Aqidada adashgan, islomning asl mohiyatini tushunmaydigan, ilmdan uzoq kimsalar musulmonlar qalbiga fitna solish, fikrini chalgʻitish va eʼtibor qozonish uchun sharʼiy istilohlardan koʻp foydalanadi. Bu yoʻlda sof diniy tushunchalarni buzib talqin qiladi.
“Hijrat” tushunchasi shulardan biri. Ular “hijrat farz”, “hijrat qilmaganlar kofir”, degan gaplarni tarqatishga intiladi. Aslida “Hijrat oʻzi nima? Qachon hijrat qilish kerak? Qayerdan qayerga hijrat qilinadi?” degan savollarga javob topgan kishi ularga aldanib qolmaydi.
Hijrat soʻzi lugʻatda “ajramoq”, “tark etmoq” maʼnolarini bildiradi. Sharʼiy istilohda “kufr yurtidan islom diyoriga koʻchib oʻtish” degani. Hijratning ikki turi mavjud: maʼnaviy va jismoniy.
Maʼnaviy hijrat: Alloh taolo harom qilgan narsadan hijrat qilish. Bu quyidagi hadisda bayon qilingan:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haqiqiy musulmon – tili va qoʻlidan musulmonlar salomat boʻlgan kishidir. Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan narsani tark etgan kishidir”, dedilar”[1].
Demak, hijrat – Alloh taolo man qilgan, qaytargan ishlardan tiyilish, gunoh-maʼsiyatni tark qilish, buyruqlariga boʻysunish, koʻrsatmalariga amal qilish. Kishi oʻz yurtida, oʻz uyida turib ham hijrat qilishi mumkin ekan. Dinning talabi ham shu!
Jismoniy hijratga Paygʻambarimiz alayhissalomning Madinaga va baʼzi sahobalarning Habashistonga hijrat qilishi misol boʻladi.
Jismoniy hijrat qoidalari vaziyatga qarab oʻzgaradi: hijrat kufr oʻlkalarida turib, oʻz dinidagi farzlarni ado eta olmaydigan va koʻchib ketishga qodir boʻlganlargagina farzdir.
“Hijrat hammaga farz”, deb daʼvo qiluvchi toifalarga quyidagi oyat javobdir: “Albatta, imon keltirgan, hijrat qilgan, Allohning yoʻlida molu jonlari bilan jiddu jahd qilganlar va joy berib, yordam koʻrsatganlar, ana oʻshalar bir-birlariga valiydirlar. Imon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, siz hech valiy boʻla olmassiz. Agar ular sizdan dinda yordam soʻrasalar, yordam bermogʻingiz vojib. Faqat, siz bilan oʻrtalarida ahdnoma bor qavm ziddiga emas. Alloh nima qilayotganingizni koʻrguvchi zotdir”[2].
Alloh taolo ushbu oyatda moʻminlarni bir necha toifaga boʻlmoqda:
- Hijrat qilganlar.
- Joy berib, yordam koʻrsatganlar.
- Imon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlar.
Alloh taolo bularning hammasini “moʻminlar” deb atamoqda.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihi Buxoriy” asarida oʻndan ortiq joyda “Makka fathidan keyin hijrat yoʻq!” degan hadisi sharifni keltirgan. Ulamolarning taʼkidlashicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka fath qilinganidan keyin jismoniy hijrat bekor qilinganini nazarda tutgan. Alloh taolo harom qilgan narsalarni tark qilish maʼnosini anglatuvchi maʼnaviy hijrat tushunchasi abadiy boʻlib, uning hukmi bekor qilinmagan. Shuningdek, ushbu hadis umumiy va oʻzidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchi hadislarni nasx qiladi. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmon boʻlgan arablarga oʻzlari tomon hijrat qilishni amr qilmaganlar va oʻz yurtlarida qolishni inkor etmaganlar.
Sahoba va tobeinlar ham xuddi shu fikrda boʻlgan. Mujohid ibn Jabr Makkiydan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: “Fathdan keyin hijrat yoʻq”, der edi”.
Islom fiqhi terminologiyasida dorul islom (islom diyori), dorul harb (urush diyori) yoki dorul kufr (kufr diyori) tushunchalari bor. Adashgan toifalar fikricha, hozir koʻpchilik davlatlar dorul kufr boʻlib, u yerlardagi musulmonlar hijrat qilishi farz emish. Aslida, dorul harb va dorul islom tushunchalari islomning maʼlum davriga xos fiqhiy atamalardir. Qolaversa, ularning taʼrifi borasida ham ulamolar har xil fikr bildirgan. Zamonamiz ulamolaridan Shayx Yusuf Qarzoviyga koʻra, bugungi kunda yer yuzida birorta ham dorul harb yoʻq. Aksincha, musulmonlar uchun dunyoning barcha mamlakati, jumladan aholisining aksariyati musulmon boʻlmagan diyorlar ham dorud daʼva (yaʼni daʼvatni yetkazish diyori) hisoblanadi.
Zamondosh ulamolar taʼkidlaydiki, hozirgi kunda barcha mamlakatlar oʻrtasida tinchlik sulhlari tuzilgani sabab, musulmonlar uchun birorta davlat dorul harb hisoblanmaydi. Hatto, musulmonlar yurti boʻlmagan diyorlar ham dorul ahd (oʻrtada tinchlik va sulh shartnomasi bor diyor)dir. Binobarin, u yurtlarga hujum qilish yoki oʻsha yurtga borganda ularning qonunlarini buzish sharʼan harom boʻladi.
Shuningdek, fuqaholardan bir toifasi aholisining aksariyati musulmon boʻlgan har qanday mamlakat dorul islom hisoblanishini taʼkidlaydi.
Endi, oʻz yurtida namozini oʻqib, roʻzasini tutib va boshqa hukmlarga amal qilib yurgan musulmonlarni qanday qilib kofirga chiqarish mumkin?! Ular yana qayerga hijrat qilsin?! Yana hijratni komil va toʻliq qilish degani nimasi?!