Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 16-iyul kuni “Imom Buxoriy – Allohning Er yuzidagi moʻjizasi” mavzusida davra suhbati hamda “Moʻjiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” nomli yangi roman-esse taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi va Hadis ilmi maktabi hamkorligida tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda diniy soha vakillari, tarixchi olimlar, ijodkorlar, talaba-yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Imom Buxoriyning jahon islom sivilizatsiyasida tutgan oʻrni, hadis ilmidagi betakror merosi, yuksak aqlu zakovati va maʼnaviy kamoloti haqida atroflicha fikr almashildi. Qatnashchilar u zotni faqat musulmonlar emas, balki butun insoniyat maʼnaviyati uchun yuksak qadrga sazovor timsol sifatida eʼtirof etdi.
Taʼkidlanganidek, Imom Buxoriyning Samarqandda mangu qoʻnim topgani – bu yurtning ilmu maʼrifat borasida tutgan oʻrni va yuksak madaniy masʼuliyatini yanada ravshan namoyon etadi. Bugun u zotning maqbarasi atrofida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari, zamonaviy infratuzilmalar – Imom Buxoriyga hurmat-ehtiromning amaldagi ifodasi.
Tadbirning markaziy qismida taniqli yozuvchi Ozod Moʻmin qalamiga mansub “Moʻjiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” nomli roman-essening taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Muallif asarning yaratilish jarayoni, ilhom manbalari va asosiy maqsadlari haqida soʻzlab berdi. Uning taʼkidlashicha, kitob yozishga undagan asosiy sabab – Imom Buxoriyni faqat yetuk alloma sifatidagi tarixiy shaxs emas, balki maʼnaviy rahnamo darajasida his qilish istagi boʻlgan. Kitobni yozishda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan taqdim etilgan manbalar, tarixiy hujjatlar va zamonaviy ilmiy qarashlar asos qilib olingan.
Asarda allomaning bolalik va oʻsmirlik davri, ilmga ishtiyoqi, uzoq va mashaqqatli safarlari, sabr va matonat bilan ilm yoʻlidan chekinmagan hayot pillapoyasi hamda “Sahihul Buxoriy” asarining yaratilishi badiiy va tarixiy uygʻunlikda bayon etilgan. Shu bilan birga, inson qalbidagi muhabbat va nafrat, fidokorlik va hasad, ruhiy iztirob va maʼnaviy yuksalish kabi tuygʻular ham taʼsirchan tarzda oʻz ifodasini topgan.
Taqdimot ishtirokchilari roman-esseni Imom Buxoriy siyratini faqat tarixiy maʼlumotlar orqali emas, balki qalb, ruh va inson fazilatlari orqali anglatuvchi badiiy hujjat sifatida baholadi. Ulamolar fikricha, kitob faqat tarixiy maʼlumot beribgina qolmaydi, balki oʻquvchini ruhan bayon qilingan voqealar ichiga olib kiradi va unda ibrat ruhiyatini uygʻotadi, har bir yigit-qiz qalbida Imom Buxoriyning maʼnaviy qiyofasini yangidan jonlantiradi.
Adabiyotshunos va tarixchi olimlar romanning yana bir muhim jihatini – uning keng omma uchun moʻljallangan boʻlsa-da, ilmiy manbalarga asoslanganini alohida taʼkidladi. Soʻnggi yillardagi tadqiqotlar orqali kashf etilgan yangi maʼlumotlar ham kiritilgani kitobning ilmiy qiymatini yanada oshiradi.
Imom Buxoriy merosi – bu faqat diniy ilmlar xazinasi emas. U zotning hayoti, sabri, ilmga sadoqati va tinmas izlanishlari – insonni ruhiy komillikka, qalb pokligiga yetaklovchi ulugʻ maktabdir.
“Moʻjiza inson – Hazrat Imom Buxoriy” kitobi esa, ana shu ruhiy merosni zamonaviy oʻquvchi qalbiga taʼsirchan va qalbga yaqin tilda yetkazuvchi badiiy koʻprikdir. Bunday kitoblar orqali allomalarimizning boy maʼnaviy olamini yaqindan tanib, qalbimizni ham tarbiyalaymiz.
Oʻtkazilgan tadbirlar Imom Buxoriy merosini ulugʻlash, yosh avlodni ilmga muhabbat, taqvo va komillik ruhida kamol toptirish sari tashlangan muhim qadamlardan biri boʻldi.