Yurtimizda maʼrifat, madaniyat va maʼnaviyatni keng targʻib etishga qaratilgan “Maʼrifat karvoni” tadbirlari Samarqand viloyatida davom etmoqda.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi targʻibot tadbirlari doirasida navbatdagi maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda talabalar, Islom sivilizatsiyasi markazi olimlari, soha masʼullari va viloyatdan jalb etilgan loyiha rahbarlari, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti tarixchilari va arxeologlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar, xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi kabi yirik loyihalarning ahamiyati va mazmun-mohiyati keng yoritildi. Qatnashchilarga milliy maʼnaviy merosimizni asrab-avaylash, uning ilmiy jihatdan tadqiq etilishi va yoshlar ongiga singdirilishi boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Sh.Umarov islomda ilm-fanga munosabat, ajdodlarimiz qoldirgan boy ilmiy meros va uning bugungi avlod tarbiyasidagi ahamiyati xususida soʻzladi. Maʼrifatni keng targʻib etishda ilm ahli va yoshlar zimmasiga tushayotgan masʼuliyat haqida ham fikr yuritib, bu yoʻnalishda olib borilayotgan amaliy ishlarga toʻxtaldi.
Seminar davomida talabalar tomonidan berilgan savollarga javoblar berildi va bu kabi tadbirlarning yoshlar dunyoqarashi, fuqarolik ongi va maʼnaviyatini yuksaltirishdagi oʻrni alohida taʼkidlandi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati