Home / FOTO LAVHALAR / “Maʼrifat karvoni” – Jizzaxda

“Maʼrifat karvoni” – Jizzaxda

Jizzax viloyatida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” mavzusidagi “Maʼrifat karvoni” targʻibot tadbirlari doirasida Jizzax shahridagi Axborot kutubxona markazida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi loyihalari mazmun-mohiyatiga oid seminar tashkil etildi.

Unda yigʻilganlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan maʼrifiy islohotlar, boy maʼnaviy merosimizni oʻrganish va targʻib etishga qaratilgan megaloyihalar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Maʼrifat, madaniyat, ilm-fan va maʼnaviyatning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni, yoshlarni maʼnaviy jihatdan yetuk qilib tarbiyalashda ilmning ahamiyati kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Sh.Umarov ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼrifiy merosi, islom dinida ilmga munosabat va uning insoniy kamolotda tutgan oʻrni haqida soʻzladi. Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning ahamiyati va bu boradagi amaliy ishlar haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Loyiha doirasida Jizzax politexnika institutida “Ijtimoiy gʻoyalar” forumi va “Olimlar va yoshlar” uchrashuvi ham tashkil etildi.

Forumda yoshlar oʻz start-up gʻoyalari, maqsadlari va orzu-umidlari bilan oʻrtoqlashdi. Qatnashchi yigit-qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan taniqli olimlarga murojaat qilib, ochiq muloqot vositasida bilim va tajriba orttirish imkoniyatiga ega boʻldi.

Bu tadbirlarda Sh.Umarov yoshlarning bilim olishga intilishi, zamonaviy bilimlarni ajdodlar merosi bilan uygʻunlashtirish zarurligi, ilmiy izlanishlarni maʼnaviy ustunlar bilan mustahkamlash muhimligi haqida ilhombaxsh fikrlar bildirdi.

Tadbirlar yakunida maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirish, bu yoʻnalishdagi faollikni oshirish yuzasidan tegishli taklif va mulohazalar oʻrtaga tashlandi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Innovatsion muzey boʻyicha konseptual yechimlar va amaliy qadamlar

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi Imom Buxoriy innovatsion muzeyi ekspozitsiyasini takomillashtirish boʻyicha qator tadbirlarni …