Xabar berilganidek, shu kunlarda Din ishlari qoʻmitasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Indoneziyada xizmat safarida boʻlib turibdi.
3-iyul kuni delegatsiya ishtirokida Jakartada “Movarounnahrdan Janubi-Sharqiy Osiyoga: hadis ilmlari va intellektual aloqalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi. Uning ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov tashkiliy qoʻmita nomidan tabrik nutqi soʻzlab, Movarounnahrning hadis ilmida tutgan oʻrni va Imom Buxoriy kabi allomalarning dunyo ilm-faniga qoʻshgan hissasini alohida taʼkidladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari oʻrtasida ilmiy-maʼnaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhimligini qayd etdi.
Konferensiya doirasida islom ilmlari, xususan hadisshunoslik, tafsir va falsafa sohalaridagi tarixiy meros, uning Janubi-Sharqiy Osiyodagi taʼsiri, zamonaviy tahdidlar va maʼrifiy yondashuvlar kabi mavzular atroflicha muhokama etildi.
Tadbirning asosiy qismida Sh.Ziyodov “Movarounnahrda hadis ilmi rivoji” mavzusida maʼruza qilib, Markaziy Osiyo, xususan, Buxoro, Samarqand va Termiz kabi shaharlarda IX–X asrlarda shakllangan hadis ilmi maktablari, ularning usul va anʼanalari, Imom Buxoriy va Imom Termiziy kabi allomalarning oʻrni haqida atroflicha soʻz yuritdi. Hamkorlikni kengaytirish, qoʻshma tadqiqotlar, talabalar va ilmiy xodimlar almashinuvi boʻyicha qator takliflar ilgari surildi.
Konferensiya davom etmoqda.