Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan joylarda aholining maʼnaviy saviyasini oshirish, yosh avlod ongida sogʻlom tafakkur va mafkuraviy barqarorlikni shakllantirish maqsadida tashkil qilinayotgan targʻibot tadbirlari izchil davom etmoqda.
Navbatdagi muloqot Samarqand shahridagi maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari direktorlari, shuningdek, turli tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirokida tashkil etildi. Unda Markaz ilmiy xodimi U.Muhammadiyev maʼnaviy-maʼrifiy faoliyatning ahamiyati, yoshlar ongida diniy savodxonlik va ijtimoiy masʼuliyatni mustahkamlash masalalariga toʻxtalib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, global axborot oqimi va turli gʻoyaviy tahdidlar fonida jamiyatda maʼnaviy sogʻlom muhitni taʼminlash, yoshlarning qalbi va ongini yot taʼsirlardan himoyalash bugun har qachongidan muhimdir. Bu borada taʼlim muassasalari rahbarlari va jamoat arboblari zimmasidagi maʼrifiy masʼuliyatning qiyosi yoʻq.
Shuningdek, Oʻzbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik muhitini yaratishga qaratilgan davlat siyosatining mazmun-mohiyati haqida atroflicha maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, fikr va takliflar bildirdi. Tadbir yakunida bu kabi muloqotlarni tizimli ravishda oʻtkazish ahamiyati alohida qayd etildi.