Paxtachi tumanidagi Madaniyat saroyida “Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda mahalla raislari, faol xotin-qizlar, otinoyilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Muloqotda diniy sohadagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati, vijdon erkinligini kafolatlovchi huquqiy asoslar, jamiyatda bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash borasidagi amaliy tadbirlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Taʼkidlanganidek, fuqarolarning eʼtiqodi, ijtimoiy-siyosiy qarashlari va dinidan qatʼi nazar, ularning huquqlarini himoya qilish hamda yoshlarni turli yot gʻoyalardan asrash bugungi davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biridir. Bu borada mahalla tizimi, faol xotin-qizlar va jamoatchilik vakillari alohida oʻrin tutadi.
Tadbir ishtirokchilari diniy-maʼrifiy ishlarda jamoaviy yondashuvning ahamiyati, aholi orasida sogʻlom fikrni mustahkamlashda maqsadli targʻibotning samarasi haqida oʻz fikr va takliflarini bildirdi.
Xuddi shunday uchrashuvlar tuman taʼlim muassasalari rahbarlari, pedagoglar va yoshlar yetakchilari ishtirokida ham tashkil etildi. Ularda maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, axborot xatarlariga qarshi maʼrifiy yondashuvni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.