Home / MAQOLALAR / DINIY BAGʻRIKENGLIK SIYOSATINI OLIB BORISH BOʻYICHA RIVOJLANGAN DAVLATLAR TAJRIBASI

DINIY BAGʻRIKENGLIK SIYOSATINI OLIB BORISH BOʻYICHA RIVOJLANGAN DAVLATLAR TAJRIBASI

Bugungi kunda diniy bagʻrikenglik siyosatini taʼminlash, dinlar va konfessiyalararo muloqotni yoʻlga qoʻyish dunyoda, mintaqalarda va davlatlar kesimida tinchlik, barqarorlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosi boʻlib qolmoqda.

Diniy bagʻrikenglik siyosati deganda hukumat yoki tashkilot oʻz yurisdiksiyasi doirasida turli dinlarning eʼtiqodini qoʻllab-quvvatlash uchun qabul qiladigan tamoyillar va harakatlar tushuniladi. U shaxslarning kamsitish, taʼqib, davlat yoki boshqa guruhlarning aralashuvidan qoʻrqmasdan oʻz diniy eʼtiqodlarini amalga oshirish, ifoda etish va oʻzgartirish erkinligini taʼminlashga qaratilgan. Bunday siyosatning asosiy jihatlariga shaxslarning oʻz diniga eʼtiqod qilish huquqlarini himoya qiluvchi, diniy eʼtiqodlarga koʻra kamsitishlarni taqiqlovchi qonunlar, barcha dinlarga qonun ostida bir xil munosabatda boʻlishini taʼminlash, birovni boshqasidan ustun qoʻymaslik, shaxslarga oʻz diniy eʼtiqodlarini ochiq va maxfiy tarzda ifoda etishiga ruxsat berish, hukumatlar yoki hokimiyatlar diniy urf-odatlarga aralashmasligi, taʼlim va jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalari orqali dinlarni tushunish va hurmat qilishni targʻib qilish kiradi. Mazkur siyosat turli diniy guruhlar oʻrtasida tinch-totuv yashash va hurmatni mustahkamlash, ijtimoiy barqarorlik va totuvlikka hissa qoʻshishga qaratilgan.

Diniy bagʻrikenglik siyosati xalqaro huquqiy, jumladan, BMTning 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasi va milliy qonunchilik meʼyorlari bilan barcha davlatlarda taʼminlanishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, har bir davlatning bu borada oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Quyida bir nechta davlatlar misolida buni oʻrganib, tahlil qilamiz. Zero, bu milliy tajribamizning xorijiy mamlakatlar bilan qiyoslash orqali yutuq va kamchiliklarni sarhisob qilish va kelgusi ishlarni rejalashtirishda ilmiy-metodologik imkoniyatlarni taqdim qiladi.

Amerika Qoʻshma Shtatlarining diniy bagʻrikenglik siyosati tajribasi “Huquqlar toʻgʻrisidagi Bill”da oʻz aksini topgan. AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish oʻzining ikki bandida din erkinligini ham, cherkov va davlatning ajralishini ham kafolatlaydi. Hukumatga maʼlum bir dinni oʻrnatish yoki qoʻllab-quvvatlashni taqiqlaydi. Bu davlat tomonidan homiylik qilinadigan din yaratilishining oldini oladi va barcha dinlarga teng munosabatda boʻlishini taʼminlaydi [14]. Shaxslarga hukumatning ortiqcha aralashuvisiz oʻz dinini erkin eʼtiqod qilish huquqini kafolatlay-di. Bu diniy plyuralizm muhitini rivojlantiradi va odamlarga taʼqibdan qoʻrqmasdan oʻz eʼtiqodlariga amal qilish imkonini beradi [11]. Bu tamoyillar oʻz davri uchun inqilob boʻlsa-da, chegaralangan emas edi. Dastlabki Amerika jamiyati, asosan protestantlar, koʻpincha xristian boʻlmagan dinlar uchun haqiqiy tenglik tushunchasi bilan kurashardi. Koʻpincha diniy eʼtiqodlari sabab chetga surilgan mahalliy amerikaliklar va qul boʻlgan afrikaliklarga boʻlgan munosabat bu yuksak gʻoyalarni amaliyotga tatbiq etish uchun dastlabki kurashlarni aks ettiradi.

AQSHdagi diniy bagʻrikenglik evolyutsiyasini tarixiy bosqichlar orqali ifodalash mumkin. XVIII-XIX asrlarda Konstitutsiya diniy erkinlik uchun asos yaratgan boʻlsa-da, Amerikaning dinga boʻlgan munosabat va diskriminatsiyaning murakkab holatini boshdan kechirdi [15]. Protestantlik konfessiyalari ustun mavqega ega boʻlib, katoliklik, shuningdek, iudaizm kabi boshqa nasroniy eʼtiqodlari adovat va jamiyatdan chetlanishga duch kelgandi. XIX asr Amerikaga yangi diniy anʼanalarni olib kelgan immigratsiyaning koʻpayishiga guvoh boʻldi [12]. Bu ortib borayotgan xilma-xillik, madaniy landshaftni boyitish bilan birga, keskinlikni ham oshirdi. Qoʻrquv va notoʻgʻri qarashlardan kelib chiqqan katoliklarga qarshi kayfiyatning kuchayishi diniy jihatdan xilma-xil jamiyatga moslashish muammolariga misol boʻldi. XX asr boshlarida diniy erkinlik uchun muhim huquqiy gʻalabalar boʻldi. Reynolds Qoʻshma Shtatlarga qarshi [5:7-10] va Kantvell Konnektikutga qarshi [3:142-161] kabi holatlar jamiyat meʼyorlariga zid boʻlsa ham,  erkin eʼtiqod qilish huquqini qoʻllab-quvvatlovchi pretsedentlarni oʻrnatdi. 1960-yillardagi Fuqarolik huquqlari harakati diniy erkinlik doirasini kengaytirdi. Xususan, 1964-yilgi Fuqarolik huquqlari toʻgʻrisidagi qonun [1:383-399] va 1965-yildagi Ovoz berish huquqi toʻgʻrisidagi qonun kabi muhim qonunlar dinidan qatʼi nazar, barcha amerikaliklar uchun teng huquqlarni taʼminladi.

AQSH hukumati turli diniy jamoalar oʻrtasida oʻzaro tushunish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dinlararo muloqot va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydi. Bu konferensiyalar, oʻquv dasturlari va jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyalariga homiylik qilishni oʻz ichiga oladi. Koʻplab notijorat tashkilotlar va dinlararo koalitsiyalar diniy guruhlar oʻrtasida muloqot, tushunish va hamkorlikni rivojlantirish uchun ishlaydi. Ushbu saʼy-harakatlar koʻpincha umumiy ijtimoiy muammolarni hal qilishga, jamiyatning faolligini oshirishga va dinlar oʻrtasida mustahkam aloqa oʻrnatishga qaratilgan.

Yevropa Ittifoqi tomonidan 1950-yilda qabul qilingan Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasi Yevropada inson huquqlariga oid eng muhim hujjatlardan biridir [10: 217-231]. Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasining 9-moddasi fikr, vijdon va din erkinligi huquqini kafolatlab, oʻz dinini yoki eʼtiqodini oʻzgartirish erkinligini hamda oʻz dinini yoki eʼtiqodini ibodat, taʼlimot, amaliyot va marosimlarda yakka oʻzi yoki boshqalar bilan birgalikda, ochiq yoki yopiq ravishda eʼlon qilish erkinligini oʻz ichiga oladi.

2000-yilda eʼlon qilingan va 2009-yilda Lissabon shartnomasi bilan qonuniy kuchga ega boʻlgan Yevropa Ittifoqining Asosiy Huquqlar Xartiyasi inson huquqlari boʻyicha boshqa xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan huquq va erkinliklarni mustahkamlaydi va tasdiqlaydi [6:137-170]. Nizomning 10-moddasi fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqini ochiq-oydin kafolatlaydi, bu Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasining 9-moddasi qoidalariga mos keladi. Xartiyada, shuningdek, 21-modda din yoki eʼtiqodga koʻra kamsitishni taqiqlash bilan birga, tenglik muhimligini taʼkidlaydi. Ushbu asos diniy erkinlikning boshqa asosiy huquqlar bilan bir qatorda himoya qilinishini taʼminlaydi va Yevropa Ittifoqining inson huquqlari va demokratik qadriyatlarga sodiqligini mustahkamlaydi.

Diniy qarama-qarshiliklarning uzoq tarixi va kuchli dunyoviylik anʼanalariga ega boʻlgan Fransiya din va davlat oʻrtasida qatʼiy ajratish modelini qabul qilgan. “Laïcité” deb nomlanuvchi bu yondashuv diniy eʼtiqodlarning ommaviy ifodasini cheklash orqali barcha fuqarolar uchun tenglik va betaraflikni taʼminlashga qaratilgan. 1905 yilda qabul qilingan “Cherkovlar va davlatni ajratish toʻgʻrisida”gi qonun fransuz dunyoviyligining asosini tashkil etadi. Ushbu qonun diniy tashkilotlarning davlat mablagʻlarini olishni taqiqlaydi va jamoat joylarida, jumladan, maktablarda diniy ramzlarni namoyish qilishni cheklaydi [4:259-296]. Fransiya oʻsib borayotgan musulmon aholisini integratsiyalashda jiddiy muammolarga duch kelmoqda. “Laïcité”ning qatʼiy qoʻllanilishi maktablarda roʻmol oʻrash, hijob kiyishni taqiqlash va jamoat joylarida diniy urf-odatlarni cheklash bilan bogʻliq bahs-munozaralarga olib keldi [2:11-19]. Bu chora-tadbirlar tenglik va betaraflikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻlsa-da, musulmonlarning chetga surilishiga hissa qoʻshgani va keskinlikni kuchaytirgani uchun tanqidga uchradi. Ayniqsa, musulmonlar jamiyatida ekstremistik mafkuralarning paydo boʻlishi integratsiya jarayonini yanada murakkablashtirdi. Fransiya bunga javoban terrorizm va radikallashuvga qarshi kurash, jumladan, ekstremistik guruhlar faoliyatini taqiqlash va masjidlar monitoringini oʻtkazish boʻyicha qonunlar qabul qildi. Biroq bu chora-tadbirlar haddan tashqari kuzatuv va fuqarolik erkinliklarining buzilishi ehtimoli haqidagi tashvishlarni uygʻotdi.

Germaniya diniy erkinlik va dinlararo muloqotga katta eʼtibor beradigan davlatlardan biridir. Mamlakatda azaldan diniy bagʻrikenglik anʼanalari mavjud boʻlib, u konstitutsiya va diniy ozchiliklarni himoya qilishga sodiqligida oʻz ifodasini topgan. Germaniyaning Asosiy qonuni (Grundgesetz) diniy erkinlikni asosiy huquq sifatida mustahkamlab, ibodat erkinligini, diniy tashkilotlar tuzish huquqini va diniy taʼlim olish huquqini kafolatlaydi [9:51-70]. 4-moddada shunday deyilgan: eʼtiqod, vijdon erkinligi, diniy yoki falsafiy eʼtiqodga eʼtiqod qilish erkinligi daxlsizdir; dinning buzilmasligi kafolatlanadi; hech kim oʻz vijdoniga qarshi qurol ishlatish bilan harbiy xizmatni oʻtashga majburlanishi mumkin emas. Tafsilotlar federal qonun bilan tartibga solinadi.

Germaniya diniy jamoalar bilan turli davlat shartnomalariga ega. Bu shartnomalar davlat va turli diniy tashkilotlar oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi, ularga maʼlum imtiyozlar beradi va ularning ommaviy-huquqiy maqomini tan oladi. Masalan, 1933-yili Vatikan va Germaniya oʻrtasida imzolangan Reichskonkordat shartnomasi  Germaniyadagi katolik cherkovining huquqlarini tartibga soladi [8:506-535]. Umuman olganda, Germaniyada dinlararo muloqot va hamkorlikning mustahkam anʼanalari mavjud boʻlib, u turli tashkilot hamda diniy jamoalarning  oʻzaro tushunish va hamkorligiga yordam beradi. Bunga antisemitizmga qarshi kurashish, nasroniylar va musulmonlar oʻrtasida muloqot hamda dinlararo taʼlimni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar kiradi. Biroq oxirgi oʻn yilliklarda immigratsiya bilan bogʻliq muammolarning kuchayishi diniy va madaniy bagʻrikenglik tamoyillarini izdan chiqaruvchi harakat va tashkilotlar vujudga kelmoqda. Ular immigrantlarni oʻz milliy va madaniy qadriyatlariga tahdid sifatida koʻrib, boshqa din va madaniyat vakillariga nisbatan murosasizlik va muammolarni keltirib chiqarmoqda. Shunday tashkilot va harakatlardan biri PEGIDA (Patriotische Europäer gegen die Islamisierung des Abendlandes)– “Gʻarbning islomlashuviga qarshi vatanparvar yevropaliklar” tashkiloti boʻlib, ular va shunga oʻxshash harakat va tashkilotlar Yevropaning koʻplab davlatlarida paydo boʻlmoqda va hatto migratsiya va boshqa madaniyatlarga qarshi ritorikalari bilan hokimiyatga kelmoqda [7:158].

Buyuk Britaniya inson huquqlari boʻyicha katta tajribaga ega boʻlib, 1998-yildagi Inson huquqlari toʻgʻrisidagi qonun bilan din va eʼtiqod erkinligini kafolatlaydi [13]. Mamlakatda diniy erkinlikning azaliy anʼanalari mavjud boʻlib, cherkovlar va boshqa turli diniy guruhlar birgalikda totuv yashaydi. U Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasini ichki qonunchilikka kiritib, davlat organlarining Konvensiya bilan himoyalangan huquqlarga mos kelmaydigan xatti-harakatlarini noqonuniy qiladi. 9-modda fikr, vijdon va eʼtiqod erkinligi deb nomlanib, ushbu modda fikrlash, vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini, shu jumladan din yoki eʼtiqodni oʻzgartirish erkinligi hamda oʻz dini yoki eʼtiqodini ibodat, taʼlim, amal va marosimlarda namoyon etish erkinligini kafolatlaydi.

Xulosa qilib aytganda, jamiyat barqarorligini taʼminlashda diniy bagʻrikenglik siyosati har bir davlat va jamiyatda oʻziga xos xususiyatga ega boʻlib, bu jamiyatlarning uzoq rivojlanish tarixi bilan bogʻliq. Oʻrganilgan davlatlarda diniy muammolar va kamsitishlar uchrab tursa-da, jamiyat barqarorligi va tinchligi uchun diniy bagʻrikenglik tamoyillariga amal qilishga harakat qilingan. Yuqorida koʻrib chiqqanimizdek, oʻrganilgan barcha davlatlarda dinlararo munosabatlarni tartibga solish uchun milliy qonunchiliklar takomillashtirilgan va BMTning 1948-yilgi Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasi doirasida diniy bagʻrikenglikni taʼminlash kafolatlarini olgan. Shu bilan birga, diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda oʻziga yarasha qiyinchilik va muammolarga ham ega ekanligi koʻrinib turibdi. Bu ushbu masalani doim diqqat markazda tutib turishni, diniy bagʻrikenglikda davlat nazoratini oʻrnatish va uni takomillashtirilgan mexanizmlar asosida boshqarib turishni talab qiladi. Chunki oddiy maishiy masala va muammolar ham diniy bagʻrikenglikka putur yetkazishi, dinlar va konfessiyalararo munosabatlarga sovuqchilik tushirishi va ixtiloflarga olib kelishi mumkin. Shu bois, insonlarning his-tuygʻulariga bogʻliq diniy masalani tartibga solib turishni takomillashtirish uchun dunyo tajribalari doirasida siyosat olib borish kerak boʻladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR: 
  1. Aiken, J.R., Salmon E.D., & Hanges P.J. The Origins and Legacy of the Civil Rights Act of 1964. Journal of Business and Psychology. 2013, 28(4).
  2. Baubérot J. La laïcité française : républicaine, indivisible, démocratique et sociale. Cités, 52. 2012.
  3. Fisher L. Religious Liberty. In Reconsidering Judicial Finality: Why the Supreme Court Is Not the Last Word on the Constitution. – University Press of Kansas, 2019.
  4. Guerlac O. The Separation of Church and State in France. Political Science Quarterly. 23(2), 1908.
  5. Hamilton M.A., & Seligsohn L. Religion Governed by the Rule of Law. – Human Rights, 39(2), 2013.
  6. Kardos-Kaponyi E. The Charter of Fundamental Rights of the European Union. Társadalom És Gazdaság Közép- És Kelet-Európában / Society and Economy in Central and Eastern Europe, 23(1/2), 2001.
  7. Muydinov D.N. Hozirgi zamon migratsion jarayonlarning jamiyat barqarorligiga taʼsiri (Germaniya Federativ Respublikasi misolida). PhD diss. – T., 2019.
  8. Repgen K. Zur vatikanischen Strategie beim Reichskonkordat. Vierteljahrshefte Für Zeitgeschichte, 31(3), 1983
  9. Thränhardt D. Religiöse Pluralisierung im Einwanderungsland Deutschland. Glaubensfragen in Europa: Religion und Politik im Konflikt. – Transcript Verlag, 2011.
  10. Wildhaber L. The European Convention on Human Rights and International Law. The International and Comparative Law Quarterly, 56(2), 2007.
BEHZOD SOIPOV,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tadqiqotchisi

Check Also

BILISH MANBALARI

Inson tabiatan bilishga ishtiyoqmand mavjudotdir. Hamisha toʻgʻri nima-yu haqiqat neligini anglashga intiladi. Shunday ekan, inson …