Joriy yil 2-iyul kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy xodimlar va Kinematografiya agentligi vakili, rejissyor Shohruh Rasulov ishtirokida Imom Buxoriy majmuasi tarixi, uning yangidan bino qilinayotgani toʻgʻrisida suratga olinadigan hujjatli filmning gʻoyaviy yoʻnalishi va ssenariysi yuzasidan muhokama oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu film orqali Imom Buxoriy maqbarasi atrofida bunyod etilayotgan ulkan majmua nafaqat diniy-maʼrifiy, balki madaniy-maʼnaviy markaz sifatida namoyon boʻlishi koʻzda tutilgan. Loyihaning asosiy maqsadi Imom Buxoriy siyrati va ilmiy merosini keng jamoatchilikka yetkazish, uning ilmga fidoyiligi va sadoqatini bor boʻy-basti bilan koʻrsatishdan iborat.
Filmda Imom Buxoriy siyratini aks ettiradigan badiiy epizodlar orqali taʼriflab boʻlmas darajada yuksak ilmiy meros sohibini yana bir bor eʼtirof etish va u zotga nisbatan hurmat va ehtirom tuygʻusini yanada mustahkamlash koʻzda tutilgan. Majmuada ayni paytda olib borilayotgan qurilish ishlari, barpo etilayotgan innovatsion muzey, masjid va ziyorat turizmi uchun yaratilayotgan zamonaviy infratuzilma haqida toʻliq maʼlumot film markazidan oʻrin oladi.
Muloqot davomida filmning umumiy gʻoyasi, metafora va obrazlar, konseptual yondashuv batafsil muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor Imom Buxoriyning maʼnaviy merosi oʻziga xos meʼmoriy yechimlar orqali aks ettirilishiga qaratildi. Majmuadagi har bir tarkibiy qism bugungi avlod uchun maʼnaviy-maʼrifiy meros sifatida namoyon etilayotgani koʻrsatiladi.
Bir necha nufuzli xorijiy va mahalliy olimlar va jamoatchilik vakillarining fikrlari aks ettiriladigan film “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan Toshkent va Samarqandda, Imom Buxoriy majmuasi va ilmiy muassasalarda suratga olinadi.
Loyiha ijodiy jamoasi Imom Buxoriy majmuasini faqat meʼmoriy emas, balki ruhiy va maʼnaviy timsol sifatida yoritishni maqsad qilgan. Majmuaning har bir qismida mujassamlashgan maʼnolar hikmatlar vositasida teran ifoda etiladi.
Muxtasar aytganda, yaratiladigan film Imom Buxoriy siymosiga qaratilayotgan eʼtiborni yangidan barpo qilinayotgan majmua misolida zamonaviy tahlil, badiiy ifoda va tarixiy haqiqat uygʻunligida keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.