Home / ALLOMALAR / BURHONIDDIN MARGʻINONIY HAYOTI VA “AL-HIDOYA” ASARINING TARIXIY AHAMIYATI

BURHONIDDIN MARGʻINONIY HAYOTI VA “AL-HIDOYA” ASARINING TARIXIY AHAMIYATI

Manbalarda Burhoniddin (Burhoniddin val milla – din va musulmonlarning dalili, isboti. Oʻrta asrlarda islomiy ilmlarda yuksak darajaga erishgan allomalarni shunday nom bilan atashgan) Margʻinoniyning toʻliq ismi Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Fargʻoniy Roshidoniy Margʻinoniy sifatida keltiriladi. Uning nisbasidan olimning hozirgi Fargʻona viloyatining Rishton  tumanida tavallud topganini koʻrish mumkin. XIX asr oxirida yashab oʻtgan hanafiy olimi Abdulhay Laknaviy Burhoniddin Margʻinoniyning fiqh ilmidan tashqari tafsir, hadis kabi boshqa islom ilmlari boʻyicha ham yetuk olim ekanini taʼkidlaydi [18:201].

Olimning tugʻilgan sanasi borasida manbalarda turlicha maʼlumotlar uchraydi. Burhoniddin Margʻinoniyning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid tadqiqotlarda koʻpincha 515/1123-yil keltiriladi [15:144-161-179]. Chunki Abu Tohirxoʻjaning “Samariya” asarida alloma 515/1123-yilda tavallud topgani xususida maʼlumot beriladi. Ammo OʻzRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti sharq qoʻlyozmalari xazinasida saqlanayotgan “Al-Hidoya”ning qadimiy qoʻlyozma nusxasida va Mahmud Afandi Hamzoviyning “Misbohud diroya fi istilohil Hidoya” [12:4] asarida allomaning tavallud sanasi 511/1118-yil deb koʻrsatilgan. Shunga koʻra, ushbu maʼlumot, yaʼni nisbatan Burhoniddin Margʻinoniy davriga yaqinroq davrga tegishli manbada 511/1118-yil deyilishi haqiqatga yaqinroq deb qabul qilinadi [24].

Alloma yashagan muhitni his qilish uchun ushbu taxminiy davr ham kifoya qiladi. Shu bois, Burhoniddin Margʻinoniy tugʻilgan sanani u haqdagi barcha maʼlu-motlarga mos tushuvchi davr oraligʻi, yaʼni milodiy XII asrning birinchi choragi deb belgilash maqsadga muvofiq.

Faqihning Roshidoniy nisbasi Margʻinoniy nisbasidan oldin boʻlishining sababi, bir tomondan, allomaning aynan hozirgi Fargʻona viloyatining Rishton tumani hududida tugʻilgani boʻlsa, ikkinchidan esa, Oʻrta asrlarda Rishton Margʻilondan koʻra kattaroq shahar boʻlgani uchun oldin qayd etilgan boʻlishi ham mumkin [3:250].

Burhoniddin Margʻinoniy dastlabki taʼlimni Rishton va Margʻilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning oʻsha davrdagi diniy va maʼrifiy markazi boʻlgan Samarqandga koʻchib borgan va umrining oxirigacha oʻsha yerda yashagan. Margʻinoniy yoshligidan Qurʼon [11] ni yod olib, hadislarni oʻrgangan.

U balogʻat yoshiga yetganida mukammal ilmga ega boʻlganiga qaramay, ustozlardan taʼlim olishni davom ettirgan. 1149-yili Burhoniddin Margʻinoniy haj safariga bordi. “Kitobul mashoyix” (“Shayxlar haqidagi kitob”) asarida u oʻzi taʼlim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab oʻtgan. Bu roʻyxatda Najmuddin Umar ibn Muhammad Nasafiy (uning ismi Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon Nasafiy Samarqandiy. Hijriy 461-yilda Nasaf shahrida tavallud topgan. Tafsir, hadis, fiqh, usul, tarix, nahv kabi koʻplab ilmlar boʻyicha yetuk olim boʻlib, “Imomus saqolayn” nomi bilan mashhur boʻlgan.), Abu Isʼhoq (ushbu nom (kunya) bilan hanafiylikda uch nafar imom tanilgan. Biri Abu Isʼhoq Ibrohim ibn Muhammad Xatib Muhallabiy. Ikkinchisi, Abu Isʼhoq Navqadiy. Oxirgisi Ibrohim ibn Ismoil ibn Ahmad ibn Isʼhoq ibn Shis ibn Hakam Abu Isʼhoq Ruknul Islom Saffor) Navqadiy (toʻliq ismi Abu Isʼhoq Navqadiy Muhammad ibn Mansur ibn Maxlas Nasafiy boʻlib, Abu Jaʼfar Hinduvoniydan (vaf. 362/973) ilm olgan. Samarqandda muftiy va mudarris boʻlgan va u yerda 434/1042-yil Ramazon oyida vafot etgan), Jaʼfar Hinduvoniy (toʻliq nomi Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad Balxiy. Balxning Hinduvon mahallasidan boʻlgan. Abu Hanifai sagʻir ham deyiladi. U 362/973-yil vafot etgan) [27:322-323] kabi va boshqa olimlarning nomi bor.

Margʻinoniyning keyinchalik fiqhga qiziqishi uygʻonib, hayotining asosiy qismini shu ilmga bagʻishladi. Saʼy-harakati samarasi natijasida u musulmon dunyosiga noyob asarlar taqdim qilib, “Shayxul islom” va “Imom” nomlari bilan tanildi.

Burhoniddin Margʻinoniy Qurʼon, hadis ilmlarini mukammal egallab, fiqh – islom huquqshunosligi borasida ilmga ega boʻlgan va bu sohada koʻplab asar yaratgan, islom fiqhining rivojlanishiga hissa qoʻshgan, tavhid ilmi bilan shugʻullangan faqihdir.

Margʻinoniy “Fiqh” yoʻnalishi boʻyicha “Bidoyatul mubtadiy”, “Kifoyatul muntahiy”, “Nashrul mazhab”, “Kitabul mazid”, “Manosikul haj”, “Mazid fi furuʼ al-hanafiy”, “Kitabut tajnis val-mazid” kabi kitoblar taʼlif etgan [26:25-26].

Oʻrta asr sharqining buyuk faqihi “Al-Hidoya”sining har bir kitob (boʻlim)i islom qonunchiligining maʼlum bir sohasi tavsifiga bagʻishlagan. Olim maʼlum bir huquqiy meʼyorni qoʻllab-quvvatlaydigan manba sifatida Muhammad (s.a.v.), sahobalar va boshqa faqihlar, jumladan, movarounnahrlik safdoshlaridan dalil keltiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida allomaning bir qator asarlari qoʻlyozma nusxalari mavjud: “Majma muxtorotun navozil” yoki “Muxtorotun navozil” deb ham ataladi [23], “Bidoyatul mubtadi” (tartib raqami 3895), “Al-Hidoya fil-fiqh” – 11497 (4 nusxa), “Al-Kifoya fi sharhul Hidoya” – 3618, “Al-Hidoya fil furu” – 11046 (33 nusxa).

Oʻz davrining yetuk, koʻzga koʻringan ulamolari “Faqih”, “Qozixon” nomi bilan mashhur Hasan ibn Mansur, “Itobiy” deb tanilgan Ahmad ibn Muhammad ibn Umar “Muhit”, “Zaxira” kitobining muallifi Mahmud ibn Ahmad ibn Abdulaziz imom haqida juda iliq fikrlarni bildirgan. Ulardan alloma Anvarshoh Kashmiriy “Imomning fiqhdagi martabasiga mingta faqih yetolmaydi”, degan [14:16].

Butun islom olamiga “Siyar aʼlom an-nubalo” asari bilan tanilgan tarixchi imom Zahabiy aytadi: “Alloma, Movarounnahr olimi Burhoniddin Abulhasan Ali ibn Abu Bakr ilm oʻchogʻi edi, Alloh uni rahmat qilsin. Imom hanafiy mazhabida mujtahidlardan olimlarning eʼtirof etganidek, masalalarni istinbot (hukm chiqarish) qilishda, dalillarni keltirishda ustozlaridan oʻzib ketgan edi, ayniqsa “Al-Hidoya” asarini yozganidan keyin”.

Imom ilm olishga juda tashna edi, oʻzi haqida shunday deydi: “Men sheriklarimdan ilmni toʻxtatmasdan, uzluksiz talab qilganim uchun oʻzib ketdim”. Ustozlari haqida “Mashoyixatul fuqaho” nomli asar yozgan, ular hanafiy mazhabidagi oʻttizga yaqin olimlarni sanab oʻtgan edi.

Burhoniddin Margʻinoniyning ustozlari: Otasi Abu Bakr ibn Abdujalil, Bobosi Umar ibn Habib Abu Hafs qozi imom (Imom Saraxsiyning shogirdi), Ahmad ibn Abdurrashid ibn Husayn Qavomiddin Buxoriy, Ahmad ibn Abdulaziz ibn Moza Sadr Sayyid (fiqh ilmini oʻrgangan), Ahmad ibn Muhammad Abu Lays Nasafiy Samarqandiy, Hasan ibn Ali ibn Abdulaziz Margʻinoniy (“Sunani Termiziy”dan taʼlim olgan), Ziyod ibn Ilyos Abumaʼali Zohiriddin (Fargʻonadagi shayxlardan edi).

Margʻinoniy juda koʻp shogird qoldirgan, ular oʻz davrida hanafiy mazhabining ulamolari boʻlib yetishgan. Shogirdlari sifatida oʻgʻli Imodiddin Ali ibn Abu Bakr Margʻinoniy, u “Al-Fusulul Imodiya” kitobini yozgan, oʻgʻli Umar Abu Hafs Nizomiddin “Javohirul fiqh” kitobi sohibi, oʻgʻli Muhammad Jaloliddin Abul Fath. Uchalovi ham otasidek olim boʻlgan. Muhammad ibn Abdusattor ibn Muhammad Imodiy, Hasan ibn Ali ibn Hajjoj [26:21-22], shuningdek, Shamsul aimma Kardariy (Margʻinoniyning xos shogirdlaridan boʻlib, faqihlar orasida imomlar quyoshi degan darajaga ega boʻlgan. Uning fatvolari Usmoniylar davlatida juda mashhur boʻlganidan turklar “fiqh ilmini tiriltiruvchisi” deb nom bergan. “Al-Hidoya” asarini Burhoniddin Margʻinoniydan faqat Shamsul aimma Muhammad ibn Abdusattor Kardariy naql qilgan) (1163-1244) hamda Burhonul islom Zarnujiy – “Taʼlimul mutaallim” (“Taʼlim oluvchiga ilm berish”) asari muallifidir. Zarnujiy 593/1196-97-yili oʻz ustozi bilan bir paytda vafot etgan [14:45]. Kafaviy Shamsul aimma Kardariyni muqallid hanafiy faqihlarining uchinchi tabaqasiga kiritgan [13]. Bulardan ham boshqa koʻp shogirdlarini zikr qilgan.

Burhoniddin Margʻinoniy asarlarini oʻrganishda ikkita jihatga eʼtibor berish mumkin:

Birinchisi, faqihning asarlarida, xususan, “Al-Hidoya”da bitilgan shariat ahkomlari avvalgi buyuk faqihlar fikrlari va boshqalarning eʼtiroz va qoʻshilishi bilan adolat mezoni ustida yoritilgan. Unda kishining dunyoqarashini, fikr-mulohazasini oʻtkirlaydigan, masalaga adolat koʻzi bilan qarashga undaydigan yorqin dalil va hujjatlar oyat va hadislar misolida keltirilgan.

Ikkinchisi, Margʻinoniyning fiqhiy qarashi islom taʼlimotining sunniylik aqidasi bilan bogʻliq boʻlib, bugungi kundagi turli ixtiloflarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Margʻinoniy fiqhiy qarashlaridan oʻrin olgan “Ahli ilmlar oʻrtasidagi oʻzaro hurmat” (ularga itoat qilish)”, “Musulmonlar jamoasi bilan birga boʻlish”, “Muhammad (s.a.v.) ummatiga zid ish qilmaslik” kabi tamoyillar ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas.

Shuningdek, olim Zarnujiy ustozidan shunday misralarni rivoyat qilgan:

“Buzgʻunchi olim katta fasoddir,

Undanda kattasi xudojoʻy johil.

U ikkisi olamlar uzra fitna,

Dinda ular etagin tutgan kishiga” [19:142].

Manbalarni oʻrganish jarayonida Margʻinoniyning yuksak ilmiy darajaga ega boʻlib, faqih va oʻz davri allomasi sifatida tanilishiga quyidagi omillar sabab boʻlgan:

Birinchidan, Burhoniddin Margʻinoniy oʻta isteʼdodli va yuksak tafakkurli shaxs sifatida, ilm-fanga qiziqar edi. Tinimsiz izlanish, bilim olish, uzilishga yoʻl qoʻymasdan davomiy oʻrganish, uning asosiy fazilati edi. Ilmga qiziqish natijasida uzoq safarlarga ham yoʻl olib, asosiy fanlarni oʻzlashtirishga harakat qilgan.

Ikkinchidan, u yashagan davr Sharq Renessansi (Uygʻonish davri)ning birinchi bosqichi IX-XII asrlar, yaʼni Markaziy Osiyoda ilm-fan gurkurab rivojlangan, jamiyat taraqqiyoti uchun fiqh ilmiga zarurat tugʻilgan davrga toʻgʻri keldi. Shu sababli fiqh ilmi boʻyicha u yaratgan asarlar, ayniqsa “Al-Hidoya” kitobi ushbu davrda tez-tez yuzaga keladigan yangi muammolarni yechishga qaratilgan edi.

Uchinchidan, u yashagan Qoraxoniylar davrida sulolaning toʻgʻridan toʻgʻri himoyasi va tashviqoti soyasida 300 ga yaqin yirik faqihlar mavjud boʻlib, 150 dan koʻproq huquqiy asarlar, 20 ta fatvo toʻplamlari yozilgan edi. Ulardan 98 foizi hanafiy mazhabiga tegishli boʻlgan.

Margʻinoniy va uning avlodlari Qoraxoniy hukmdorlari bilan doʻstona munosabatda boʻlib, shayxul islomlik oliy vazifasini birin-ketin bajarib, moddiy va maʼnaviy imtiyozlardan bahramand boʻlib yashashdi. Davr Margʻinoniyga ilmiy yutuqlarga erishish uchun qulay sharoit yaratib berdi.

Toʻrtinchidan, Margʻinoniyning Imom Abu Hanifa (699‑767) asos solgan hanafiy mazhabiga mansubligi ham uning kamolot darajasiga koʻtarilishi uchun asosiy omil boʻlib xizmat qildi. Sababi, Abu Hanifa shariatning uch asosiy manbasi (Qurʼon, sunnat va ijmo)dan keyin, toʻrtinchi asosiy manba boʻlmish ratsional (aqliy) manba, yaʼni qiyosga boshqa mazhablarga nisbatan koʻproq eʼtibor qaratgani bilan ajralib turadi. Bu borada Abu Hanifadan oʻzining soʻzi yetib kelgan [20:80]. Shuningdek, xalq ichida yoyilib, ular hayotiga singib ketgan urf-odatlar hanafiy mazhabida huquqiy muammolarni hal qilishda qoʻshimcha manba sifatida keng koʻlamda qoʻllanadi. Mazkur omillar, ayniqsa, hanafiy mazhabining raʼy (shaxsiy fikr) va qiyosga tayangani Burhoniddin Margʻinoniyga oʻz malakasini oshirib, islom huquqi falsafasining tub mohiyatini anglash va bu sohada erkinlik bilan fikr yuritish uchun munosib sharoit yaratib berdi.

Koʻplab tadqiqotchilar olimning Samarqanddagi (400 ta Muhammad ismli faqihlar dafn etilgan) “Turbatul Muhammadiyin” qabristoni (ana shu davrdagi ulamolar vafot etgan kishini bu yerga qoʻyish uchun 2 shartni joriy etgan. Birinchi shart – bu rihlat qilgan kishining ismi Muhammad, ikkinchisi – mujtahid darajasiga yetgan mukammal olim boʻlishi kerak. Shu bois bu qabriston “Turbatul Muhammadiyin”, yaʼni Muhammad ismli olimlar xoki abadiy qoʻnim topgan maskan nomini olgan) yaqinida dafn etilgani haqida xabar beradi [21:1302].

Oʻrganilgan tadqiqot natijalariga koʻra Burhoniddin Margʻinoniy 593/1197-yili zulhijja oyining 14 kuni seshanbada vafot etgan va Samarqanddagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan deb qayd etish mumkin.

Hozirgi Margʻilon shahrida imomning ramziy maqbara yodgorligi bunyod etilgan. Burhoniddin Margʻinoniyning hayoti va ijodiga Oʻzbekistonda alohida eʼtibor qaratilgan. Uning asarlari, ularda koʻtarilgan masalalar ahamiyati va mavzulari huquqshunos, sharqshunos, tarixchi, filolog va yozuvchilar tomonidan oʻrganilmoqda. 2017-yil 15-iyunda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev Fargʻonada – Margʻinoniy ilmiy markazida “Islom huquqi maktabi”ni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

Hanafiy mazhabining fiqh masalalarida asosiy qoʻllanmasiga aylangan Margʻinoniyning “Al-Hidoya” asari 1178-yili Samarqandda yozilgan. Bu asar butun musulmon olamida mashhur boʻlib ketdi, musulmon huquqi – fiqh boʻyicha eng aniq, izchil va mukammal asar sifatida tan olindi [1:183].

“Al-Hidoya”ning matni va qisqartmalari ustidan faqihlar tomonidan 60 dan ortiq sharh va hoshiyalar yozilgan  va ular ushbu mazhabning tarqalishi yoʻlida taʼsirchan omil sifatida xizmat qilib kelgan [20:1356].

“Fatovoyi Qozixon”, “Al-Hidoya”, “Muhitus Saraxsiy” kabi asarlarda avval usulga oid qoidalar, keyin navodirga doir masalalar keltirilgan. Albatta, fatvo va voqeotlarning martabasi usul va navodirning martabasidan quyidir. Sababi usul va navodirlar mazhab sohiblarining soʻzlaridir. Fatvo va voqeot kabi asarlar esa ularning soʻzlari asosida izdosh boʻlgan faqihlar yechim bergan masalalardir [8:4-6].

Ushbu uch xildagi fiqhiy asarlarning uygʻunlashuvidan hanafiy mazhabi tashkil topgan.

Mahmud ibn Sulaymon Kafaviyning “Katoibul aʼlomul axyor fit- tabaqotil fuqaho va mashoyix mazhabun Nuʼmon” (“Nuʼmon mazhabiga mansub boʻlgan taniqli alloma faqih va shayxlar haqidagi kitob”) nomli asarida keltirilishicha, Burhoniddin Margʻinoniy “Bidoyatul muntahiy” asarining soʻzboshisida “Al-Hidoya”ning yaratilishi xususida shunday yozgan: “Margʻinoniy bir kuni fiqh masalalariga bagʻishlangan hajmi uncha katta boʻlmagan, lekin mazmuni toʻliq boʻlgan bir yaxlit kitob zarur ekani haqida fikr bildirdi. Iroqqa safar qilganimda u yerda “Muxtasarul Quduriy” (“Quduriy qisqartmasi”)ni koʻrdim. Bu paytgacha katta-kichik barcha “Jomeʼus sagʻir” (“Kichik toʻplam”)dan foydalangan edi. Shunda fiqhga oid barcha asarlarni jamlab, ulardan eng zarur masalalarni oldim va bu asarga “Bidoyat al-muntahiy” deb nom berdim. Keyinchalik bu asarga sharh yozib, uni “Kifoyatul muntahiy” deb nomladim” [22:214]. Shuningdek, Muhammad Abdulhay Laknaviy ham xuddi shu mazmundagi fikr [18:57] bilan “Al-Hidoya” asarini yaratilishiga oid maʼlumotlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Margʻinoniy yozgan toʻrt jildlik “Al-Hidoya” kitobi ahli sunna yoʻnalishida hanafiy mazhabi boʻyicha muhim va mukammal huquqiy kodeks sifatida 57 ta kitob, yuzlab bob va fasldan tarkib topgan boʻlib, meros huquqidan tashqari, islom huquqining barcha sohalarini qamrab oladi. Myeros huquqini oʻz kitobiga kiritmaganining sababi shundaki, Imom Aʼzam Abu Hanifa meros muammolarini bir mustaqil fan sifatida fiqh ilmidan ajratib, uni “Al-Faroiz” deb atagan [1:191]. Qolaversa, Burhoniddin Margʻinoniyning meros ilmiga oid “Majmuʼul usmoniy” asari ham mavjud.

“Al-Hidoya”ning eng dastlabki tarjimasi 1190/1776-yilda Bangola hokimi Imodud davla Masivolning topshirigʻi bilan arab tilidan fors tiliga mazkur shahar bosh qozisi lavozimida boʻlgan Gʻulom Yahyoxon Bahoriy, Mavlaviy Tojuddin Bangoliy, Mir Muhammad Husayn Eroniy va Mavlaviy Shariatulloh Sambhaliy tomonidan amalga oshirilgan. Bu tarjima “Al-Hidoya” mutunul bidoya maʼa tarjimai forsiy” nomi bilan 1808-yilda Kalkuttada nashr qilingan [14:31-32].

“Al-Hidoya” bir necha asrlar davomida koʻp musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik boʻyicha eng asosiy qoʻllanma hisoblanib, bu yerda 1917-yil inqilobidan, to 30-yillargacha shariat qozilari bekor qilinib, sovet sud tizimi joriy qilingunga qadar amalda boʻlgan. Hozirgi kunda ham islom shariati asosida ish yuritadigan musulmon mamlakatlari huquqshunosligida bu asardan keng foydalaniladi. “Al-Hidoya”ning 1893-yilda rus tilida qisqartirilgan tarjimasi N.P.Grodekov tomonidan nashr etilgan (Xidoya. Kommentarii musulmanskogo pravo. – T., 1893. T. I-IV. Asar 400 nusxada bosilgan boʻlib, “Turkiston oʻlkasini” maʼmuriy jandarm boshqaruv ishlaridagi xizmatchilariga moʻljallangandir (“Turkestanskiye vedomosti” 1893 g. 16 (28) iyunya), yaʼni Rus chorizmining mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishni osonlashtirish maqsadlariga boʻysundirilgan boʻlib, ruscha tarjima inglizcha tarjimasidek toʻliq emas, ayrim qismlari toʻligʻicha tushirib qoldirilgan).

“Al-Hidoya” boshqa fiqhiy manbalardan mantiqiy va mavzular boʻyicha tartiblangani bilan farq qiladi. Bu noyob huquqiy qonunlar Margʻinoniy vafot etganidan keyin ham ming yil davomida oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Uning ishi olimlar tomonidan chuqur oʻrganilgan va koʻp marta sharh yozilgan. Chunki unda muhim va dolzarb muayyan hayotiy masalalar hal etilgan boʻlib, hozirgacha amaliy qoʻllanma sifatida foydalanilmoqda.

Allomaning ushbu asari asosan Oʻrta Osiyoda, keyinroq esa Sharq va Gʻarbda keng tarqalgan. Fors, ingliz, rus [28:480] va boshqa tillarga tarjima qilinib, islom fiqhi boʻyicha koʻp kitoblarning vujudga kelishida manba boʻlib xizmat qilgan.

Mazkur asarning qoʻlda yozilgan 200 dan ortiq nusxalari hozirgi paytda jahonning koʻplab fondlarida saqlanmoqda [25:203-209]. Bu asar oʻsha davr huquqshunosligi va boy tarixga ega boʻlgan ilmiy merosni oʻrganish uchun maʼlumotnoma vazifasini oʻtaydi.

Margʻinoniy “Al-Hidoya”da koʻpincha avval ikki imom – Abu Yusuf va Muhammad dalillarini keltirib, soʻng Imom Aʼzam dalilini yozgan. Agar “Al-Hidoya”da “kitobda aytganki”, deyilsa, Quduriy qasd qilingan boʻladi.

Shayx Akmaluddin fikriga koʻra, “Al-Hidoya” sohibi bu kitobni oʻn uch yil davomida tasnif qilgan va oʻsha muddatda doimo roʻza tutib yurgan. Shu bilan birga, roʻzadorligini birovga bildirmaslikka harakat qilgan. U kishining zuhdi va taqvosi tufayli kitobi hammaga maqbul boʻlgan.

Burhoniddin Margʻinoniy “Al-Hidoya”da koʻpincha har bir fiqhiy hukmning dalili va taʼlili – hikmatini yoki qaysi fiqhiy qoidaga binoan chiqarilganini aytib ketgan. Bu esa kitob qiymatini oshirgan. Shu bilan birga, tanqidchilar Imom Margʻinoniy “Al-Hidoya”da keltirgan hadis va asarlar manbasi va roviysi keltirilmaganini nuqson sifatida zikr qilgan. Bu taʼnaga qarshi ish olib borgan hanafiy ulamolardan imom Zaylaʼiy “Al-Hidoya”da keltirilgan har bir rivoyatning manbasi va roviysini topib, “Nasbur roya taxriyj ahodisil Hidoya” degan kitob tasnif qilgan. Bu kitob ham “Al-Hidoya” kabi shuhrat topgan.

Tadqiqotchilar ushbu kitobga alohida eʼtibor bergan. Hozirda baʼzi mamlakatlarda, jumladan, Iroqda “Al-Hidoya”ni yod olmagan odam faqih hisoblanmaydi.

Olimlar “Al-Hidoya”ni turli yoʻllar bilan tadqiq qilgan. “Al-Hidoya”ga juda koʻp sharh yozilgan. Hoji Xalifa “Kashfuz zunun”da bu sharhlarning oʻziga yetib kelganlarini besh sahifaga yaqin hajmda sanab oʻtgan. Badruddin Ayniyning “Al-Hidoya”ga yozgan “Binoya” nomli sharhini tahqiq qilib, chop etishni yoʻlga qoʻygan zamondosh olim Amiyn Solih Shaʼbon kitobning qirq ikkita sharhi roʻyxatini keltirgan.

Shofeiy mazhabi namoyandalari ham “Al-Hidoya” muallifini, baʼzi eʼtiborga ega boʻlmagan hadislardan foydalangan, deb tanqid qilgan. Lekin tadqiqotchilar, jumladan, Muhammad Abdulhay Laknaviy bunday yondashuvlarga “Margʻinoniyning maqomi va ilmidan xabarsizlik sabab boʻlgan”, deb taʼkidlagan. Shayx Muhyiddin Abdulqodir (vaf.775) ibn Muhammad Qurashiy Misriy “Al-Hidoya” kitobida keltirilgan hadislarni taxrij qilib (hadislar matni toʻgʻri va roviylarining ishonarli ekanini isbotlab berib) uni “Al-Inoya bi maʼrifati ahodisil hidoya” deb atagan.

Shuningdek, shayx Alouddin “Al-Kifoya fi maʼrifati ahodisil hidoya” nomli kitobida va shayx Jamoluddin Abdullo ibn Yusuf Zaylaʼiy “Nasbur roya li ahodisil hidoya” nomli kitobida mazkur hadislarning sahihligini koʻrsatib bergan. Oxirgi asarni ibn Hajar Asqaloniy qisqartirib, “Ad-Diroya fi muntaxab ahodisil hidoya” deb atagan.

“Al-Hidoya” asariga oʻz davri va keyingi asr ulamolari tomonidan 50 ga yaqin sharhlar yozilgan. Ayrim olimlar “Al-Hidoya” kitobini muxtasar holga keltirib tartiblab chiqqan.

Shuningdek, baʼzi ulamolar “Al-Hidoya” kitobida kelgan hadislarni taxrij qilib, alohida kitob taʼlif etgan. Imom Abu Bakr ibn Ali Homiliy Yamaniy (vaf.769) “Al-Hidoya” kitobining matni “Bidoyatul mubtadiy” kitobini nazmiy tarzda yozib, uni “Durarul muhtadiy va zaxrul muqtadiy fi nazmi bidoyatil mubtadiy” deb nomlagan. Abu Bakr ibn Ali Haddod Yamaniy (vaf.800) ushbu nazmiy asarga sharh yozib, uni “Sirojuz zolam va badrut tamom sharhid duraril muhtadiy” deb nomlagan.

“Al-Hidoya – sharhu bidoyatil mubtadiy” kitobiga yozilgan ushbu sharh, muxtasar va nazm kitoblari “Al-Hidoya” kitobining mashhur va koʻpchilik murojaat qiladigan kitob ekaniga dalildir.

Oʻrta osiyolik faqihlarning har biri oʻz ilmiy uslubi va yashagan davri sharoitiga qarab islom huquqi, ayniqsa, hanafiy mazhabi rivoji yoʻlida unutilmas xizmat qilib, oʻzlaridan barhayot asar qoldirgan. Ular orasida Burhoniddin Margʻinoniy yozgan huquqiy kodeks “Al-Hidoya” ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa mazhablar bilan qiyosiy uslubda oʻrganib, har tomonlama yoritgani uchun oʻziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

“Al-Hidoya”ning arabcha matni 4 jilddan iborat boʻlib, uning har bir jildi shariat nuqtayi nazaridan ibodat va ijtimoiy hayotdagi turli xil muammolarning huquqiy yechimiga bagʻishlangan [5:460].

Birinchi jildi 5 kitobdan iborat boʻlib, tahorat va amaliy ibodatlar namoz, roʻza, zakot va hajga bagʻishlangan. Bu jild 47 bob va 37 fasldan iborat.

Ikkinchi jildga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolalar nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yoʻqolganlar va yoʻqolgan buyumlar, sherikchilik shartlari, vaqf huquqi kabi masalalar kiritilgan. Bu jild 60 ta bob, 36 ta fasldan tashkil topgan.

Uchinchi jild 14 ta kitobni oʻz ichiga oladi. Bular: oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga oʻtkazish, qozi vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, daʼvo, iqror boʻlish, sulh, bir ishda pul bilan sherik boʻlish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovgʻa, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (patronat), majbur qilish, homiylik, qisman ozod boʻlgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar oʻrin olgan. Bu jildda 36 ta bob, 37 ta fasl mavjud.

Toʻrtinchi jildda esa, shafoat qilish shartlari, merosni taqsimlash, dehqonchilik hamda bogʻdorchilikka doir shartnomalar, qurbonlikka soʻyiladigan jonliqlar haqida, qurbonlik qilish shartlari, shariatga zid keladigan holatlar haqida, tashlandiq yerlarni oʻzlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar, ovchilik, garovga berish va olish, jinoyatlar, xun haqi toʻlash, vasiyat kabi huquqiy masalalar yoritilgan. Bu jild 23 bob, 38 ta fasldan iborat.

 “Al-Hidoya” muallifi muhim va munozarali masalalarni yoritmoqchi boʻlganda sahobalar, mazhab asoschilari, faqihlar ismi, jugʻrofiy va tarixiy joylar, turli toifa va qabilalar nomini zikr etadi. Abdulhay Laknaviy oʻz muqaddimasida “Al-Hidoya”ning birinchi qismida zikr etilgan sahoba va tobein ismlari 50 dan koʻproq, toifa va urugʻlar nomi 12 ta, jugʻrofiy va tarixiy joylar nomi 55 ta ekanini koʻrsatib, ularning har biri haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtgan. U Margʻinoniy asarida kelgan 90 dan ortiq faqih, imom, mujtahidlar, jumladan, mashhur sahoba va muhaddislar ismini hamda ularga tegishli boʻlgan maʼlumotlarni zikr etadi. Shunga koʻra, “Al-Hidoya” muallifining ishi qanchalik ogʻir va keng qamrovli ekanini tushunish mumkin [6:622].

Islom huquqi manbalarini oʻrganishga bagʻishlangan tadqiqotlarda islom huquqi manbalarini asosiy va hosila (qoʻshimcha) manbalarga boʻlish haqidagi fikr keng tarqalgan. Asosiy manbalarga odatda Qurʼon, Muhammad (s.a.v.) sunnati, ijmo va qiyosni koʻp tadqiqotchilar kiritadi. Qoʻshimcha manbalar sifatida esa, istehson, maslahatul mursala, urf, istisʼhob, avval oʻtgan ummatlar shariati, sahobalar yoʻli, qonun, farmon kabilarni kam tadqiqotchilar eʼtirof etadi [9:44].

Burhoniddin Margʻinoniy “Hidoya” asarining nazariy manbalarini quyidagilar tashkil etadi:

  1. Qurʼon oyatlari.
  2. Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadislar.
  3. Dastlabki toʻrt xalifa, sahoba va tobeinlar rivoyati.
  4. Sunniylikdagi toʻrt mazhab asoschilari Abu Xanifa Noʻmon ibn Sobit, Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Shofeiy, Molik ibn Anas, Ahmad ibi Hanbalning asarlari va fiqhiy qarashlari.
  5. Abu Hanifaning shogird va safdoshlaridan Abu Yusuf, Muhammad, Zufar va boshqa faqihlar asarlari. Burhoniddin Margʻinoniy “Al-Hidoya” asarida soʻnggi uch faqih asarlariga havola qiladi. Ular Abu Yusuf (Abu Yusuf Yaʼqub ibn Ibrohim ibn Hubayb fiqh ilmi sohasida mashhur boʻlib, Abu Xanifaning shogirdi, “ahli ray” maktabi asoschilaridan boʻlgan. Umrining oxirigacha, yaʼni hijriy 183-yilgacha – Horun ar-Rashid davrigacha Bagʻdodda qozilar qozisi boʻlgan. Abu Yusuf hanafiy mazhabi boʻyicha birinchi boʻlib kitob yozgan va ushbu mazhabning tarqalishiga sababchi boʻlgan faqihdir. Uning eng mashhur kitobi “Kitob al-xiroj”dir), Imom Muhammad (Muhammad ibn Hasan ibn Vohid Abu Abdulloh Shayboniy. Uning otasi asli shomlik boʻlgan. Muhammad Kufada katta boʻlgan, avval ilmni Molik, Avzoiy, Musʼar va Sariylardan olgan. Soʻng Abu Hanifaga shogird boʻlib, fiqh ilmini oʻrgangan. Grammatika, hisob va Qurʼonda mohir boʻlgan. Shofeiy: “Men Muhammaddan bir tuyaga yuk boʻlgudek ilm oldim”, degan. “Sharh al-muqaddima”da yozilishicha, Muhammad diniy sohada 990 ta kitob yozgan. Muhammad Anas ibn Molik huzurida uch yil davomida 700 ta hadisni yod olgan. Shogirdlari Abu Hafs Kabir, Ahmad ibn Hafs, Abu Sulaymon Juzjoniy, Muso ibn Kusayr Roziy, Muhammad ibn Samoa va boshqalar. Muhammadning eng mashhur kitoblari katoriga “Mabsut”, “Jomyeʼus sagʻir”, “Jomyeʼul kabir”, “Siyarus sagʻir”, “Ziyodot”, “Kitobul osor” kabi asarlari kiradi) va Imom Zufar hisoblanadi (Zufar ibn Huzayl ibn Qays Basriy, hijriy 110-yilda tugʻilib, 158-yili Basrada vafot etgan. Abu Hanifa uni hurmatlab: “Zufar meni shogirdlarim orasida qiyosga eng mohiridir”, degan. Hasan ibn Ziyodning aytishicha, “Abu Hanifaning majlislarida eng peshqadam shogird Zufar edi”. Abu Qoimning taʼkidlashicha, Zufar ishonchli, omonatdor kishi edi, Basraga kirganida (akasining merosini olgani) shahar aholisi uni mahkam ushlab olib, shahardan chiqib ketishiga qarshi boʻlgan. Abu Dovud Toyining rivoyat qilishicha, Zufar Abu Yusuf bilan fiqh borasida munozaralar qilgan, uning tili bagʻoyat fasohatli, ravon boʻlgan. Koʻpincha Abu Yusuf ushbu munozaralarda biroz hayajonlanib qolgan. Tarixchi Ibn Hallikon “Vafiyotul ayon” asarida yozishicha, Zufar asli Isfahon shahridan boʻlgan. Muhammad ibn Abdulloh Aksoriyning taʼkidlashicha, Zufarga qozilik taklif etilganda qabul qilmay bir qancha muddat berkinib yurgan. Shunda kelib uyini buzib ketishgan. Soʻng oʻzi kelib uyini tuzatgan. Yana taklif boʻlgan, Zufar rad etgan, kelib uyini yana vayron qilishgan. Ammo Zufar taklifni qabul qilmagan. Bu yerda qozilik mansabini qabul qilmaslik bu kasbni masʼuliyati katta boʻlganidan edi).

“Al-Hidoya” asarining keng koʻlamli nazariy manbalari Margʻinoniyning keng va koʻp qirrali isteʼdod hamda ilm egasi ekanini yaqqol koʻrsatadi.

Burhoniddin Margʻinoniy “Al-Hidoya” kitobini yozishda oʻziga xos uslub yaratdi. Uning har bir iborasi qisqa va muxtasar, fiqhiy hukmlarni ifodalovchi jumlalarning har biri bir umumiy qoida shaklida beriladi. Uning iboralari moʻjaz, yaʼni qisqa va sermazmun, soʻzlarining tarkibi puxta, nuqsonsiz boʻlib, sunʼiylikdan uzoq, u koʻp zarurat sezmasa, sinonim soʻzlardan foydalanmaydi. Hashv va zavoidni (kerak boʻlmagan ortiqcha soʻzlarni) ishlatmaydi. Uning yozish uslubi “sahli mumtaniʼ” (oson, sodda, lekin uningdek qilib yozish mumkin emas).

Muallif “Al-Hidoya”ni yozishda oʻziga xos boʻlgan qisqa soʻz, istiloh (atama) va ixcham iboralarni ishlatadi. Ushbu iboralar “Al-Hidoya”ga yozilgan sharh va hoshiyalarda mualliflari tomonidan belgilab berilgan. Mazkur manbalarga asoslanib, Hoji Xalifa (Kotib Chalabiy), Shayx Abdulhaq Dehlaviy va Abdulhay Laknaviy oʻz asarlarida ularni izohlab oʻtgan. Ulardan ayrimlari quyidagilardan iborat:

Muallif asarda “رضي الله عنه” (Undan Alloh rozi boʻlsin) desa, oʻzini nazarda tutgan. Usmoniylar qozisi Abu Suud aytadi: “Al-Hidoya” sohibi qachon oʻzining soʻzini keltirsa, “قال العبد الضعيف عفا الله عنه” (Zaif banda, Alloh uni afv qilsin, aytadi), iborasini keltirgan. Lekin vafotlaridan soʻng baʼzi shogirdlari bu iborani “قال رضي الله عنه” iborasiga oʻzgartirgan” [10:322].

Demak, muallif manmanlik shubhaga kelishidan saqlanish uchun oʻzini birinchi shaxsda zikr qilmagan. Kamtarlik faqih va muhaddislarning doimiy odati boʻlgan.

Faqih oʻzi ixtiyor qilgan mazhab dalillarini eng soʻnggida keltiradi. Yana shunday doimiy odatlardan biri, garchi faqihlarning soʻzlarini keltirganda, koʻpincha birinchi boʻlib eng kuchli soʻzni keltirsa, ixtilofli soʻzlarga dalil keltirgan vaqtda oxiri keltirilgan dalil oldingisiga javob oʻrnida boʻlishi uchun eng kuchli soʻzning dalilini oxirida keltiradi.

في ديارنا – (Bizning diyorimizda) deganda, u Movarounnahr shaharlarini nazarda tutadi.

قال مشايخنا  – (Bizning shayxlarimiz, yaʼni ustozlarimiz dedilar)dan murod, u Movarounnahr (Buxoro, Samarqand) olimlarini nazarda tutadi.

Muallif “Fiqh” soʻzi bilan, aqliy dalilni ifodalaydi. Masalan,كذا الفقه فيه yaʼni ushbu masala haqida aqliy dalil quyidagidek… Muallif oʻzini xudbinlikdan saqlash maqsadida “men” soʻzini oʻz fikrini bildirishda ishlatmagan.

Uning odatlaridan biri shundaki, nazarida maʼqul koʻringan mazhab dalilini asar oxirida keltiradi. Qozizoda Rumiy laqabi bilan mashhur boʻlgan Zayniddin Shayx Muhammad Afandi “Natoijul afkor” kitobida yozishicha, muallif turli mavzular uchun dalil keltirish jarayonida eng kuchli dalilni hammasidan oxirida keltiradi. Bundan uning maqsadi oxirgi soʻzni ilgari zikr etilgan matlablar uchun dalil sifatida qoʻllashdir.

Muallif ilgari zikr etilgan oyatga “bimo talavna” (tilovat qilganimizga binoan), hadisga “bimo rovayno” (rivoyat qilganimizga binoan) va ilgari keltirilgan aqliy, mantiqiy dalilga “bimo zakarno” (zikr qilganimizga binoan) degan iboralar bilan ishora qiladi. Shuningdek, u “nass”, yaʼni oyat yo hadis matnida kelgan illat yoki sababni tekshiriladigan masalani isbotlash uchun mantiqiy dalil qilib ishlatadi. U koʻpincha aqliy dalilni, naqliy dalildan keyin keltiradi. Tugʻilishi mumkin boʻlgan savol yo eʼtirozga ega, “fain qiyla kazo, qulna kazo” (agar bunday deyilsa, bunday deb javob beramiz) iborasi bilan javob qaytaradi. U koʻpincha, avvalo, Abu Hanifa shogirdlari Abu Yusuf va Shayboniyning qarashlarini, soʻngra dalilini keltiradi, undan keyin Abu Hanifaning nazarini zikr etib, uning dalilini shunday izohlab oʻtadi-ki, har ikkalasi uchun javob boʻladi. Muallifning yozish uslubi, u ishlatgan oʻziga xos ibora va atamalarni yaxshi bilib olish, “Al-Hidoya”ni oʻqib, undan foydalanishga katta yordam beradi.

Muallif “asl” deb aytsa, bu bilan Imom Muhammadning “Mabsut” asarini nazarda tutgan boʻladi. “Muxtasar” va “Kitob” lafzlarini zikr qilganda esa, “Muxtasari Quduriy” asarini nazarda tutadi.

Koʻrilayotgan masala “Quduriy” yoki “Jomeʼus sagʻir”ning masalasi boʻlsa yoki “Al-Bidoya”da zikr qilingan boʻlsa, “قال” (aytdi) lafzini zikr qiladi.

Qozi Mahmud Ayniy aytadi: “Al-Hidoya” haqiqatda Muhammadning “Jomeʼus sagʻir” va Quduriyning “Muxtasarul Quduriy” asarlarining sharhidir”.

“Miftohus saodat”da quyidagicha keltiriladi: “Burhoniddin Margʻinoniy “Har masalaning avvalida agar u “Quduriy”ning yoki “Jomeʼus sagʻir”ning masalasi boʻlsa yoki “Bidoya”da zikr qilingan boʻlsa, “قال” (aytdi) lafzini zikr qiladi. Agar yuqoridagilardan boshqa asarlarda zikr qilingan boʻlsa, “قال” (aytdi) lafzini zikr qilmaydi” [2:248].

Agar muallif “bu hadis falon maʼnoda” desa, hadis imomlari tomonidan yakdil xulosaga kelinganiga ishora qiladi. Agar “biz uni shu maʼnoda deb hisoblaymiz”, desa, hadis imomlari emas, balki faqihning oʻzi ushbu xulosaga kelganini tushunish mumkin.

Agar “falonchiga koʻra”, desa, uning mazhabini nazarda tutgan boʻladi. “Falonchidan” desa, undan qilingan rivoyat nazarda tutiladi.

“Nass” soʻzidan Qurʼon oyatlari yoki hadislarni nazarda tutadi.

“Zohir ar-rivoya”dan maqsad Imom Muhammadning olti kitobi, “Mabsut” (bu kitob “Asl” deb ham ataladi), “Ziyodot”, “Jomeʼul kabir”, “Jomeʼus sagʻir”, “Siyarul kabir” va “Siyarus sagʻir” asarlaridir.

“Al-Hidoya”da qiyos soʻzi oʻz joyiga qarab ikki xil maʼnoda ishlatilgan. Birinchisi, nassda kelmagan masalani nassda kelgan masalaga taqqoslash va unga buning hukmini berish. Ikkinchisi, shariatda joriy boʻlgan umumiy-kulliy qoidalardadir.

“Al-Hidoya” asarida istehson umumiy-kulliy qoidalari tark qilinib, masalaning koʻpchilik ilgʻamaydigan nozik jihati eʼtiborga olingan. Bundan maqsad odamlar uchun osonlik yaratishdir. Bu xususda “Usul al-fiqh” kitobida batafsil maʼlumot mavjud.

“Al-Hidoya” kitobining yana bir xususiyati shundan iboratki, unda “Ilmul xilof” orqali belgilab berilgan qoidalar keng koʻlamda nazarda tutiladi. Chunki Margʻinoniy ushbu fan sohasida ham mutaxassis hisoblangan.

“Ilmul xilof” faniga birinchi boʻlib asos solgan alloma Abu Zayd Dabusiy edi [16:26]. Burhoniddin Margʻinoniy “Al-Hidoya”da huquqiy muammolarni yechish jarayonida faqat asosiy mazhablarga emas, balki zohiriy va avzoiy mazhablariga doir fikr-mulohazalarni ham oʻrni kelganda tekshirib oʻtadi va har biri haqida oʻz nuqtai nazarini bildiradi. Ushbu nuqtai nazardan qaraganda “Al-Hidoya” “Ilmul xilof”ni keng koʻlamda oʻrganish uchun ham muhim manba hisoblanadi. Ayni holda unga oxirgi davrda yangi bir fan sifatida yuzaga kelgan “qiyosiy huquq”ning oʻziga xos bir shakli deb qarash mumkin.

Margʻinoniy fiqhiy nuqtai nazardan, huquqiy masalalarni izohlash jarayonida, ularning mashruʼ (qonuniy) yoki nomashruʼ (gʻayriqonuniy) ekanini naqliy dalillardan keyin aqliy dalillar bilan yoritib oʻtadi. Shuning uchun “Al-Hidoya” islom huquqi falsafasi va keyingi davrlarda keng rivojlangan “huquq falsafasi” fanining manbalaridan biri deb qabul qilingan [4:31].

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, Burhoniddin Margʻinoniyning “Al-Hidoya” asari inson hayotining shaxsiy, ijtimoiy, axloqiy, iqtisodiy, maʼnaviy, madaniy va boshqa barcha jabhalariga aloqador boʻlgan jihatlarni qamrab olgan va ularni muayyan huquqiy meʼyorlar, qonun va qoidalarda izchillik bilan aks ettirgan mukammal kitobdir. Asarning umumiy hajmi qoʻlyozma nusxalarida uning oʻlchamiga qarab 500-600 varaqni tashkil etsa, zamonaviy bosma nusxalari 1090 betni tashkil etadi. “Al-Hidoya” asari turdosh asarlardan oʻzining tuzilishi, mavzularning izchil tartibda joylashtirilishi, taʼbir shakllari va xos bayon uslubi bilan ajralib turadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Abdulhakim Sharʼiy Juzjoniy. Islom huquqshunosligi, hanafiy mazhabi va Oʻrta Osiyo faqihlari. – T.: Toshkent islom universiteti nashriyoti, 2002.
  2. Ahmad ibn Mustafo Toshkubrizoda. Miftoxus saʼoda va masobixis siyoda. 11 jildli. – Qohira: Dor al-kutub al-hadisiya, 1995. – J. 9.
  3. Bartold V.V. Istoriya Turkestana // Bartold V.V. Sob.soch. v 9 t. T. II. Ch.I. – M., 1963.
  4. Burhoniddin Margʻinoniy. Al-Hidoya sharh bidoyatil mubtadi. Ibodat qismi. Birinchi jild. / Tarjima va mualliflari: A.Qambarov, A.Ikromjonov va I.Bekmirzayev. – T.: Hilol-nashr,
  5. Burhoniddin Margʻinoniy. Al-Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy. – Makka: Mustafo Ahmad Boz, 1994. – J. 1-2.
  6. Burhoniddin Margʻinoniy. Al-Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy. – Makka: Mustafo Ahmad Boz, 1994. – 3-4.
  7. Joʻzjoniy A.Sh., Yusupova N.J. Burhoniddin Margʻinoniy: hayoti va ilmiy merosi. – T.: Akademiya, 2007.
  8. Zaynuddin Qosim ibn Qutlubgʻo. Tojut tarojim fit tabaqotil hanafiya. – Bagʻdod: Matbaʼul ʼoniy, 1962.
  9. Zuhayliy Vahba. Al­fiqhul islomiy va adillatuh. 8­jild. – Bayrut.: Dor al­kutub al­ilmiya, 1984.
  1. Kavakci Y.Z. XI ve XII asirlarda Karahalilar devrinde ma varaʻ al-Nahr islom hukukculari. – Ankara: Sevinc matbaasi, 1976. – XXIV.
  2. Manno Qatton. (Mabohis fi ulum il Qurʼan). – Bayrut, 1980; Vasilyev A. Ucheniye Korana i Muxammedanskogo predaniya o boge i predopredeleni – Kazan, 1987. – S.7; Musulmanskoye pravo / Pervod s fransuzskogo S.I.Volka. Pod red. i s predis. Ye.A.Belyayeva. – M., 1959. – S.19; Syukiyainnen L.R. Musulmanskoye pravo (struktura i osnovnыye institutы). – M.: Institut gosudarstva i pravo AN SSSR, 1981.
  3. Mahmud Afandi Hamzoviy. Misbohud diroya fi istilohil Hidoya. – Damashq: Maorif, 1303.
  4. Mahmud ibn Sulaymon Kafaviy. Muntahab aʼlomul axyor fit-tabaqot hanafiy al-muxtor”. – T.: Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar fondi // Qoʻlyozma № 91. – B. 98 b, 155 a.
  5. Mahmud Hasaniy. Al-Margʻinoniyning “Al-Hidoya” asari va unga yozilgan sharhlar. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000.
  6. Maʼnaviyat yulduzlari: (Markaziy Osiyolik mashhur siymolar, allomalar, adiblar) // Toʻplovchi va masʼul muharrir: M.M.Xayrullayev. / – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti., 2001. – B. 144; Islom huquqshunosligi (Fiqh): oʻquv qoʻllanma. / J.Toshqulov va boshq. – T.: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2014. – B. 161; Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari. (fiqh fanidan oʻquv qoʻllanma) / H.Aminov va boshq. – T.: Movarounnahr, 2017. – B. 179.
  7. Moʻminov A.Q. Hanafiy ulamolarining markaziy Movarounnahr shaharlari hayotida tutgan oʻrni va roli (II-VII/VIII-XIII asrlar). Tarix fan. dokt. dis. avtoref. – T.: TIU, 2003.
  8. Mustafo ibn Abdulloh Rumiy. Al-hadis hanafiy ash-shahir bi Hoji Xalifa. Kashfuz zunun ʼan asmoʼul kutub val- 2 jildli. – Makka: Maktabatul faylasaliya, 1981. J. 2.
  9. Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favoid al-bahiya fi tarojim al-hanafiya / Ahmad az-Zaʼbiy tahriri ostida. 1-nashri. – Bayrut: Dorul Arqam ibn al-Arqam, 1418/1998.
  10. Muhammad Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul bahiya fi tarojimul hanafiya / Sayyid Muhammad Badruddin tahriri ostida. 1-nashri. – Qohira: Matbaatus saodat, 1324/1906.
  11. Axboru Abiy Hanifata va asʼhobuhu. – S.10; Makkiy. Manoqibu Abiy Hanifata.
  12. Xayruddin Zirikliy. Al-Aʼlom: Qomus tarojim li shuhurir rijol van niso minal arab val mustashriqin. 10 jildli. – Qohira: Dorul ilm lil malayin, 1998. – J.2.
  13. OʻzR FA Abu RAyhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondi. Inv. № 2929, 214.
  14. OʻzR FA SHI Qoʻlyozmalar xazinasi, inv. № 4624, № 5748.
  15. Qoriyev O. Al-Margʻinoniy – mashhur fiqhshunos. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000. – B. 20; Lыkoshin N.S. Avtor Xidai // Turkestanskiye vedemosti. 1907. № 106. – S. 64.
  16. Qoriyev O.A. Fargʻona fiqh maktabi va Burhoniddin al-Margʻinoniy. – T.: Fan, 2009.
  17. Qoriyev O. Al-Margʻinoniy – mashhur fiqhshunos. – T.: A.Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2000.
  18. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari. (fiqh fanidan oʻquv qoʻllanma) / H.Aminov va boshq. – T.: Movarounnahr, 2017.
  19. Kommentarii musulmanskogo pravo. Otv. Red. i avt. Vstup. Stati i kommentariy A.Saidov. – T.: Uzbekistan, 1994.
BOBIRMIRZO BOTIROV,
Oriental universiteti Tarix kafedrasi stajyor-oʻqituvchisi, tadqiqotchi

Check Also

ABUL YUSR PAZDAVIYNING ILMIY FAOLIYATI TAHLILI

XI-XII asrlarda Movarounnahrda ensiklopedik allomalarning aksariyati Buxoro va Samarqand shaharlarida toʻplangan edi. Lekin ularning safi …