Milliy oʻzlikni anglash, maʼnaviy merosni qadrlash va maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida mamlakatimiz hududlarida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy tadbirlari izchil ravishda amalga oshirilmoqda.
Payariq tumani madaniyat markazida tashkil etilgan “Tirik tarix” loyihasi ham aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlarga ulkan taassurot ulashishga xizmat qildi. Tadbirda yurtimizning taniqli sanʼatkorlari, mashhur kinoijodkorlar va nufuzli ziyolilar bilan muloqot oʻtkazildi. Jonli tarzda oʻtgan tadbir tarix va bugunni bogʻlovchi maʼnaviy rishta kabi namoyon boʻldi.
“Maʼrifat karvoni” tadbirlari Samarqand viloyatining boshqa tumanlarida ham davom etmoqda. Jumladan, Samarqand tumanidagi Bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Bir maqsad” shiori ostida oʻtkazilgan seminar-treningda mafkuraviy barqarorlik, madaniyat orqali maʼnaviy tarbiya, hamkorlik va hamjihatlik mavzulari muhokama etildi.
Tadbirlarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Sh.Umarov bu kabi maʼrifiy tashabbuslar nafaqat tarixni yodga solish, balki uning ruhini his etish, zamonaviy hayotga tatbiq etish uchun ham muhim maydon boʻlib xizmat qilishini, tarix va madaniyatga oid gʻoyalarni sanʼat, ijod, muloqot va treninglar orqali yetkazish – yoshlar ongida maʼnaviy uygʻonishga, milliy qadriyatlarni qalbdan tuyishga zamin yaratishini taʼkidladi. Taʼkidlanganidek, “Tirik tarix” kabi loyihalardagi ijodiy muloqotlar ham, “Bir maqsad” shiori ostidagi seminar-treninglardagi intellektual muhokamalar ham bitta umumiy maqsad – yosh avlodni maʼrifat yoʻliga yetaklash, ularda masʼuliyat, faxr va fidoyilik tuygʻusini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda turli sohalar vakillarining – tarixchilar, sanʼatkorlar, oʻqituvchilar va jamoat faollarining oʻzaro hamjihatligi asosiy oʻrin tutadi. Maʼnaviy yuksalishga olib boruvchi yoʻl – bu birlashgan holda harakat qilish, har bir tajriba va gʻoyani amaliy natijaga aylantirishdan iborat.
Mazkur maʼrifiy tadbirlar yurtimizda maʼnaviy yuksalish, tarixiy xotirani qayta kashf etish va ijtimoiy birlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam boʻldi.