Maʼlumki, Oʻzbekistonda diniy sohadagi davlat siyosati inson huquq va erkinliklarini, jumladan, vijdon erkinligini taʼminlash, bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan. Bu yoʻnalishda olib borilayotgan targʻibot tadbirlarining navbatdagisi Kattaqoʻrgʻon garnizonida joylashgan harbiy qismda boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etgan uchrashuvda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari qatnashdi. Suhbat “Fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mavzusida tashkil etilib, uning doirasida davlatning mazkur sohadagi yondashuvlari, maqsad va ustuvor vazifalari keng yoritildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi globallashuv sharoitida qurolsiz urush shaklidagi mafkuraviy tahdidlar koʻproq boʻy choʻzmoqda. Ayniqsa, axborot hujumlari orqali inson ongiga taʼsir oʻtkazish, turli qarama-qarshi gʻoyalarni tarqatish holatlari kuchaymoqda. Bunday vaziyatda jamiyatni faqat kuch bilan emas, balki bilim, ong va fikriy mustahkamlik bilan himoya qilish muhim. Shu bois, axborot xatarlariga qarshi immunitetini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Maʼruzalarda harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini qiziqtirgan savollarga javoblar berildi, faol muloqot asosida bir qator taklif va fikrlar ilgari surildi.
Tadbir yakunida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish, jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olish orqali maʼnaviy barqarorlikni taʼminlashga hissa qoʻshish muhimligi taʼkidlab oʻtildi.