Home / FOTO LAVHALAR / Dukchi Eshon kutubxonasi: tarix, taqdir va ilmiy meros

Dukchi Eshon kutubxonasi: tarix, taqdir va ilmiy meros

Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan Qoʻlyozma madaniyatini oʻrganish markazi (CSMC – Centre for the Study of Manuscript Cultures) huzuridagi Yozma artefaktlarni oʻrganish boʻyicha ilgʻor tajriba klasteri tashabbusi bilan “Musulmon jamiyatlarda mustamlaka davridagi aloqalar va qoʻlyozma merosi” mavzusida xalqaro ilmiy seminar boʻlib oʻtdi.

Unda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari doktori, professor Shovosil Ziyodov onlayn ishtirok etib, “1898-yildagi Andijon qoʻzgʻoloni rahnamosi Dukchi Eshon kutubxonasi” mavzusida maʼruza qildi.

Olim Dukchi Eshon xonaqohidagi vaqf kutubxonasining shakllanish tarixi, unda saqlangan asarlar, qoʻlyozmalar va ularning taqdiri haqida soʻz yuritar ekan, u nafaqat diniy-maʼrifiy hayotning markazi, balki Dukchi Eshonning nazariy qarashlarini teranroq anglash uchun muhim manba ekanini alohida taʼkidladi.

– Bu kutubxona Dukchi Eshonning ilmga, maʼrifatga chuqur mehr-muhabbatining ifodasi boʻlib, uning dunyoqarashi, ilmiy merosi va jamiyatdagi taʼsir doirasini oʻrganish uchun bebaho manbadir”, – dedi Sh.Ziyodov.

Maʼruza davomida kutubxonadagi 194 qoʻlyozma, undagi ilmiy, ilohiyotga, falsafa va tasavvufga oid asarlar sharhi, shuningdek, bu nodir manbalarning Rossiyaga olib ketilgani va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutiga qanday qaytib kelgani xronologik tarzda bayon etildi. Taʼkidlanganidek, 1912-yilda mashhur sharqshunos V.Bartold tomonidan tartiblangan, hozirgacha nashr etilmagan 231 qoʻlyozmadan iborat katalog – Dukchi Eshon kutubxonasining boyligini tasdiqlovchi muhim hujjatlardan biridir.

Tadqiqot davomida kutubxonaga tegishli muhrlar bilan belgilangan 54 qoʻlyozma va 17 toshbosma kitob aniqlangani, ularda “vaqf xonaqoh xalifa Dukchi” va “Duksoz Ali Sobiriy” yozuvli muhrlar borligi, ushbu asarlarning vaqf mulki sifatida saqlanishi – kutubxona faoliyatidagi tartib va maqsadli yoʻnalishni namoyon etishiga urgʻu berildi.

Maʼruzachi quyidagi xulosani bayon etdi: “Dukchi Eshon kutubxonasi – nafaqat noyob tarixiy, balki buyuk maʼnaviy meros hamdir. Uning kitoblaridan Eshonning faqat diniy emas, balki dunyoviy ilmlarga ham qiziqqanini koʻramiz. Bu esa uning komillik sari intilib, maʼrifat nurini taratishga urinib yashaganini anglatadi”.

Maʼruza xalqaro ilmiy jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, keyingi izlanishlar uchun muhim yoʻnalish sifatida eʼtirof etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Innovatsion muzey boʻyicha konseptual yechimlar va amaliy qadamlar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish boʻyicha qator tadbirlarni …