Home / FOTO LAVHALAR / Manfaatli maʼnaviy-maʼrifiy muloqot

Manfaatli maʼnaviy-maʼrifiy muloqot

Turkiya, Anqara – 2025-yil, 10 iyul.
Ayni paytda Turkiyada turli mintaqalardan kelgan tadqiqotchilar ishtirokida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” muvaffaqiyatli davom etmoqda.

Turkiya Islom tafakkuri instituti tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan anʼanaviy oʻquvlarning joriy yilgi ishtirokchilarini Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Diyonat ishlari boshqarmasi rahbari Doktor Ali Erbosh qabul qildi.

Din ishlari boʻyicha oliy idora rahbari tinglovchilarni qutlab, Turkiyaning diniy-maʼrifiy sohada toʻplagan tajribasi, xalqaro taʼlim faoliyati va global hamkorlikdagi ustuvor yoʻnalishlari haqida soʻzlab berdi.

– Biz Turkiyaning tajribasini faqat oʻz hududimiz bilan cheklab qoʻymaymiz. Qalblarimiz bogʻlangan, maʼnaviy aloqalarimiz mavjud yurtlarda va ehtiyoj sezilayotgan barcha mintaqalarda ushbu tajribani ulashishga harakat qilamiz. Buning uchun faqat xayr-ehson emas, taʼlim va maʼrifat ham muhim. Chunki Turkiya tarixan islom olamining ilmiy va maʼnaviy markazlaridan biri boʻlgan. Bugun shu maqomda bardavom boʻlishga intilayapmiz. Bu – biz uchun maʼnaviy masʼuliyat va jihoddir, – dedi  Doktor Ali Erbosh.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi vakili Qodirxon Mahmudov mazkur seminar darslarida ishtirok etish bilan birga, Turkiyada diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlib, turli davlatlar olimlari bilan fikrlashish, hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashish maqsadida muhim uchrashuvlarda ham faol qatnashmoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Turkiyada toʻrtinchi yozgi seminar

Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” doirasidagi malaka oshirish oʻquvlari boshlandi. …