Nizomiddin Mir Alisher Navoiy (rahimahulloh) butun ilmiy va badiiy ijodida, davlat arbobi sifatidagi siyosiy-ijtimoiy faoliyatida islom sarchashmalari boʻlmish Qurʼoni karim va hadisi shariflardagi umumbashariy, ilgʻor gʻoyalarga tayandi, tasavvuf nazariyasi, uning ilmiy-gʻoyaviy asosi boʻlmish vujudiyun taʼlimotini chuqur oʻrgandi va targʻib etdi. U oʻz davridagi eng ilgʻor madaniy-maʼrifiy hamda badiiy tafakkur yutuqlarini asarlarida boy falsafiy mazmun va goʻzal badiiy nafosat uygʻunligida oʻquvchisiga taqdim etdi. Uning badiiy tafakkuri taraqqiyoti islom maʼnaviyatini keng idrok qilish va uni oʻz ijodiy va ijtimoiy faoliyatida targʻib etish gʻoyalari bilan bevosita bogʻliqdir.
Moʻtabar islomiy manbalar boʻlmish Qurʼoni karim va Hazrati paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom hadislarida ifodalangan fikrlar Alisher Navoiyning badiiy asarlarida goʻzal tashbehlar, betakror lavhalar vositasida aks etadi. Ulugʻ shoir oʻzining muqaddas tuygʻularini ham oʻquvchisiga baʼzan oshkora, baʼzan xufiyona ramziy maʼnolar, timsollar vositasida bayon etgan.
Bugungi kunga qadar Navoiy lirik merosining mukammal nashrlari amalga oshirildi, buning asosida shoir biografiyasi, dunyoqarashi, ijodiy metodi, adabiy-tanqidiy qarashlari, sanʼatkorligi masalalariga doir faktlar toʻplandi va tahlil etildi, shoir ijod etgan tarixiy sharoit va uning buyuk mutafakkir turli sohalardagi faoliyatiga taʼsiri masalalari oʻrganildi. Navoiy gʻazaliyoti va poetikasini nazariy jihatdan janr poetikasi xususiyatlari nuqtayi nazaridan izchil tekshirish, undagi obrazlar tizimining estetik asoslarini aniqlash sohasidagi tadqiqotlar esa ikki-uch maxsus ilmiy asar doirasi bilan chegaralanadi. Biroq hozirgi adabiyotshunoslik talablarini bu hol albatta qoniqtirmaydi. Navoiyshunoslikning ulugʻ shoir gʻazaliyoti maʼrifiy mazmuni, undagi irfoniy gʻoyalar tahlili va talqinlari sohasida yangi ilmiy-uslubiy asoslardagi tadqiqotlar yaratilishi lozimligi masalasi bugungi kunda dolzarb boʻlib qolmoqda.
Alisher Navoiyning “Qaro koʻzum …” deb boshlanuvchi gʻazali gʻoyaviy-maʼrifiy maʼno-mazmun nuqtayi nazaridan sharh va talqin, qiyosiy-tarixiy tahlillar, biografik (hasbu hol) usullari vositasida oʻrganilgan. Ushbu maqolada aynan shu uslubiy asoslarda gʻazal tahlil etilib, oʻquvchi eʼtiboriga yangi fikr-mulohazalar havola qilinadi.
“Qilgʻil” radifli ushbu gʻazal bundan yarim asrlardan koʻproq vaqt muqaddam oʻzbek adabiyotshunos olimlari talqin va mubohasalari mavzusiga aylanib, hattoki “Navoiyning “Qaro koʻzum”i kim edi?” nomli bir mujalladning dunyoga kelishiga ham sabab boʻlgan. Zukko navoiyshunos olimlarimiz gʻazal mazmuni va ramziy maʼnolari haqida nihoyatda nuktadonlik bilan fikr bildirar ekan, ulugʻ shoir vasf etgan mamduhni goh dunyo goʻzali – mahbuba, goh – yaqin doʻst, yor, goh – shoirning asrandi oʻgʻli, goh – Olamlar parvardigori Haq taoloning hamdi, deya taʼriflagan. Vatanimizda yot el va yot mafkura hukmronlik qilgan bir davrda zukko olimlarimiz oʻzlari bilgan haqiqatni ham ayta olmagan. Chunki bu mafkuraning asosiy talablaridan biri – millat ruhini koʻtaradigan, milliy gʻurur paydo boʻlishiga vosita boʻladigan tarixiy hodisa va shaxslar haqida soʻz yuritishni man etish edi. Bashariyat milliy iftixori boʻlmish yagona komil inson – sevimli paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom ana shunday “soʻz ochishdan ehtiyot boʻlmoq lozim” boʻlgan shaxsiyatlar safining eng boshida turar edilar. Bu ham Haq taoloning biz bilmagan hikmatlaridan biri boʻlgandir balki?! Chunki noyob gavhar xazinalar toʻrida yashirib qoʻyiladi. Haq taolo oʻzining muhabbat bilan yaratgan bebaho gavharini bandalari qalbi toʻrida makon tutib turishini niyat qilgandir. Shunday boʻlgan ham. Ammo insonda shunday bir xususiyat bor ekanki, qalbida joʻsh urgan hissiyot togʻlar qaʼrini yorib chiqqan buloq singari ertami-kechmi uning tiliga ham koʻchar ekan. Navoiy hazratlarining quyidagi gʻazallari shunday fikr uygʻonishiga sabab boʻladi. Gʻazal – naʼt va iltijo mazmunidadir:
Qaro koʻzum, kelu, mardumligʻ emdi fan qilgʻil,
Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil.
Hazrat qalblari mahbubiga murojaat etish uchun, avvalo, soʻz, ibora yoxud tashbeh izlaydilar. Inson tanasining eng zarur va aziz boʻlgan aʼzosi koʻz neʼmati ekan, ulugʻ shoir sevimli mahbubning koʻzlarini tasavvur etadilar. Islomiy manbalarni mukammal bilgan Hazrat Navoiy Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning koʻzlari tim qora ekanligini taʼkid etaroq, bevosita iyhom sanʼati bilan – ham sevimli Paygʻambarimiz alayhissalomga xayolan murojaat etadilar, ham ul zoti bobarakotni oʻzlarining koʻzlari oʻrnida tasavvur qilib, ulugʻlaydilar: “Rasululloh alayhissalomning koʻzlari qorasi tim qora edi”. [5/1:304]
Mardumak – koʻzning gavhari. Maʼlumki, koʻz qabul qilgan tasvirlar ana shu mardumakda, gavharakda aks etib turadi. Fan – kasb, hunar maʼnosini anglatadi. Ulugʻ shoir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga iltijo bilan: “Ey qaro koʻzli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, koʻzlarimdek azizim, Sizni tushlarimda koʻray, koʻzlarim mardumi ichida doimo siymongiz aks etib tursin, mening koʻzlarim mardumi boʻlishingiz bir hunardek takror-takror boʻlsin. Vatan – tark etib boʻlmaydigan maskan, Koʻzim mardumini faqatgina Sizning aksingiz egallasin, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bu vatanga boshqa hech kim kirmasin”, demoqdalar.
“Nizomiddin” – davlatda din qonunlarining buzilmasligini nazorat qilib turuvchi shaxs rutbasida boʻlgan vaziri aʼzam Navoiy hazratlari sarvari koinot, faxrul-olamiyn sollallohu alayhi vasallamni tushda koʻrish qanchalar katta baxt-saodat ekanini bilgan, komil goʻzallikni, mukammal axloq tasvirini qalbida muhrlab, tushlarida ayon-ravshan koʻrishni orzu qilgan.
Yuzung guligʻa koʻngul ravzasin yasa gulshan,
Qading niholigʻa jon gulshanin chaman qilgʻil.
“Guldek goʻzal yuzlaringiz tashrifi bilan mening koʻnglim bogʻchasini gulshan qiling, nihol kabi qaddingiz jonim gulshanini chamandek yashnatib yuborsin”.
Takavaringgʻa bagʻir qonidin hino bogʻla,
Itinggʻa gʻamzada jon rishtasin rasan qilgʻil.
“Meʼroj kechasi osmonlarga koʻtarilar ekansiz, takavaringiz – Buroqning – farishta boʻlsa-da, tuyoqlariga mening jigarim qonini ezib, xino qilib bogʻlang, chunki Siz sollallohu alayhi vasallam eng ulugʻ bir sayrga, sayilga chiqdingiz. Sayil – bayram kechasi, odatga koʻra, qoʻllarga, oyoqlarga xino bogʻlanib, bezaniladi”.
Sevimli Paygʻambarimiz alayhissalom hayotlari tarixini diqqat bilan oʻrgangan ulugʻ shoir otdan soʻng it haqida soʻzlash bilan bir voqea tafsilotiga ishora etadi. Sahihi Muslimda kelgan 2104 – hadisda Oisha onamiz (r.a.) shunday rivoyat qiladilar: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom qaysi vaqtda huzurlariga kelishini aytib vaʼda berdi. Ammo oʻsha vaqtda kelmadi. Jabroil alayhissalom kelganlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qoʻllarida bir tayoq bor edi, oʻsha tayoqni tashladilar-da:“Alloh ham, uning elchilari ham vaʼdasiga xilof qilmaydi-ku”, dedilar. Jabroil alayhissalom: “Men oʻsha kuni keldim, ammo Sizning uyingizda it bor edi, biz farishtalar it bor uyga kirmaymiz”, deydilar. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam oʻsha kuni bir “sarir” – chorpoya soʻrilarida yotganlarida, soʻrining tagiga bir kuchukcha kirib qoladi. Shuni koʻrib, uyga farishta kirmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilib qolib, itni chiqarib yuboradilar, shundan soʻng Jabroil alayhissalom Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keladi. Ulugʻ shoir iltijolarida: “Mening gʻam chekaverib zada boʻlib ketgan ipdek jonimni oʻsha kuchukchaning boʻyniga bogʻlab, chiqarib yuboring, shoʻxlik qilmasin”, demoqda.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlarida it bilan bogʻliq boshqa bir voqea boʻlgani haqida ham xabar beriladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ochiq joyda namoz oʻqiyotganlarida oldilaridan bir it oʻtib ketadi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam namozni qayta oʻqimaydilar. Shu munosabat bilan namoz oʻqiyotgan odamning oldidan it oʻtsa, namoz buzilmaydi, qayta oʻqilmaydi, degan hukm qoladi. Navoiy hazratlari shu voqeaga ishora qilib: “Namoz – moʻminning meʼrojidir. Sevimli Paygʻambarimiz alayhissalom Yaratgan Parvardigor bilan soʻzlashib turgan paytlarida mabodo it yaqinlashsa, darhol tutib, uning boʻyniga mening gʻamlar chekaverib ipdek boʻlib qolgan jonimni bogʻlang, toki sevimli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ozor chekmasinlar”, demoqchi boʻlgandir, kabi mulohaza uygʻonadi.
Navoiy hazratlarining:
Ey, nubuvvat xayligʻa xotam bani odam aro,
Gar alar xotam, Sen ul otkim, boʻlur xotam aro …
deb boshlanuvchi naʼtlari maqtaʼsida ham it timsoli bor. Maqtaʼ:
Itlaring maxsusu mahzundur Navoiy, koshki,
Boʻlsa bu mahrum ham ul zumrai mahram aro.
Ulugʻ shoir bir marta boʻlsa ham Ravzai muborakka borishni, sevimli Paygʻambarimiz alayhissalomni uylariga adashib kirib qolgan oʻsha kuchukcha qatorida, bir necha daqiqaga boʻlsa ham atroflarida boʻlishni orzu qilib, bu satrlarni yozgan. Yana bir gʻazalning maqtaʼsida shunday ruhdagi iltijo bor:
Itingdur shohlar, yoʻqtur Navoiy itcha ollingda,
Alar ittin koʻpu bu – it ayogʻi tufrogʻidin kam.
Yaʼni dunyo podshohlari goʻyoki Sening itlaring kabidirlar, chunki Sen dunyoni xor tutgansan, undagi shohlarni aziz tutarmiding?! Navoiy esa nazaringda itcha ham emas. “Dunyo” istagan shohlar itdan ham koʻp, Navoiy esa oʻsha itlar oyogʻining tuprogʻidan ham kam.
Firoq togʻida topilsa tufragʻim, ey charx,
Xamir etib, yana ul togʻda koʻhkan qilgʻil.
“Sizni sogʻinaman, firoqingizni torta-torta tuproqdek sovurilib ketdim. Mabodo, shu tuprogʻimdan bir zarra topilsa, ey Charx, undan bir vujud yasab, oʻsha firoq togʻida meni Farhoddek togʻ qazuvchi qilgin”. Koʻhkan – “Farhod va Shirin” dostonidagi Farhodning laqabi:
Demakim, tesha birla koʻhkan ul,
Ki zarbi dast birla xoroshikan ul”.[2:160]
Yuzung visoligʻa yetsun desang koʻngullarni,
Sochingni boshtin-ayogʻ chin ila shikan qilgʻil.
“Tushlarda aziz yuzingizni koʻrish, Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oson, oddiy bir ish emas. Shunday orzuda boʻlgan ummatlaringizga, yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, bu yoʻlning sochlaringizdek oʻram-oʻram, jingalakdek toʻlqin-toʻlqin ekanini eslating”. “Sahihi Muslim”da 2338-oʻrinda kelgan hadisda shunday deyilgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlari jingalak ham emas, tekis-silliq ham emas edi (yaʼni, sal-sal toʻlqinli boʻlgan). Sunani Abu Dovud”da 4191-oʻrinda kelgan hadisi sharifda aytilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sochlari gohida yelkalarigacha, gohida quloqlarigacha tushib turardi. Sochlarini oʻram qilib olganlari ham vorid boʻlgan: Ummu Honi rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga kelganlarida sochlarida toʻrtta oʻram bor edi”.
Xazon sipohigʻa, ey bogʻbon, emas moniʼ,
Bu bogʻ tomida gar ignadin tikan qilgʻil.
Hazrat dil dardlarini bayon etib boʻlgach, endi dunyodagi doʻstlari – rafiqlariga murojaat etmoqda: kuz kelishi bilan daraxtlardan bostirib tushayotgan xazonni, ey bogʻbon, bogʻing tomida ignalarni tikandek qadab qoʻysang ham toʻxtata olmaysan. Qonuniyatni buza olmaysan. Xuddi shuningdek, mening umrim ham kuz fasliga yetdi, hayotim bogʻi endi gulga emas, xazonga toʻlmoqda. Bu xazonrezlikni kim toʻxtata oladi – hech kim!
Yuzida terni koʻrub oʻlsam, ey rafiq, meni,
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilgʻil.
Navoiy gʻazallarida maqtaʼdan oldingi bayt asarning gʻoyaviy mazmunini anglatib, alohida eʼtiborni talab qiladi. Bu baytda ulugʻ shoir umri nihoyasiga yetayotganini doʻstiga arz etib, “Tushimda sevimli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlaridagi ter tomchisini koʻrib, baxt va sururdan jon taslim etsam, meni gul hidlari ufurib turuvchi terni koʻrgan eng baxtiyor bir kimsa sifatida, gul suvi bilan yuvib, kafanimni ham gul bargidan qiling. Chunki men tushimda boʻlsa ham, sevimli Habibimiz sollallohu alayhi vasallam terlaridan kelgan gul hididan bahramand boʻlib, sharaflanib qoldim”, deya orzu qilmoqda.
Navoiy anjumani ishq shavqi jon aro tuzsang,
Aning boshogʻliq oʻqin shamʼi anjuman qilgʻil.
Maqtaʼ – bu arzi hol, asosiy maqsad ifodasi. Ulugʻ Hazrat: “Shunday goʻzal orzular bilan mening jonim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boʻlgan ishqdan zavqu shavqqa toʻlmoqda. Ey Navoiy, agar shu shavqli holingda oʻzing kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga oshiqlarni yigʻib, bir davra, anjuman tuzsang, shu anjuman tuzilgan xonani yoritish uchun Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning kamonlari oʻqini shamʼ qilgʻil! Hech boʻlmaganda, sevimli Habibulloh sollallohu alayhi vasallamning kamonlari oʻqi ul zoti bobarakot iltifotlariga intizor oshiqlari davrasiga uchib kelib tushsin!”. Muhtaram janobimiz – Hazrati sevimli Paygʻambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning 6 ta kamonlari boʻlganligi haqida rivoyat yetib kelgan. Unga koʻra, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning zavro, ravho, safro, bayzo, katun, sadot nomli “qavs”lari – kamonlari boʻlgan [1:124].
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamni tushda koʻrishning fazilati haqida Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarida Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim meni tushida koʻrsa, albatta (qiyomatda) oʻngida ham koʻradi. Shayton mening koʻrinishimga kirib ololmaydi”, dedilar. Imom Muslim ham shu roviydan hadis keltiradi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning menga eng qattiq muhabbatlisi mendan keyin keladigan, ahlini va molini tikib boʻlsa ham meni koʻrishni istagan insonlardir”, dedilar.
Navoiy hazratlari bir baytlarida:
Majozdin manga maqsud erur haqiqiy ishq,
Nedinki, ahli haqiqatqa bu tariqat erur,
der ekan “hayotim mazmunini, qalbimdan kechgan tuygʻularimni bir majoziy timsol vositasi bilan ifoda etaman, mening devonimda ishq-muhabbat mavzusini koʻrsangiz, bilingki, bu ishq – olamlarni yaratgan Haq taologa boʻlgan muhabbatimdir, bundan oʻzga emas! Chunki men “ahli haqiqat” – maʼrifat talabidagilarga ergashganman, ularning yoʻllari, usullari, amallari va hollari shundaydir” kabi xulosalari bilan oʻz ijodiyotining mohiyatini tushuntirib beradi.
“Qaro koʻzum …” gʻazalini oʻqib, oʻrganib chiqdik. Shunchalik tuygʻun bir muhabbat ifodasini dunyodagi bir oddiy mahbuba shaʼni yoki sharafiga bagʻishlash mumkinmi?! Gʻazal – naʼt, degan muqim bir fikrda toʻxtaldik.
Bu – ilmi noqis bir tadqiqotchining ulugʻ shoirning goʻzal bir gʻazali mazmuni haqidagi fikr-mulohazalari. Bu mulohazalar ulugʻ Hazratni anglash yoʻlida uning olamshumul ijodiyotiga nisbatan paydo boʻlgan cheksiz muhabbat, minnatdorlik, mamnuniyat va iftixordan yuzaga kelgandir.
Haq taolo Mir Alisher Navoiyni aziz qilmaganida va oʻziga doʻst tutmaganida uning nomini asrlar davomida sharaflab, ijodiy merosini barakotli qilib, turli millat va elatlarni undan bahramand etib qoʻymas edi, deb oʻylaymiz.
Sevimli Paygʻambarimiz Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam siyratlari va buyumlari haqidagi hadisi shariflarni Samarqand davlat chet tillar instituti yaqin sharq tillari kafedrasi magistranti Abdulbosit Abdulvohid toʻpladi.
-
Abdulaziz ibn Jamoa. Muxtasarul-kabir fiy siratir Rosul. Ummon: Dorul Bashir. 1993.
-
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Al-jomeʼ as-Sahih. 4 tomlik. – T.: Qomuslar, 1992-1997.
-
Abu Iso Muhammad Termiziy. Sunani Termiziy tarjimasi. 1-j. – T.: Sharq, 2012.
-
Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati. IV tomlik. T.2. – T.: Oʻz FA, 1983.
-
Qozi Iyoz. Shifo bitaʼrifi huquqil Mustafo. – Ummon: Dorul Fayho, 1986.