Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi olimlarining Beshinchi onlayn seminari oʻtkazildi.
Islom tamaddunida ilohiyot, hadis, islom huquqi, tasavvuf, iqtisod, boshqaruv, tarix, falsafa, taʼlim, psixologiya, matematika, astronomiya, texnologiya va tibbiyot sohalarining ahamiyatini keng oʻrganishga qaratilgan tadbir Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamkorligida tashkil etildi.
Islom ulamolarining anʼanaviy seminari 2021-yildan buyon Oʻzbekiston va Malayziyadagi turdosh tashkilotlar, Islom hamkorlik tashkilotining Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRSIKA), Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ISESCO) hamda Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi va Qirgʻiziston musulmonlari idorasi vakillari ishtirokida oʻtkazib kelinadi.
Bu yilgi tadbir “Donolik rishtalari: Islom dunyosida ilm va madaniyatni bogʻlovchi maʼnaviy meros” mavzusiga bagʻishlandi. Unda Markaz ilmiy xodimi Sh.Umarov “Abd ibn Humayd Keshiyning “Tafsir Abd” asarini tafsir ilmi rivojida tutgan oʻrni” mavzusida maʼruza qildi.
Tadqiqotchi “Tafsir Abd” asari Movarounnahrda yozilgan ilk tafsirlardan biri ekanini koʻrsatib berib, bu kitob keyingi davrdagi mufassirlar uchun muhim manba sifatida xizmat qilganini taʼkidladi. Asardagi oʻziga xos ilmiy-uslubiy yondashuv va mazmunan chuqur tahlillar islom tafsir maktabining shakllanishida katta ahamiyatga ega boʻlgan. Shu nuqtayi nazardan, ushbu merosni ilmiy jihatdan oʻrganish, zamonaviy tadqiqotlar bilan uygʻunlashtirish va yangi avlodga yetkazish bugungi kun islomshunosligining muhim vazifalaridan biri sifatida namoyon boʻlmoqda.
Maʼruza seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.
Anjuman yakunida diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, islom ilm-fan merosini tadqiq etish va ilmiy aloqalarni yanada kengaytirish zarur, degan toʻxtamga kelindi.