Home / FOTO LAVHALAR / Teran tafakkur maʼrifat bilan oziqlanadi

Teran tafakkur maʼrifat bilan oziqlanadi

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlari joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan asrashga yoʻnaltirilgan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlarini oʻtkazmoqda.

Hududlardagi davlat va jamoat tashkilotlari, xususan, mahalla fuqarolar yigʻinlari, taʼlim muassasalarida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida tashkil etilayotgan muloqotlarda maʼnaviyatni yuksaltirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi sogʻlom immunitetni shakllantirish borasida tushuntirish berish bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi mazmun-mohiyati ham keng targʻib etilmoqda.

Shunday tadbir Samarqand shahar hokimligida oʻtdi. Unda Markaz xodimi U.Muhammadiyev hokimlik apparati xodimlari, tashkilot va muassasalar rahbarlariga mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida, xususan, yoshlar ongiga turli yot gʻoyalar singdirilishining oldini olishda maʼrifatning oʻrni, diniy savodxonlikni oshirishning ahamiyati haqida maʼlumot berdi.

Taʼkidlanganidek, jahon miqyosida turli murakkab gʻoyaviy kurashlar avj olayotgan hozirgi paytda jamiyatda maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash, diniy masalalarga oid toʻgʻri va haqqoniy maʼlumotlarni tarqatish orqali fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish muhim vazifalardan hisoblanadi.

Tadbir davomida Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash, turli din va eʼtiqod vakillarining tinch-osoyishta hayot kechirishi uchun yaratilayotgan shart-sharoit, shuningdek, diniy sohadagi davlat siyosatining ochiqligi va insonparvarlik tamoyillari asosida amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Muloqot soʻngida ishtirokchilar oʻzini qiziqtirgan savollariga javoblar oldi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkiyada toʻrtinchi yozgi seminar

Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” doirasidagi malaka oshirish oʻquvlari boshlandi. …