Turkiyaning Anqara shahridagi Islom tafakkuri institutida “Movarounnahr toʻrtinchi yozgi seminarlari” doirasidagi malaka oshirish oʻquvlari boshlandi.
Joriy yilgi seminarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Qodirxon Mahmudov faol ishtirok etmoqda. Ushbu ilmiy oʻquv dasturida Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tatariston, Senegal, Makedoniya, Kosovo, Albaniya va Ozarbayjondan tashrif buyurgan yosh tadqiqotchilar, talaba-yoshlar hamda ilm ahli qatnashmoqda.
Institutning professor-oʻqituvchilari tomonidan arab va turk tillarida olib borilayotgan darslarda ishtirokchilarga usulul fiqh, usulul hadis, mantiq, islom falsafasi va Movarounnahr hududidan yetishib chiqqan ulamolarning ilm-fan sohasidagi yutuqlari haqida atroflicha maʼlumotlar taqdim etilmoqda.
Malaka oshirish jarayonida qatnashchilar uchun Turkiyaning nufuzli universitetlari va ziyoratgohlariga ilmiy safarlar uyushtirish ham koʻzda tutilgan.
Oʻquv bir oy davom etadi.