Home / FOTO LAVHALAR / “Taraqqiy”dan boshlangan saodatli safo

“Taraqqiy”dan boshlangan saodatli safo

2025-yil 27-iyun kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Markazning ilmiy xodimlari, axborot siyosati va matbuot xizmati masʼullari, www.bukhari.uz sayti tahririyati, “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali hamda nashriyot jamoasi ishtirok etdi.

Markaz direktori Shovosil Ziyodov tadbirni ochar ekan, ishtirokchilarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi xizmatlarini alohida eʼtirof etdi. U soʻzida axborot makonida sodiqlik va xolislik tamoyillarini ustuvor tutgan holda, Markazning media faoliyati orqali xalqimizga ilm va maʼrifatni yetkazishda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur sana oʻzbek matbuot tarixi uchun unutilmas ahamiyatga ega boʻlib, milliy uygʻonish davri jadidlari tomonidan taʼsis etilgan “Taraqqiy” gazetasining ilk soni chop etilgan kun sifatida tarixda qayd etilgan.

Bu nashr milliy matbuotning poydevorini qoʻygan, xalqning ongini uygʻotish, ilm-maʼrifatga chaqirish, islohotlar zaruratini tushuntirishda katta oʻrin tutgan. “Taraqqiy” orqali jadidlar jamiyatdagi turli ijtimoiy va siyosiy muammolarni koʻtargan, milliy oʻzlikni anglashga daʼvat qilgan.

Shu bois, 27-iyun nafaqat kasbiy bayram sifatida, balki milliy matbuotimiz tarixidagi tub burilish nuqtasi sifatida qadrlanadi. Bugungi kunda ham ushbu sana jurnalist va axborot sohasi xodimlariga tarixiy masʼuliyatni, soʻz erkinligi va xolislikni taʼminlash borasidagi muqaddas burchni eslatib turadi.

Tadbir davomida matbuot va axborot vositalari insonlar dunyoqarashiga taʼsir etuvchi kuchli omillardan biri sifatida, fuqarolarni ezgulikka, oʻzaro hurmat va hamjihatlikka daʼvat etayotgani, shu jumladan Markaz faoliyatidagi axborot platformalari – sayt, jurnal va ijtimoiy tarmoqlar orqali ilm-fan, odob-axloq, milliy qadriyatlar keng targʻib etilayotgani alohida qayd etildi.

Soʻzga chiqqanlar soʻz masʼuliyati, tezkorlik va xolislik singari tamoyillar bugungi kundagi media faoliyatning asosiy mezonlaridan biri ekanini taʼkidlab, matbuot sohasida xizmat qilayotgan hamkasblarga muvaffaqiyat va ijodiy zafarlar tiladilar.

Tadbir yakunida axborot siyosati va matbuot sohasida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar Markaz rahbariyati tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

“Maʼrifat karvoni” Samarqandga yetib keldi

Yurtimizda maʼrifat, madaniyat va maʼnaviyatni keng targʻib etishga qaratilgan “Maʼrifat karvoni” tadbirlari Samarqand viloyatida davom …