishni taʼminlash, turizmga iqtisodiyotning strategik sektori maqomini berish va hududlarda turizm salohiyatidan samarali foydalanishda muhim omil boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi PF 5326-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi [8] Farmoni eʼlon qilindi.
Mazkur Farmonda Isroil, Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya fuqarolari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasiga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar havo kemalari ekipajining aʼzolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanishi koʻzda tutildi.
2019-yilning 1-fevralidan 45 davlat fuqarolari 30 kunlik muddatga Oʻzbekistonga vizasiz kirishi mumkin boʻldi. Shuningdek, 2-3 ish kunida beriladigan elektron vizalar bilan mamlakatga qisqa muddatga sayohat qilish imkoni berilgan mamlakatlar soni ham 76 taga yetkazildi. Shu paytgacha, fuqarolari Oʻzbekistonga 30 kunga vizasiz sayohat qilishi mumkin boʻlgan mamlakatlar soni 18 ta edi [4].
Hozirgi kunda Oʻzbekistonga kelayotgan xorij fuqarolari soni yildan yilga oʻsib borayotganini kuzatishimiz mumkin. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2016-yil Oʻzbekiston Respublikasiga 2,027 mln kishi tashrif buyurgan boʻlsa, 2017-yil ushbu koʻrsatkich 2,69 mln kishini tashkil etgan, bu esa 2017-yilda tashrif buyurgan kishilar soni 2016-yilga nisbatan 32,7 % ga oshganini bildiradi. Oʻz navbatida, 2018-yil mamlakatimizga 5,346 mln kishi tashrif buyurgan boʻlib, oʻtgan 2017-yilga nisbatan 99% ga oʻsgan [2]. Ushbu sayyohlar mamlakatimizga sogʻlomlashtirish, maʼrifiy, kasbiy-amaliy, ziyorat yoki boshqa maqsadlarda kelayotganini kuzatish mumkin.
Oʻzbekistonga tashrif buyuradigan xorij fuqarolarini maqsadi boʻyicha taqsimlaydigan boʻlsak, ularning koʻrsatkichi bir-biridan katta farq qilishini koʻrish mumkin. Mamlakatimizda turizmning koʻplab turlarini rivojlantirish imkoniyati mavjud.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirishi davlat qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizga tashrif buyurgan fuqarolardan kelish maqsadi boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazilgan. Soʻrovnoma oʻtkazish jarayonida 72 ta davlatdan jami 5756 respondent ishtirok etgan. Tadqiqot natijalari BTT ekspertlari ishtirokida va Turizm statistikasi boʻyicha xalqaro tavsiyalar asosida umumlashtirilgan. Ushbu tadqiqot natijalariga koʻra, 2018-yilda 88,1% qarindoshlari va doʻstlarini koʻrish maqsadida, 8,6% dam olish va sayohat maqsadida, 1.1% malakaviy xizmat yuzasidan, 1,0% davolanish yuzasidan, 1,0 tijorat qilish maqsadida va 0,2% taʼlim olish yuzasidan kelgani aniqlangan. Demak, asosiy oʻrinda turgan qarindosh va doʻstlarni koʻrish turizmi bevosita ziyorat turizmi bilan bogʻlanadigan jarayondir.
Oʻzbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirish uchun Misr, Quvayt, Qatar, Ummon, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Turkiya, Pokiston, Eron va MDH davlatlaridan ziyoratchilarni yanada koʻproq jalb qilish boʻyicha quyidagi ishlarni amalga oshirish zarur:
– Oʻzbekistonni ziyorat qilishga qiziqishi kuchli boʻlgan mamlakatlarni aniqlash;
– mazkur mamlakatlar bilan ziyorat turizmi sohasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish;
– Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlar oʻrtasida ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama huquqiy asos va yoʻl xaritalarini ishlab chiqish;
– ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha mazkur davlatlarning turizm kompaniyalari oʻrtasida turli uchrashuv va seminarlarni doimiy tashkil etish;
– yurtimizga ziyorat uchun kelish istagida boʻlgan davlatlar uchun Oʻzbekistondagi tarixiy obida, madaniy meros obyektlari va ziyoratgohlarni yoritib beruvchi maxsus rolik, buklet va ziyoratgohlar boʻyicha nashrlar chop etish;
– ziyoratchilarga ziyoratgoh haqidagi maʼlumotlarni batafsil maʼlumot beradigan, islom taʼlimini yaxshi oʻzlashtirgan arab va ingliz tilini puxta biladigan mutaxassislarni tayyorlash;
– Oʻzbekistonda dunyoga mashhur boʻlgan allomalar haqida maʼlumotlarni toʻplash va ularning ziyoratgohlari roʻyxatini shakllantirish.
-
Boltaboyev M.R., Tuxliyev I.S., Safarov B.Sh., Abduxamidov S.A. Turizm: nazariya va amaliyot. – T., 2018.
-
Sayfutdinov Sh.S. Oʻzbekistonda Ziyorat turizmini rivojlantirishning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlari. Open economy: healthy competition, business environment and favorable investment climate.
-
http://old.muslim.uz/index.php/english/yangiliklar-2016/uzbekistan/item/30477-zbekiston-zijoratchilarni-zhalb-etish-b-jicha-etakchi-davlatga-ajlanmo-da
-
https://m.kun.uz/news/2019/01/05/1-fevraldan-yana-45-davlat-fuqarolari-ozbekistonga-vizasiz-kirishi-mumkin-boladi
-
https://lex.uz/docs/3311817.
-
https://lex.uz/docs/4143188.
-
https://lex.uz/docs/3077025.
-
https://lex.uz/docs/3548467.
-
https://lex.uz/docs/5283956.