Home / MAQOLALAR / BILISH MANBALARI

BILISH MANBALARI

Inson tabiatan bilishga ishtiyoqmand mavjudotdir. Hamisha toʻgʻri nima-yu haqiqat neligini anglashga intiladi. Shunday ekan, inson bilimni qanday qilib qoʻlga kiritadi, nimalar orqali bilish imkoniga ega boʻladi? Bu borada turfa zamon odamlari turli qarashlarda boʻlib kelgan.

Koʻpchilik faqat aqliy tafakkurga tayangan. Din, mulohaza, tajriba va ilmiy kashfiyotlarni inkor qilganlar ham boʻlgan. Islom esa bilimga oid manbalarda doim muvozanat va uygʻunlikni namoyon etgan.

Islom bilishning uch manbasini qabul qilgan va ularni bir-birini toʻldiruvchi deb hisoblagan. Ular oʻrtasida muvozanat saqlangan boʻlib, bir-biriga zid emas, balki uygʻundir. Hayot ruhiy va moddiy jihatdan faqat shu uch manbani hamohang tarzda qabul qilish bilangina taraqqiy etishi mumkin.

Shuning uchun islom soyasida boʻlgan hayot tarzida bu manbalardan birortasini inkor etish holati kuzatilmagan. Ayrim shaxs yo guruhlar bu manbalardan foydalanishda muvozanatni buzgan boʻlsa-da, hech qachon birortasini toʻliq inkor etish darajasiga yetmagan.

Shunday qilib, islomda ilm-maʼrifatning manbai uchta: his (mulohaza va tajriba), aql va sodiq xabar (naql – Qurʼoni karim oyatlari va sahih sunnat). Bu manbalar oyat va hadislarda juda koʻp zikr etilgan. Ular ayrim oyatlarda birgalikda ham qayd etilgan, masalan, Alloh taoloning quyidagi soʻzlarida: “Alloh sizni onalaringiz qornidan hech narsa bilmaydigan holingizda chiqardi. U sizga quloq, koʻzlar va fuod (dil)larni berdi. Shoyad, shukr qilsangiz” (Nahl surasi, 78-oyat). Bu oyat ilm haqida soʻzlaydi. Inson dunyoga kelganda hech qanday maʼlumotga ega boʻlmaydi. Keyin taʼlim (oʻrganish) manbalari zikr etiladi:

Quloq (eshitish) – bundan maqsad sodiq xabardir. Inson oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, ammo boshqalar koʻrib, unga yetkazgan maʼlumotlarni eshitish orqali oʻrganadi. Bu manbaga vahiy ham kiradi. Yaʼni, maʼlumotlar insonga Allohning elchilari – Paygʻambarlar orqali yetkaziladi.

Koʻz (koʻrish) – bu oddiy odam koʻrgan yo olimning koʻrib, ilgari surgan farazlari, mulohazalaridir. Ularni tajribalar orqali sinab, natijalarni tahlil qilib, ilmiy nazariyalar tuzadi, ilmiy haqiqatlarni ochadi.

Fuod (qalb, dil) – bunda birinchi navbatda aql nazarda tutilmoqda. Aql insonga maʼlumotlarni na koʻrib, na eshitib, balki mavjud hissiy yo xabariy dalillardan xulosa chiqarish orqali anglash imkonini beradi. Ulamolarning taʼkidlashicha, aqliy maʼlumotlar hissiy manbalardan olinar, kim hisni yoʻqotsa, ilmdan ham mahrum boʻlar ekan.

Bu masala Qurʼoni karimda zikr etilgan boʻlib, Alloh taolo hissiyotlar va aql oʻrtasida bogʻliqlik borligini bayon etgan: “Kufr keltirganlar xuddi qichqiriq va sasdan boshqa narsani eshitmaydiganlarga baqirayotganga oʻxshaydi. Ular kar, soqov va koʻrdirlar. Ular aql ishlatmaslar” (Baqara surasi, 171-oyat).

Shuningdek, U Zot: “Oʻzing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, koʻz va dil – ana oʻshalar masʼuldirlar”, (Isro surasi, 36-oyat) degan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizdan bir hadisni eshitib, (oʻzgaga) yetkazgunicha yodda saqlagan kishini Alloh yarlaqasin! Fiqhni yod olgan baʼzilar uni oʻzidan faqihroqlarga yetkazadi, fiqhni yod bilgan baʼzilarning esa oʻzi faqih (tushunuvchi) boʻlmaydi”, deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Baʼzi hadislarda “Gapimni yaxshilab yodlab olib, boshqalarga xuddi eshitganidek yetkazgan kishini Alloh yarlaqasin!” deyilgan (Bazzor va Shofeiy rivoyat qilgan).

Bu hadislar toʻgʻridan-toʻgʻri “sodiq xabar – naql” manbasini tasdiqlaydi. Eshitilgan ilmni boshqalarga oʻzgartirmay yetkazish – ilmni saqlash va tarqatishda muhim vositadir. Shuningdek, aql-tafakkur va mulohazaning bilishdagi ahamiyati koʻrsatib oʻtilyapti. Ilm faqat eshitish va yodlashdangina iborat emas, balki uni anglash va tahlil qilish ham zarur. Bu – aql va fahm manbasining oʻrni. Yaʼni, bevosita eshitgan odamlardan koʻra bilvosita eshitgan bir kishi faqihroq boʻlib chiqishi mumkin, islom tarixida bunga dalillar juda koʻp.

Bu oyat va hadislardan maʼlum boʻladiki, insonning bilim olishida eshitish, koʻrish va aql – uch manba ham muhim va har kishi ulardan foydalanish yo foydalanmaslik uchun javobgar boʻladi.

Haqiqiy ilmiy taraqqiyot, hayotdagi ruhiy va moddiy barqarorlik ham ana shu manbalar oʻrtasidagi muvozanatni saqlash bilan bogʻliqdir. Aynan shu muvozanatga tayangan hayot tarzi insonning har tomonlama kamolotiga xizmat qiladi.

Qodirxon MAHMUDOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

“QARO KOʻZ” VASFI

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (rahimahulloh) butun ilmiy va badiiy ijodida, davlat arbobi sifatidagi siyosiy-ijtimoiy faoliyatida …