Zamonaviy jamiyatda tez oʻzgarayotgan axborot muhiti va keng tarqalayotgan turli gʻoyaviy taʼsirlar sharoitida yosh avlodni sogʻlom maʼnaviy asoslarda tarbiyalash, ularni yot gʻoyalardan himoyalash va vijdon erkinligi tamoyillarini keng targʻib qilish muhim vazifaga aylandi. Shu maqsadda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi joylarda oʻtkazayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlardan biri Jomboy tumanida hokimlik apparati xodimlari va mahalliy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida oʻtdi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi O.Bahriyev yoshlar ongini sogʻlom ruhda shakllantirish, ularni yot gʻoyalar taʼsiridan himoya qilish hamda vijdon erkinligi va bagʻrikenglik tamoyillariga asoslangan davlat siyosatining ahamiyati haqida soʻzladi.
Ishtirokchilarga vijdon erkinligi, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik muhitini yaratish boʻyicha davlat siyosati konsepsiyasining asosiy jihatlari haqida batafsil maʼlumot berildi. Shu bilan birga, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan himoyalashda taʼlim muassasalari va jamoat tashkilotlarining masʼuliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Xuddi shunday tadbirlar tumandagi 18-maktabda maktablar direktorlari va ularning oʻrinbosarlari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari rahbarlari hamda “Baxt” toʻqimachilik korxonasida ishchi-xodimlar ishtirokida ham tashkil etildi.
Tadbirlar soʻngida qatnashchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, bunday muloqotlarni muntazam tashkil etish muhimligini taʼkidladi.