Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida fuqarolarning huquqiy va maʼrifiy ongini yuksaltirish, jamiyatda totuvlik va bagʻrikenglikni mustahkamlash maqsadida shu mavzuda davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlimi, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi masʼullari, tuman targʻibot guruhi va mahallalardagi targʻibotchi faollar ishtirok etdi.
Muloqotda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi B.Mahmudov mamlakatimizda diniy sohada olib borilayotgan oqilona davlat siyosati, uning asosiy yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari haqida atroflicha maʼlumot berdi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi”ning mazmun-mohiyati, uning hayotga tatbiq etilishi va ahamiyati alohida taʼkidlandi.
Tadbir ishtirokchilari diniy mutaassiblik va yot gʻoyalarga qarshi maʼrifiy immunitetni kuchaytirish, aholi orasida sogʻlom fikr va bagʻrikenglikni targʻib etishda targʻibot ishlarining ahamiyati yuqori ekanini qayd etdi.